2026 yilning 23 mart kuni arab olamida yuz mingdan ortiq auditoriyaga ega bo‘lgan Iroqning SOTALIRAQ (صوت العراق) (Iroq ovozi) — arab tilida faoliyat yurituvchi onlayn axborot va tahliliy media platformasida E.Saminovning “Barqaror rivojlanish — insoniyat taraqqiyotining strategik yo‘li: global tendensiyalar va O‘zbekiston tajribasi”nomli maqolasi e’lon qilindi.
Mazkur maqolada Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida global tendensiyalar, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda O‘zbekiston tajribasi, O‘zbekistonning global rivojlanish indeksidagi natijalari chuqur tahlil qilish bilan birga, ularning yechimi sifatida barqaror rivojlanish konsepsiyasining ahamiyati ochib beriladi. Xususan, muallif XXI asr insoniyat taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidlaydi. Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot va ilmiy yutuqlar misli ko‘rilmagan darajada rivojlanmoqda. Biroq shu bilan birga, ekologik inqirozlar, ijtimoiy tengsizlik va geosiyosiy ziddiyatlar insoniyat kelajagiga jiddiy tahdid solmoqda. Ana shu qarama-qarshiliklar global taraqqiyotning murakkab va ziddiyatli tabiatini namoyon etadi.
2015 yilda BMT tomonidan qabul qilingan 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibi aynan shu muammolarga yechim topishga qaratilgan global dastur sifatida maydonga chiqdi. Unda qashshoqlikni bartaraf etish, sifatli ta’limni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va tinchlikparvar jamiyat qurish kabi 17 ta ustuvor maqsad belgilab berilgan. Biroq 2025 yil tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur maqsadlarga erishish jarayoni kutilganidan ancha sekin kechmoqda. Bugungi kunda ko‘rsatkichlarning faqat kichik qismi belgilangan rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda, ayrim yo‘nalishlarda esa hatto ortga chekinish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa barqaror rivojlanish masalasi alohida davlat emas, balki butun insoniyat taqdiri bilan bog‘liq ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Global jarayonlarga nazar tashlasak, barqaror taraqqiyotga eng katta to‘siq bo‘layotgan omillar — geosiyosiy mojarolar, ekologik muammolar, resurslar tanqisligi va ijtimoiy tengsizlikdir. Dunyodagi o‘ta qashshoq aholining katta qismi aynan mojaroli hududlarda yashaydi, harbiy xarajatlarning ortishi esa taraqqiyot uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan resurslarni qisqartirmoqda. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi, o‘rmonlarning qisqarishi va bioxilma-xillikning yo‘qolishi insoniyat oldida yangi mas’uliyatni yuklaydi. Bu holat shundan dalolat beradiki, inson ehtiyojlari cheksiz, ammo tabiat resurslari cheklangan.
Shu nuqtayi nazardan, barqaror rivojlanish tushunchasi bugungi kunda faqat iqtisodiy strategiya emas, balki yangi sivilizatsion paradigma sifatida namoyon bo‘lmoqda. U inson qadrini e’zozlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va tabiat bilan uyg‘unlikda yashash g‘oyalarini o‘zida mujassam etadi.
Maqolada O‘zbekiston tajribasi alohida e’tiborga loyiq misol sifatida keltiriladi. Mamlakat barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy siyosatga izchil integratsiya qilgan holda, institutsional va amaliy islohotlarni amalga oshirmoqda. Bu jarayonlarda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, milliy darajada 16 ta maqsad va 126 ta vazifa belgilangan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi qabul qilingan va barqaror rivojlanish tamoyillari Konstitutsiya hamda qonunchilikka joriy etilgan. Davlat budjeti xarajatlarining katta qismi aynan shu maqsadlarga yo‘naltirilayotgani esa siyosiy irodaning aniq ifodasidir.
Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ochiqlik, inson qadrini ulug‘lash va “davlat — inson uchun” tamoyili barqaror rivojlanish g‘oyalari bilan uyg‘un holda amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ekologik muammolarni hal etish, jumladan Orolbo‘yi hududini tiklash, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
2025 yilda BMTning “Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i” xalqaro tashkiloti tomonidan e’lon qilingan xisobotga ko‘ra O‘zbekiston 167 ta davlat orasida 73,1 ball bilan, 19 pog‘onaga ko‘tarilib, 62-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston 2015 yildan buyon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqalarida Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha eng tez sur’atlarda taraqqiyotga erishgan davlat sifatida e’tirof etildi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizda barqaror rivojlanish sohasidagi islohotlar samaradorligini va jamiyatning faol ishtirokini namoyon etmoqda.
Shuningdek, amaliy natijalar ham diqqatga sazovor: kambag‘allik darajasining kamayishi, ta’lim va raqamli infratuzilmaning kengayishi, qayta tiklanuvchi energiya ulushining ortishi va xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarning egallanishi mamlakatda barqaror rivojlanish siyosati samarali amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Bu esa O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot modeli sifatida namoyon etmoqda.
Mazkur maqolaning arab tilida faoliyat yurituvchi va keng auditoriyaga ega bo‘lgan Iroqning SOTALIRAQ (صوت العراق) axborot-tahliliy platformasida e’lon qilinishi alohida strategik ahamiyatga ega. Avvalo, bu orqali maqola arab intellektual muhitiga kirib boradi va Markaziy Osiyodagi islohotlar haqida xolis va tahliliy ma’lumot taqdim etadi. Ikkinchidan, O‘zbekistonning xalqaro imiji, ayniqsa, barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlari arab dunyosida keng targ‘ib etiladi.
Shuningdek, tahliliy maqola Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasida intellektual va axborot aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Barqarorlik, iqtisodiy islohotlar va ekologik tashabbuslar kabi mavzular arab dunyosi uchun ham dolzarb bo‘lgani bois, O‘zbekiston tajribasi ular uchun amaliy qiziqish uyg‘otadi.
Xulosa qilib aytganda, barqaror rivojlanish bugungi kunda faqat xalqaro dastur emas, balki insoniyatning yashab qolish strategiyasiga aylanib bormoqda. Agar iqtisodiy taraqqiyot ijtimoiy adolat va ekologik muvozanat bilan uyg‘unlashmasa, global inqirozlar yanada chuqurlashishi mumkin. Shu ma’noda, taraqqiyotning yangi modeli — inson qadri, adolat va tabiatni asrash tamoyillariga asoslangan modelni shakllantirish XXI asrning eng muhim vazifasi hisoblanadi.
Barqaror rivojlanish markazi matbuot xizmati