XXI asr neft yoki gaz emas, balki suv asriga aylanmoqda. Bugun dunyo aholisi sonining ortishi, global iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilikning kuchayishi, muzliklarning jadal erishi va chuchuk suv zaxiralarining qisqarishi suv xavfsizligini xalqaro kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylantirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda milliardlab insonlar xavfsiz ichimlik suvidan to‘liq foydalana olmayapti, suvga bo‘lgan talab esa yil sayin oshib bormoqda. Shu bois bugun rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar suvni ko‘p sarflash emas, balki uni oqilona boshqarish va har bir tomchisini tejash bo‘yicha o‘zaro raqobat qilmoqda.
Bu jarayonlar Markaziy Osiyo uchun yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mintaqadagi asosiy suv manbalari bo‘lgan tog‘ muzliklarining qisqarishi, transchegaraviy daryolar suvining o‘zgaruvchanligi va iqlim inqirozi mamlakatlardan mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda.
O‘zbekiston ham aynan shu chaqiriqlarni o‘z vaqtida anglab, suv xavfsizligini davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Mamlakatimiz yarim quruq iqlim mintaqasida joylashgani, suv resurslarining qariyb 80 foizi esa mamlakat tashqarisida shakllanishi sohani tubdan isloh qilishni strategik vazifaga aylantirdi. Keyingi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar esa nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro maydonda ham yuksak baholanmoqda.
Dunyoda suv xavfsizligi masalasi tobora dolzarb tus olayotgan bir paytda, Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida o‘tkazilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Yuqori darajadagi siyosiy forumda O‘zbekiston uchun quvonarli yangilik e’lon qilindi. Mamlakatimizning suvni tejash va suv resurslarini samarali boshqarish borasidagi islohotlari BMT tomonidan yuqori baholandi.
BMTning UN-Water tashkiloti mamlakatimizni Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-maqsadi – "Toza suv va sanitariya" bo‘yicha, xususan, 6.4-vazifa — suvdan foydalanish samaradorligini oshirish yo‘nalishida dunyoda eng yuqori natijaga erishgan uch davlatdan biri sifatida e’tirof etdi.
Yana bir muhim jihati shundaki, O‘zbekistonning suv resurslarini boshqarish bo‘yicha amaliy tajribasi xalqaro ekspertlar tomonidan "Country Acceleration Case Study" — boshqa davlatlar uchun namunaviy tajriba sifatida tanlandi.
Bu mamlakatimizda suv sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasi xalqaro darajada tan olinganining yorqin isbotidir.
Suv resurslarini tejash O‘zbekiston uchun tanlov emas, balki zaruratdir.
Bugun mamlakatdagi mavjud suv resurslarining qariyb 90–91 foizi qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun sarflanadi. Biroq o‘nlab yillar davomida betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlari sabab har yili o‘rtacha 14 milliard kub metr suv yerga shimilib, yo‘qotilgan. Bu umumiy suv sarfining qariyb 36 foizini tashkil etadi.
Iqlim o‘zgarishi bu xavfni yanada kuchaytirmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatning umumiy suv zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan 6,5 milliard kub metrga kamaydi. Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, mavjud tendensiyalar saqlanib qolsa, suv tanqisligi 2030-yilga borib 7 milliard kub metrga, 2050-yilga kelib esa 15 milliard kub metrga yetishi mumkin.
Shu bois mamlakatda suvni tejash, uning hisobini yuritish va har bir tomchisidan samarali foydalanish davlat siyosatidagi ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
So‘nggi yillarda qabul qilingan "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi, shuningdek Prezidentning farmon va qarorlari suv xo‘jaligini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
2020–2030-yillarga mo‘ljallangan Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi asosida irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va "Smart Water" tizimini amaliyotga tatbiq etish boshlandi.
Eng muhimi, islohotlar qog‘ozda emas, amalda o‘z samarasini bermoqda.
