Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Sun'iy intellektning energiya va suv resurslariga bo'lgan ehtiyoji

04-11-2026 24

    Sun'iy intellekt ko'pincha nomoddiy raqamli muhit sifatida tasavvur qilinsada, uning ortida qudratli jismoniy infratuzilma — serverlar, sovitish qurilmalari va tinimsiz ishlaydigan elektr ta'minoti yotadi. Har bir so'rov, ma'lumotlar almashinuvi yoki videogeneratsiya jarayoni sezilarli miqdorda energiya talab qiladi. Bu esa yaqin kelajakda resurs xavfsizligi va ekologik muammolarning vujudga kelishiga sabab bo'ladi.

    Xalqaro energetika agentligining 2026-yil 16-apreldagi hisobotiga ko'ra, 2025-yilda global ma'lumotlar markazlarining elektr iste'moli 17 foizga, faqat sun'iy intellektga ihtisoslashgan markazlarniki esa 50 foizga oshgan. Mutaxassislarning fikricha, bu markazlarning umumiy elektr iste'moli 2025-yildagi taxminan 485 TVt·soatdan 2030-yilda 950 TVt·soatga ko'tarilib, global darajada elektrga bo'lgan talabning qarib 3 foizini tashkil etadi. Tabiiyki, energiya sarfi quvvat va vaqt ko'paytmasiga teng. Masalan, quvvati 10 MVt bo'lgan uskunalar 24 soat ishlasa, 240 MVt·soat energiya sarflaydi. Garchi SI modellari takomillashib borayotgan bo'lsada, so'rovnomalarning miqdori va murakkabligi ortib borayotgani umumiy energiya talabini yanada kattalashtirmoqda.

    Biroq muammo faqat elektr energiyasi bilan cheklanib qolmaydi. BMT Universitetining Suv, atrof-muhit va salomatlik instituti (UNU-INWEH) tomonidan 2026-yil 3-iyunda e'lon qilingan hisobotda keltirilishicha, 2030-yilga borib global ma'lumotlar markazlarining yillik suv hajmi 9,3 trillion litrga — ya'ni Sahroi Kabirdan janubiy Afrikadagi 1,3 milliard aholining yillik maishiy suv iste'moliga teng miqdorga etishi mumkin. Shuni ham hisobga olish kerakki, bitta so'rovnomaga to'g'ri keladigan suv miqdori qat'iy standartga emas, balki joylashgan hudud, sovitish usuli va hisoblash texnologiyasiga bog'liq. Qolaversa, uglerod chiqindilarini kamaytiruvchi ayrim yechimlar suv yoki yer sarfini kamaytirmasligi ham mumkin.

    Milliy miqyosda bu jarayonlar alohida yondashuvni talab etadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi PQ-358-son qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilgacha sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasi energetikada resursni boshqarish va iste'molni oldindan hisoblashda muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilmoqda. Jumladan, 2026-yil 22-sentyabrda Raqamli texnologiyalar vazirligi O'zbektelekom tomonidan Buxoro va Qo'qonda SI hamda katta ma'lumotlarni qayta ishlashga mo'ljallangan ikkita yangi markaz ishga tushirilganini xabar qildi. Kuz oylarida esa Zangiota tumanida beshinchi markazni ochish rejalashtirilgan. Rasmiy xabarlarda mazkur obyektlarning yillik suv va elektr sarfi to'liq ochiqlanmagani sababli, milliy hisob-kitoblarda tasdiqlanmagan raqamlarga tayanmaslik maqsadga muvofiqdir.

    Jahon banki tadqiqotlarida suv tanqisligi va issiqlik xavflari jiddiy omil sifatida qayd etilgan. Shu bois, ma'lumotlar markazlarini joylashtirishda faqatgina qurilish xarajatlariga emas, balki mahalliy suv va energetika sharoitlariga ham katta e'tibor qaratilish shart.

    Quvonarli jihati, 2026-yilda UN-Water O'zbekistonni barqaror rivojlanishning oltinchi maqsadi – barcha uchun suv resurslari va sanitariyaning mavjudligi hamda ulardan oqilona foydalanishni ta'minlash yo'nalishida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali jadal taraqqiyotga erishgan uchta davlat qatoriga kiritdi. Yangi raqamli obyektlar mazkur suvni tejash siyosatini to'liq qo'llab-quvvatlashi zarur. Barqaror infratuzilma qurish uchun esa maydonlarni baholashda resurs mavjudligini hisobga olish, yillik energiya va suv sarfi ko'rsatkichlarini oshkor qilish, muhitga mos sovitish tizimlarini tanlash, shuningdek, quyosh va shamol generatsiyasini kengaytirish amaliy ahamiyat kasb etadi.

    Xulosa qilib aytganda, sun'iy intellekt insoniyatga ulkan imkoniyatlar ochib berayotgan bo'lsa-da, uning jismoniy infratuzilmasi katta hajmdagi energiya va suv resurslarini talab qiladi. Raqamli taraqqiyotni barqaror davom ettirish uchun faqat uglerod ko'rsatkichlari bilan cheklanib qolmay, energetika va suv balansini birgalikda hisobga olish, shaffof ekologik hisobotlarni yo'lga qo'yish hamda iqlim o'zgarishiga moslashish choralarini qat'iy ko'rish lozim.

    Sharifova Madinabonu,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi