Qoʻshni mamlakatga ishlash uchun yoʻl olgan fuqaro koʻpincha oddiy, ammo muhim savolga javob izlaydi: begona muhitda huquqiy yoki ijtimoiy muammo tugʻilsa, kimga murojaat qilish mumkin? Ayni paytda chegaradosh qishloq aholisini suv taʼminoti, hujjatsiz qolgan insonni esa oʻz huquqlarini amalga oshirish masalasi tashvishga solishi mumkin. Bu muammolar turlicha koʻrinsa-da, ularni hal etishda umumiy jihat bor: aholiga yaqin ishlaydigan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) oʻzaro hamkorlik orqali amaliy koʻmakni kuchaytira oladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarini umumiy tarix, qoʻshnichilik va iqtisodiy aloqalar birlashtiradi. Mehnat migratsiyasi, suv resurslaridan foydalanish, ijtimoiy xizmatlarga yetib borish kabi masalalar esa koʻpincha bir davlat chegarasi bilan cheklanmaydi. Shu bois mintaqaviy hamkorlik faqat davlatlararo muloqot emas, balki fuqarolik jamiyati institutlarining kundalik ehtiyojlarga javob bera oladigan hamkorligi sifatida ham rivojlanishi muhim.
Buning amaliy namunasini Oʻzbekiston va Qozogʻiston NNTlari tajribasida koʻrish mumkin. Chimkent shahridagi «Korgan-M» va Navoiy viloyati Uchquduq shahridagi «Sogdiana» tashkilotlari 2023-yil sentabridan 2024-yil fevraligacha mehnat migrantlari hamda ularning oilalariga axborot-maslahat yordami koʻrsatishga qaratilgan qoʻshma loyihani amalga oshirgan. The BEARR Trust 2024-yil 31-iyulda eʼlon qilgan hisobotga koʻra, Qozogʻistonga ishlash uchun borayotgan fuqarolarga moʻljallangan oʻzbek va rus tillaridagi video yoʻriqnomalar, mehnat migrantlarining huquq va majburiyatlarini yorituvchi uch tildagi qoʻllanma hamda Chimkent va Sariogʻoch hududlaridagi birlamchi tibbiy yordam muassasalari xaritasi tayyorlangan. Materiallarga olib boruvchi QR-kodlar chegara hududlarida va Oʻzbekistondagi hamkorlar orqali tarqatilgan.
Loyiha doirasida tayyorlangan materiallar 1500 nafardan оrtiq kishiga yetkazilgan, ikki mamlakatning 30 nafarga yaqin NNT vakili ishtirokida oʻquv seminari ham tashkil etilgan. Bu - hamkorlik qamrovini koʻrsatadigan natija. Biroq uning aholi hayotiga taʼsirini bilish uchun boshqa savollar ham muhim: fuqaro olingan maʼlumot asosida tibbiy yordamga murojaat qila oldimi, huquqiy masalasini hal etdimi, notoʻgʻri yoki eskirgan maʼlumot tufayli qiyinchilikka duch kelmadimi? Demak, tarqatilgan qoʻllanmalar soni bilan birga, ulardan foydalanish natijasini ham baholash talab etiladi.
NNTning vazifasi davlat idorasi oʻrnini egallash emas. U fuqaroga amaldagi tartibni tushuntirishi, ariza va hujjatlarni tayyorlashda maslahat berishi, zarur hолда vakolatli muassasaga yoʻnaltirishi mumkin. Sud qarori yoki pasport berish kabi vakolatlar esa tegishli davlat organlariga taalluqli. Chegaraning ikki tomonidagi hamkorlar oʻrtasida ishonchli aloqa boʻlsa, inson murojaatini bir tashkilotdan boshqasiga oʻtkazish jarayoni ham izchilroq yoʻlga qoʻyiladi.
Hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishi - suv va tabiiy resurslardan foydalanish. Fargʻona vodiysida suv taʼminoti dehqonchilik, aholi daromadi va mahalliy barqarorlik bilan bevosita bogʻliq. Shu sababli suv bilan bogʻliq mahalliy muammolarni aholining oʻzi ishtirokida hal etish ijtimoiy ishonchni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. «Saferworld» tashkilotining Yevropa Ittifoqi qoʻllab-quvvatlagan hamda Qirgʻizistondagi «Demilgelүү ishker ayaldar» jamoat fondi va Oʻzbekistondagi Progressiv islohotlar markazi ishtirokida amalga oshirilgan loyihasi bu borada eʼtiborga molik.
