O‘zbekistonning nufuzli “Yashil iqtisodiyot va taraqqiyot” ilmiy-elektron jurnalining 2026 yil mart oyidagi 3-sonida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Avazbek Xalbekovning “Hududni barqaror rivojlantirishda iqtisodiy salohiyatning o‘rni” mavzusidagi ilmiy maqolasi chop etildi.
Maqolada hududlarni barqaror rivojlantirishda eng aossiy omil bu iqtisodiy salohiyat hisoblanishi, shuningdek, iqtisodiy salohiyat hajmi muammosi va uning uslubiy jihatdan yondashilgan talqini ham ilmiy tadqiqotlar uchun, ham amaliy tahlil o‘tkazish vositalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan. Hududni iqtisodiy salohiyatining hajmi hududlar va umuman davlatning raqobatbardoshligini, investitsion jozibadorligini, milliy iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlari imkoniyatlarini hamda korxonalarning kapitallashuv darajasini baholash imkonini beruvchi ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qilayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Maqolada iqtisodiy salohiyat tushunchasiga turli ilmiy yondashuvlar keltirilib, uning murakkab va ko‘p qirrali mazmunga egaligi asoslab berilgan. Jumladan, ayrim olimlar iqtisodiy salohiyatni resurslar majmuasi sifatida baholasa, boshqalar uni resurslardan samarali foydalanish qobiliyati bilan bog‘laydilar. Shu jihatdan, muallif iqtisodiy salohiyatni faqat resurslar yig‘indisi emas, balki ulardan foydalanish samaradorligi va boshqaruv darajasi bilan ham uzviy bog‘liq tizim sifatida talqin qiladi.
Maqolaning muhim jihatlaridan biri — hudud iqtisodiy salohiyatining tarkibiy elementlarini aniqlash va tizimlashtirishga qaratilgan yondashuvdir. Unga ko‘ra, iqtisodiy salohiyat quyidagi asosiy komponentlardan tashkil topadi: tabiiy resurslar, ishlab chiqarish imkoniyatlari, mehnat resurslari, infratuzilma, innovatsion salohiyat, institutsional muhit va moliyaviy resurslar. Ushbu elementlar o‘zaro bog‘liq holda hududning barqaror rivojlanish darajasini belgilaydi.
Muallif YAHM kabi an’anaviy ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmasdan, kompleks yondashuvni qo‘llash zarurligini ta’kidlaydi. Bunda aholi jon boshiga daromad, mehnat unumdorligi, investitsion faollik, innovatsion rivojlanish darajasi kabi ko‘rsatkichlarni ham hisobga olish lozimligi qayd etilgan. Bu esa hudud iqtisodiy salohiyatini aniq va xolis baholash imkonini beradi.
Maqolada yana bir muhim masala — hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlarni kamaytirish zaruratidir. Zamonaviy sharoitda ayrim hududlar yuqori iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lsa, boshqalarida resurslar va imkoniyatlar cheklangan. Bu esa mamlakatning umumiy barqaror rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli, hududlarni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda ularning iqtisodiy salohiyatini to‘g‘ri baholash va samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Muallif hududlarni barqaror rivojlantirishda sanoatning texnologik bazasini modernizatsiya qilish, innovatsiyalarni joriy etish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish kabi yo‘nalishlarni ustuvor deb hisoblaydi. Bu chora-tadbirlar iqtisodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish va uni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Maqolada iqtisodiy salohiyat hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlovchi asosiy omil sifatida ko‘rib chiqilgan. Uning mazmunini to‘liq anglash va baholash uchun tizimli, kompleks yondashuvni qo‘llash zarur. Iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanish esa nafaqat hududlarning, balki butun mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.