Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Sog‘liqni saqlash tizimi: yutuqlar, mavjud muammo va yechimlar

08-07-2026 116

    So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi hamda BMTning Hamkorlik dasturida har bir fuqaroni sifatli va barqaror tibbiy xizmatlar bilan ta’minlaydigan zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimini shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu vazifalar Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi insonlarning farovonligiga ko‘maklashish” maqsadi bilan uzviy bog‘liqdir. Shu bilan birga, ular kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim sifatini oshirish, gender tengligini ta’minlash va davlat institutlari samaradorligini takomillashtirish kabi boshqa muhim vazifalarning amalga oshishiga ham xizmat qiladi.

    Shu nuqtayi nazardan, sog‘liqni saqlash nafaqat ijtimoiy sohaning tarkibiy qismi, balki mamlakatning barqaror rivojlanishi va inson kapitali o‘sishining muhim omili sifatida qaralmoqda. Biroq, belgilangan maqsadlarga erishish faqat infratuzilmani zamonaviy talablarga moslashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etish bilan cheklanmaydi. Buning uchun yillar davomida shakllangan tizimli muammolarni bartaraf etish va institutsional islohotlarni yanada chuqurlashtirish talab etiladi.    

    Bir qarashda, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar natijalari ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2000-yildagi 67,2 dan 2024-yilda 75 yoshdan ziyodga oshdi. Ona o‘limi ko‘rsatkichi har 100 ming tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 42,4dan 26,5 nafargacha tushdi. Chaqaloqlar o‘limi esa so‘nggi yigirma yil ichida ikki baravardan ko‘proqqa qisqardi. Bolalarning asosiy emlash bilan qamrovi 95 foizdan yuqori darajaga yetdi. Shu bilan birga, yuqori texnologiyali tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda, raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda va tibbiyot muassasalari infratuzilmasi yangilanmoqda.

    Bu ko‘rsatkichlar davlatning sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qat’iy siyosiy irodasini namoyon etadi hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun mustahkam asos yaratadi. Biroq ayrim ko‘rsatkichlardagi ijobiy o‘zgarishlar sohadagi barcha tizimli muammolar hal etilganini anglatmaydi. Afsuski, ularning aksariyati saqlanib qolmoqda va yanada keng qamrovli institutsional o‘zgarishlarni talab etmoqda.    

    O‘zbekiston ko‘plab o‘rta daromadli mamlakatlar qatorida epidemiologik o‘tish bosqichiga kirib bormoqda. Bu jarayonda yuqumli kasalliklar o‘rnini yurak-qon tomir xastaliklari, qandli diabet, onkologik va boshqa surunkali kasalliklar egallamoqda. Natijada aholi salomatligiga ta’sir etuvchi asosiy xavf omillari ham o‘zgarmoqda.

    Shu nuqtada strategik maqsadlar bilan amaldagi sog‘liqni saqlash modeli o‘rtasida muayyan tafovut namoyon bo‘ladi. Ko‘plab islohotlarga qaramay, tizim hali ham kasalliklarning oldini olishdan ko‘ra ularning oqibatlarini davolashga ko‘proq yo‘naltirilgan. Vaholanki, xalqaro tajriba va ilmiy tadqiqotlar profilaktika, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va kasalliklarni erta aniqlashga yo‘naltirilgan investitsiyalar aholi salomatligini yaxshilashda eng yuqori samara berishini ko‘rsatadi.    

    Mazkur omilni hisobga olgan holda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini faoliyati uchun yangi modelni taklif qildi. Bu modelda asosiy e’tibor davolashdan profilaktikaga ko‘chiriladi. Ya’ni poliklinikalar faoliyati ko‘rsatilgan xizmatlar soni bilan emas, balki kasalliklarning oldini olish va ularni erta bosqichda aniqlash qobiliyati bilan baholanadi. Bu yondashuv Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda aholi umrini uzaytirish va tibbiy xarajatlarni kamaytirishda katta muvaffaqiyatlarga erishgan mamlakatlar amaliyotiga mos keladi. Biroq uni amalga oshirish nafaqat tashkiliy o‘zgarishlarni, balki butun sog‘liqni saqlash boshqaruv tizimini, kadrlar tayyorlashni, profilaktika dasturlarini moliyalashtirishni va jamoat salomatligi mexanizmlarini rivojlantirishni ham talab qiladi.

    Birlamchi tibbiy-sanitar yordamni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki aynan ushbu bo‘g‘in zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimining poydevori hisoblanadi. Biroq xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, birlamchi bo‘g‘in samaradorligi    binolar yoki jihozlar bilan emas, balki inson kapitali, ya’ni tibbiyot xodimlarining bilim va malakasi bilan belgilanadi.    

    Masalan, Estoniya va Polshada oilaviy tibbiyot tizimini isloh qilish jarayoni umumiy amaliyot shifokorlarining mehnat haqini oshirish, ularning kasbiy mustaqilligini kengaytirish hamda uzluksiz tibbiy ta’lim tizimini joriy etish bilan bir vaqtda amalga oshirilgan. Turkiyada esa sog‘liqni saqlashni transformatsiya qilish dasturining muvaffaqiyati ko‘p jihatdan oilaviy shifokorlarni profilaktika tadbirlari va aholi salomatligi ko‘rsatkichlari asosida rag‘batlantirish tizimi yaratilgani bilan izohlanadi.    