«Saferworld»ning 2026-yil iyulidagi hisobotiga koʻra, mahalliy NNTlarga aholi bilan maslahatlashuvlar oʻtkazish, ish rejasi va xarajatlar smetasini tayyorlashda koʻmak berilgan. Mahalliy tashabbuslarni amalga oshirish uchun kichik grantlar ham ajratilgan. Bunday qoʻllab-quvvatlash NNTlarga suv taʼminotidagi muammolarni aholi bilan birgalikda oʻrganish va amaliy yechimlar taklif etishga yordam beradi. Jumladan, aholi ehtiyojlarini muhokama qilish orqali qaysi inshootlarni birinchi navbatda taʼmirlash zarurligini va bu ishlar suv taʼminotini qanday yaxshilashi mumkinligini aniqlash osonlashadi. Natijada rejalashtirilayotgan ishlar suvdan foydalanuvchilarning ehtiyojlariga moslashtiriladi.
Biroq suv inshootini taʼmirlashning oʻzi yetarli emas. Undan kimlar foydalanishi, kanalning quyi qismidagi maydonlarga ham suv yetib borishi, keyingi tozalash va saqlash xarajatlari qanday qoplanishi oldindan kelishib olinishi lozim. Ayniqsa, ayollar, yoshlar va kam taʼminlangan oilalarning fikri eshitilsa, qarorlar faqat faol ishtirokchilar emas, butun jamoa manfaatiga xizmat qiladi. NNTlar ana shu muloqotni tashkil etish va kelishuvlar bajarilishini jamoatchilik ishtirokida kuzatishda vositachi boʻla oladi.
Huquqiy yordam sohasida esa inson taqdiriga bevosita taʼsir qiluvchi muammolar uchraydi. BMT Qochqinlar ishlari boʻyicha oliy komissarligining 2025-yil 10-yanvardagi materialida Qirgʻizistonda yashovchi Samirning voqeasi bayon qilingan. Uning tugʻilganligi haqidagi qayd arxiv va maʼlumotlar bazasidan topilmagani sababli shaxsini tasdiqlovchi hujjat rasmiylashtirishda toʻsiq yuzaga kelgan. «Adilet» huquqiy klinikasi koʻmagida tugʻilganlik fakti sud orqali tasdiqlangan, keyin yangi guvohnoma va Qirgʻiziston pasporti olingan. Natijada uning rasmiy ishlash, oʻqish va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaygan.
Samirning holati alohida mamlakatda koʻrsatilgan huquqiy yordam namunasidir; uni bevosita transchegaraviy loyiha natijasi deb baholash toʻgʻri boʻlmaydi. Ammo bunday tajribani boshqa davlatlar mutaxassislari bilan oʻrtoqlashish ahamiyatli. Xususan, 2016-yilda «Fargʻona vodiysi chegarasiz yuristlari» ishtirokida Markaziy Osiyoda fuqaroligi boʻlmaganlar masalalari boʻyicha hamkorlik tarmogʻi tuzilgan. Tarmoq rasmiy maʼlumotiga koʻra, u beshta mamlakatdagi NNTlar, ilmiy va axborot tashkilotlarini birlashtirib, huquqiy xabardorlik, taʼlim va tajriba almashinuviga koʻmaklashadi. Bunda har bir yechim tegishli davlat qonunchiligiga moslashtirilishi shart.
Ushbu uch yoʻnalish - mehnat migratsiyasi, suv taʼminoti va huquqiy yordam - Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham uzviy bogʻliq. Suvdan samarali foydalanish 6-maqsadga, migrantlar huquqlarini himoya qilish va munosib mehnat sharoitlari 8-maqsadga, hujjatlashtirish va huquqiy yordamdan foydalanish 16-maqsadga xizmat qiladi. NNTlarning davlatlar oʻrtasidagi hamkorligi esa 17-maqsad - barqaror rivojlanish yoʻlidagi sheriklikning amaliy ifodasidir. Muhimi, bu bogʻliqlikni faqat maqsadlar номини sanash bilan emas, odamlar hayotidagi oʻlchanadigan oʻzgarishlar orqali koʻrsatishdir.
