Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Radikallashuvning global tahdidi: inson farovonligi va barqaror rivojlanishga ta’siri

26-03-2026 1041

2026 yil 25 mart kuni xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi nufuzli “Journal of Interdisciplinary Human Studies” jurnali sahifalarida global ahamiyatga ega yana bir muhim ilmiy tadqiqot e’lon qilindi. Unda E.Saminovning “Radikallashuvning global tahdidi: inson farovonligi va barqaror rivojlanishga ta’siri” nomli maqolasi xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tiboriga havola etildi.                        

Mazkur tadqiqotda ko‘tarilgan masalalar bugungi kun voqeliklari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning dolzarbligi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Darhaqiqat, XXI asr taraqqiyot, texnologiya va beqiyos imkoniyatlar asri sifatida e’tirof etilsa-da, uning soyasida tobora kuchayib borayotgan xavfli jarayon — radikallashuv insoniyat taqdiriga jiddiy tahdid solmoqda. Muallif ta’kidlaganidek, bugun radikallashuv alohida hudud yoki jamiyat doirasi bilan cheklanib qolmay, global miqyosda namoyon bo‘layotgan muammoga aylandi.                        

Eng muhimi, ushbu jarayon barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga to‘g‘ridan to‘g‘ri va jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Chunki radikallashuv kuchaygan sharoitda tinchlik va xavfsizlik izdan chiqadi, ijtimoiy adolat ta’minlanmaydi va institutlar samaradorligi pasayadi. Natijada esa inson farovonligiga qaratilgan islohotlar susayadi, iqtisodiy o‘sish sekinlashadi va ta’lim hamda ijtimoiy taraqqiyot sohalaridagi yutuqlar xavf ostida qoladi.                        

Shu bois radikallashuv nafaqat xavfsizlikka tahdid, balki barqaror rivojlanish yo‘lidagi eng jiddiy to‘siqlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.                        

Tashvishli jihati shundaki, mazkur jarayon faqat xavfsizlik masalasi bilan cheklanib qolmaydi, balki inson taqdiri, jamiyat barqarorligi va kelajak taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liqdir. Ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy tengsizlik, iqtisodiy imkoniyatlarning cheklanganligi hamda siyosiy chetlatilganlik radikallashuv uchun o‘ziga xos “qulay muhit”ni shakllantiradi. Ana shunday sharoitda esa ekstremistik g‘oyalar ildiz otib, jamiyat ongiga sekin-asta singib boradi va bu holat global barqarorlikka jiddiy putur yetkazishi mumkin.                        

Barqaror rivojlanish maqsadlari — insoniyatning umumiy yo‘li, uning kelajak strategiyasi sifatida qabul qilingan. Biroq radikallashuv ana shu yo‘ldagi eng katta to‘siqlardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, tinchlik, adolat va samarali boshqaruv institutlarni ta’minlashga qaratilgan BRMning 16-maqsadi bu jarayonda eng ko‘p salbiy ta’sirga uchramoqda.                            

Radikallashuvning yana bir og‘riqli ta’siri iqtisodiy sohada namoyon bo‘ladi. Qurolli mojarolar, siyosiy beqarorlik va xavfsizlik muammolari    investitsiyalarni jalb etishga to‘sqinlik qiladi, taraqqiyot sur’atlarini sekinlashtiradi. Bu esa munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishga qaratilgan BRM 8-maqsadini amalga oshirishni qiyinlashtiradi. Shu bilan birga, ta’lim tizimidagi kamchiliklar — sifatli bilimning yetishmasligi — yoshlarni radikal g‘oyalar ta’siriga tushish xavfini yanada oshiradi. Birgina misol, BMT va UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab millionlab bolalar qurolli mojarolar va inqirozlar sabab ta’lim olish imkoniyatidan mahrum. Xususan, 2025 yil holatiga ko‘ra, kamida 85 million bola maktabga bora olmayotgani global ta’lim inqirozining naqadar chuqurlashganini ko‘rsatadi. Bu esa nafaqat    bolalarning kelajagi, balki barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida ham jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.                        

Muallif keltirgan raqamlar esa vaziyatning naqadar jiddiy ekanini yaqqol ko‘rsatadi: bugun dunyoda majburiy ko‘chirilganlar soni 120 milliondan oshgan. Bu — faqat statistika emas, balki ortida inson taqdirlari, vayron bo‘lgan hayotlar, yo‘qotilgan orzular turgan achchiq haqiqatdir. Suriya, Afg‘oniston, Yaman kabi mamlakatlarda uzoq yillar davom etayotgan mojarolar nafaqat insonparvarlik inqirozini, balki barqaror rivojlanish orzularining orqaga surilishini anglatadi.                        

Shunday sharoitda savol tug‘iladi: radikallashuvga qarshi qanday kurashish mumkin? Muallif javobni aniq qo‘yadi — bu kurash faqat kuch ishlatish bilan cheklanmasligi kerak. Aksincha, u keng qamrovli, kompleks yondashuvni talab qiladi. Ta’lim va ma’rifatni kuchaytirish, ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, yoshlarga imkoniyatlar yaratish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash — ana shu yo‘l barqaror yechimga olib boradi. Bu esa o‘z navbatida barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘undir.                        

Xulosa qilib aytganda,    radikallashuv — bugungi dunyo taraqqiyotining ko‘rinmas, ammo eng xavfli to‘siqlaridan biri. Unga qarshi kurashish faqat xavfsizlik emas, balki adolat, ta’lim va taraqqiyot masalasidir. Insoniyat barqaror kelajakka intilar ekan, bu tahdidga qarshi birgalikda, aql va ma’rifat bilan javob berishi shart.                    

Barqaror rivojlanish markazi matbuot xizmati