    O‘zbekistonda birlamchi bo‘g‘in infratuzilmasi sezilarli darajada yangilangan bo‘lsa-da, tibbiyot xodimlarining ish haqi, kasbiy o‘sish imkoniyatlari va yuqori mehnat yuki bilan bog‘liq muammolar hali ham dolzarbligicha qolmoqda.    Bu esa malakali kadrlarni saqlab qolish va yangi mutaxassislarni jalb etishni qiyinlashtiradi.    

    Sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish masalasi ham muhim ahamiyatga ega. Elektron tibbiy kartalar, teletibbiyot va ma’lumotlarni boshqarish tizimlari samaradorlikni oshirish vositalari sifatida qaralmoqda.    Ammo, jahon tajribasi raqamlashtirishning o‘zi islohot emasligini ko‘rsatadi. Ayrim mamlakatlarda qimmat raqamli loyihalar faqat byurokratik jarayonlarni murakkablashtirib, tibbiyot xodimlari yuklamasini oshirgan. O‘zbekiston uchun asosiy xavf shundaki, raqamlashtirish o‘z-o‘zidan maqsadli ko‘rsatgichga aylanib qolishi mumkin. Agar axborot tizimlarini joriy qilish boshqaruv jarayonlari va qaror qabul qilish mexanizmlarini takomillashtirish bilan birga olib borilmasa, kutilgan natijalarga erishish qiyin bo‘ladi. Shu sababli ustuvor masala joriy qilingan platformalar soni emas, balki sog‘liqni saqlash siyosati uchun ma’lumotlardan qay darajada samarali foydalanilayotganligida bo‘lishi lozim.

    Masalan, Estoniya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish yagona milliy tibbiy ma’lumotlar boshqaruv tizimi yaratilgandagina samara beradi. Bu yerda raqamli yechimlar nafaqat bemorlar haqidagi ma’lumotlarni saqlash, balki tibbiyot muassasalari samaradorligini baholash, aholi ehtiyojlarini prognoz qilish va resurslarni taqsimlash uchun ham qo‘llaniladi. O‘zbekistonda esa raqamlashtirish hozircha    texnologik modernizatsiya sifatida ko‘rilmoqda. Uning strategik boshqaruv vositasi sifatidagi salohiyati esa hali to‘liq ishga solinmagan.

    Turkiya tajribasi ham e’tiborga molik. Health Transformation Program doirasida birlamchi tibbiy yordamni takomillashtirish va xizmatlar sifatini baholash mexanizmlarini joriy etish orqali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari sezilarli darajada oshirilgan. Biroq asosiy muvaffaqiyat infratuzilmani yangilash emas, balki natijalar uchun mas’uliyat tizimini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan.

    Shu bilan birga, O‘zbekiston amaliyotida bunday mexanizmlar hali yetarlicha rivojlanmagan. Bu esa muassasalarni aholi salomatligini yaxshilash natijalariga emas, balki miqdoriy ko‘rsatkichlarni bajarishga yo‘naltirib qo‘yish xavfini yuzaga keltiradi.

    Aholi salomatligiga ta’sir etuvchi ekologik omillar ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Havo ifloslanishi, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar jahon miqyosida sog‘liqni saqlash tizimlari uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu esa O‘zbekiston uchun sog‘liqni saqlashga tor soha sifatida emas, balki keng qamrovli jamoat salomatligi tizimi sifatida yondashish zaruratini anglatadi.

    Yana bir muhim muammo - islohotlarni moliyalashtirishning barqarorligidir. Byudjet resurslari cheklangan sharoitda xarajatlar samaradorligini oshirish zarurati tug‘iladi. Jahon banki va JSST tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, o‘rta daromadli mamlakatlar uchun muvaffaqiyatning asosiy omili mablag‘larni ko‘paytirish emas, balki ularni taqsimlash va natijalarni nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirishdir.

    Shu nuqtayi nazardan qaraganda, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi oldidagi asosiy vazifa yangi maqsadlarni belgilash emas. Chunki mamlakat tomonidan belgilangan strategik maqsadlar xalqaro kun tartibi va ilg‘or jahon tajribasiga javob beradi. Asosiy masala — ushbu maqsadlarni cheklangan resurslar, kadrlar tanqisligi, demografik bosim va ekologik muammolar sharoitida samarali amalga oshira oladigan institutsional salohiyatni shakllantirishdir.    

    Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, keyingi bosqich islohotlarining bir nechta ustuvor yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Birinchidan, tibbiy siyosat markaziga kasalliklarni davolash emas, balki xavf omillarini boshqarish va profilaktikani qo‘yish zarur. Ikkinchidan,ayniqsa birlamchi tibbiy yordam tizimida mutaxassislarni saqlab qolish va ularning malakasini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli kadrlar strategiyasini ishlab chiqish talab etiladi. Uchinchidan, raqamlashtirish jarayonini texnologik loyiha sifatida emas, balki boshqaruv sifati va qaror qabul qilish samaradorligini oshirish vositasi sifatida ko‘rish lozim.

    Xulosa qilib aytganda, aynan shu vazifalarning muvaffaqiyatli hal etilishi yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimini shunchaki miqdoriy kengaytirish bosqichidan inson ehtiyojlariga yo‘naltirilgan, profilaktikaga asoslangan va zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan haqiqiy jamoat salomatligi modeliga aylantirish imkonini belgilab beradi. Bu esa nafaqat aholi salomatligini yaxshilash, balki mamlakatning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun ham mustahkam zamin yaratadi.    

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                        Muslim Ergashbayev

                                                                                                                                                                                                                            Barqaror rivojlanish markazi    eksperti

Manba