Shu bilan birga, qoʻshma tashabbuslarni barqaror davom ettirish oson emas. Mamlakatlarda huquqiy tartiblar farq qilishi, maslahat materiallarining tez eskirishi, malakali mutaxassislar va doimiy mablagʻ yetishmasligi hamkorlik samarasini cheklashi mumkin. Qisqa muddatli grant tugagach, maslahat xizmati toʻxtab qolsa yoki kanalni saqlash uchun masʼullar belgilanmasa, dastlabki natija ham yoʻqoladi. Shuning uchun har bir loyihada vazifalar taqsimoti, maʼlumotni yangilash tartibi, moliyalashtirish manbalari va natijani baholash mezonlari avvaldan kelishib olinishi zarur.
Oʻzbekiston uchun amaliy qadamlardan biri - Qozogʻistondagi hamkor NNTlar bilan mehnat migrantlariga moʻljallangan qoʻshma maslahat mexanizmini sinovdan oʻtkazishdir. Oʻzbekistondagi tashkilot fuqarolar savollarini qabul qilib, safargacha zarur maʼlumotni taqdim etadi; Qozogʻistondagi hamkor esa amaldagi mahalliy talablar va masʼul idoralar haqidagi axborotni muntazam tekshiradi. Murakkab murojaatlar huquqshunoslarga yoki vakolatli organlarga yoʻnaltiriladi. Fuqaroning roziligi asosida keyingi aloqa yoʻlga qoʻyilib, maslahatning amaliy foydasi aniqlanadi. Shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish bunday xizmatning majburiy sharti boʻlishi kerak.
Ikkinchi yoʻnalish - suvga oid qoʻshma loyihalarda mahalliy NNTlar, suvdan foydalanuvchilar va masʼul idoralar ishtirokida ochiq muhokama hamda jamoatchilik monitoringini kuchaytirish. Loyihaning natijasi faqat taʼmirlangan metrlar bilan emas, suv taʼminotining yaxshilanishi, undan foydalanuvchilar qamrovi va inshootning keyingi holati bilan baholanishi maqsadga muvofiq. Uchinchi yoʻnalish – fuqaroligi boʻlmaganlar va hujjatlashtirish masalalarida huquqshunoslar oʻrtasida amaliy keyslar, ish uslublari va qonunchilikdagi oʻzgarishlar boʻyicha muntazam tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish.
Bu takliflarni moliyalashtirishda mavjud milliy mexanizmlardan foydalanish mumkin. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi PF–124-son Farmoni 7-bandiga muvofiq, fuqarolik jamiyati institutlari dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbusli loyihalar uchun manfaatdor davlat organiga davlat ijtimoiy buyurtmasi olish boʻyicha taklif kiritish huquqiga ega. Bunday tashabbus ijobiy baholangan taqdirda, Farmonda belgilangan shartlar asosida moliyalashtirish masalasi koʻrib chiqilishi mumkin. Albatta, chet ellik hamkorning vazifasi va xarajatlari alohida kelishuv hamda tegishli qonunchilik asosida hal etilishi lozim.
Mintaqaviy NNTlar hamkorligining haqiqiy qiymati oʻtkazilgan uchrashuvlar yoki tayyorlangan hisobotlar soni bilangina oʻlchanmaydi. Migrant oʻz huquqlarini bilsa va kerakli xizmatdan foydalana olsa, hujjatsiz qolgan inson qonuniy maqomini tasdiqlasa, taʼmirlangan suv inshooti esa aholiga uzoq muddat xizmat qilsa - bu hamkorlikning aniq samarasidir. Markaziy Osiyoning mushtarak kelajagi ham ana shunday, inson manfaatiga qaratilgan kichik, ammo davomiy natijalardan shakllanadi.
Alisher Azizov,
«Barqaror rivojlanish markazi» NNT bosh mutaxassisi