Faqat 2025-yilning o‘zida respublika bo‘yicha 817,2 ming gektar maydonda tomchilatib, yomg‘irlatib va boshqa suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. Buning natijasida bir yilning o‘zida 2,3 milliard kub metr suv tejaldi.
Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) ma’lumotlariga ko‘ra, bugun mamlakatdagi 4,3 million gektar sug‘oriladigan yerlarning qariyb 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Bu esa har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suvni iqtisod qilish imkonini bermoqda.
2028-yilga borib mazkur ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Suvni tejashning yana bir muhim yo‘nalishi irrigatsiya infratuzilmasini yangilash hisoblanadi.
2025-yilda 1000 kilometr, 2026-yilda esa yana 1300 kilometr asosiy kanallarni betonlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar suvning yerga shimilib ketishini keskin kamaytirib, yiliga qo‘shimcha 500 million kub metr suvni saqlab qolish imkonini beradi.
Shu bilan birga, suv inshootlarida raqamli onlayn o‘lchov qurilmalari o‘rnatilmoqda, nasos stansiyalari modernizatsiya qilinmoqda.
Bu nafaqat suv, balki energiya tejamkorligini ham ta’minlamoqda. Agar 2017-yilda sohada 8,3 milliard kVt·soat elektr energiyasi sarflangan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 6,4 milliard kVt·soatgacha qisqardi.
Suv sohasidagi islohotlar faqat infratuzilma bilan cheklanib qolmayapti.
Fermer va agroklasterlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida suvkredit.uz elektron platformasi ishga tushirildi. U orqali suv tejovchi texnologiyalarni joriy etayotgan loyihalar ikki yillik imtiyozli davr bilan, garovsiz va imtiyozli foiz stavkalari asosida moliyalashtirilmoqda.
2025-yilning birinchi yarmida mazkur maqsadlar uchun davlat byudjetidan 73 milliard so‘m subsidiya ajratildi.
Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan "Suvchilar maktabi" orqali 2030-yilga qadar 45 mingdan ziyod fermer va suv xo‘jaligi mutaxassislarining malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Bu suvni tejash madaniyatini shakllantirishda muhim qadam bo‘lmoqda. Suv sohasidagi o‘zgarishlar aholining turmush sifatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan uy xo‘jaliklari ulushi 2020-yildagi 67,4 foizdan 2025-yilda 79,4 foizga yetdi.
Ayniqsa, avval suv ta’minoti murakkab bo‘lgan hududlarda katta o‘sish kuzatildi.
Qashqadaryo viloyatida mazkur ko‘rsatkich 34,8 foizdan 61,8 foizga, Xorazm viloyatida esa 40,6 foizdan 72,4 foizgacha oshdi.
Bu raqamlar chekka hududlarda amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari o‘z natijasini berayotganini ko‘rsatadi.
BMTning O‘zbekiston tajribasini butun dunyo uchun namuna sifatida tan olishi tasodifiy emas. Bu mamlakatimizda keyingi yillarda suv resurslarini boshqarish sohasida amalga oshirilgan izchil va uzoqni ko‘zlagan siyosatning xalqaro e’tirofidir.
Bugun suv shunchaki tabiiy boylik emas. U iqtisodiy taraqqiyot, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik barqarorlik va mintaqaviy hamkorlikning hal qiluvchi omiliga aylandi.
O‘zbekiston esa suvni tejash, raqamli boshqaruvni joriy etish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va inson kapitalini rivojlantirishga asoslangan o‘z modeli bilan nafaqat milliy manfaatlarni himoya qilmoqda, balki iqlim o‘zgarishi kuchayib borayotgan bugungi sharoitda Markaziy Osiyo uchun ham barqaror taraqqiyotning yangi yo‘lini namoyon etmoqda.
Suvni asrash — bugungi kunning vazifasi emas, kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatdir. BMTning yuksak bahosi esa O‘zbekiston bu mas’uliyatni amaliy ishlar bilan bajarayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Shaxzoda Rahimova,
“Barqaror rivojlanish markazi” eksperti