Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi: yangi koʻrsatkichlar va tafovutlar

14-11-2026 66

    Xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki mamlakat iqtisodiy salohiyatidan foydalanish darajasini baholashda muhim koʻrsatkichлардан biridir. Milliy statistika qoʻmitasining 2026-yil 29-iyunda yangilangan SIAT maʼlumotlar bazasidagi yakka tartibdagi tadbirkorlar soni boʻyicha maʼlumotlar ham bu yoʻnalishdagi oʻzgarishlarni aks ettirmoqda. Unga koʻra, 2021-yilda yakka tartibdagi tadbirkorlarning 39,4 foizini xotin-qizlar tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda ularning ulushi 43,4 foizga yetgan. Qariyb 4 foiz punktlik oʻsish shunchaki statistik oʻzgarish emas, balki ayollarning iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki kengayib borayotganini koʻrsatuvchi muhim tendensiyadir.

    Mazkur oʻzgarishni oddiy misolda ifodalaydigan boʻlsak, 2021-yilda har oʻn nafar yakka tartibdagi tadbirkorning toʻrt nafari ayollar hissatsiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 4,3 nafarni tashkil etgan. Shu davrda erkak tadbirkorlar ulushi 60,6 foizdan 56,6 foizga kamaygan. Bu raqamlar tadbirkorlik tarkibida ayollar ishtiroki oshib borayotganini koʻrsatadi. Muhimi, bunday oʻsishni faqat tadbirkorlar tarkibidagi nisbatning oʻzgarishi sifatida emas, balki xotin-qizlarning mustaqil daromad topish va oʻz iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatlari kengayotganligi nuqtai nazaridan ham baholash lozim.

    Biroq respublika boʻyicha umumiy koʻrsatkich hududlardagi vaziyatni toʻliq ifodalamaydi. Hududlar kesimidagi maʼlumotlar ayollarning tadbirkorlikdagi ishtiroki bir xil darajada emasligini koʻrsatmoqda. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida yakka tartibdagi tadbirkorlar orasida xotin-qizlar ulushi 53,9 foizni tashkil etgan. Navoiy viloyatida bu koʻrsatkich 52,0 foiz, Sirdaryo viloyatida 50,9 foiz, Xorazm viloyatida esa 50,7 foizga teng. Demak, ushbu hududlarda ayollar yakka tartibdagi tadbirkorlarning yarmidan koʻpini tashkil etmoqda.

    Ayrim hududlarda esa koʻrsatkichlar nisbatan past. Jumladan, Namangan viloyatida xotin-qizlarning ulushi 31,2 foiz, Fargʻona viloyatida 35,4 foiz, Toshkent shahrida 36,1 foizni tashkil etgan. Eng yuqori va eng past koʻrsatkichlar oʻrtasidagi farq 22,7 foiz punktga teng. Bu tafovutga faqat raqamlar oʻrtasidagi farq sifatida qarash toʻgʻri emas. U hududlarda xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish darajasi bir xil emasligini koʻrsatadi.

    Mazkur tafovut ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda hududiy xususiyatlarni hisobga olish zarurligini koʻrsatadi. Chunki respublika boʻyicha umumiy oʻsish ijobiy tendensiyani ifodalasa-da, ayrim hududlarda xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi ulushi ancha pastligicha qolmoqda. Bu holatning sabablarini aniqlash uchun hududlarning iqtisodiy tarkibi, tadbirkorlik yoʻnalishlari va mavjud imkoniyatlarini alohida oʻrganish talab etiladi. Shu bilan birga, keltirilgan raqamlarning oʻzi ham ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashda yagona yondashuv bilan cheklanib qolmasdan, hududlar oʻrtasidagi farqlarni inobatga olish muhimligini anglatadi.

    Xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi ishtiroki nafaqat ularning shaxsiy daromad manbaini shakllantirish, balki oila iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir. Mustaqil faoliyat yuritish ayollarga oʻz bilim va koʻnikmalarini amaliyotda qoʻllash, kasbiy salohiyatini namoyon etish hamda iqtisodiy qarorlar qabul qilishda faolroq ishtirok etish imkonini beradi. Shuningdek, oila daromadlarining bir nechta manbaga tayanishi uning moliyaviy barqarorligi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi. Demak, ayollar tadbirkorligining rivojlanishi iqtisodiy faollik koʻrsatkichlarini yaxshilash bilan birga, oila farovonligiga ham xizmat qilishi mumkin.

    Mazkur tendensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham uzviy bogʻliq. Xususan, BRM 5 — «Gender tengligi» maqsadi xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotda teng imkoniyatlarga ega boʻlishini nazarda tutadi. Ayollarning tadbirkorlikdagi ishtiroki ortishi ularning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash va iqtisodiy qarorlar qabul qilishdagi rolini kengaytirishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, BRM 8 — «Munosib mehnat va iqtisodiy oʻsish» maqsadi aholining iqtisodiy faolligini ragʻbatlantirish, tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish va barqaror daromad manbalarini shakllantirish bilan bogʻliq. BRM 10 — «Tengsizlikni qisqartirish» maqsadi nuqtai nazaridan esa iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanishdagi tafovutlarni kamaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda, xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi ishtiroki nafaqat gender tengligini taʼminlash, balki hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy imkoniyatlar tafovutini qisqartirish nuqtai nazaridan ham eʼtiborga molikdir.

    Xulosa qilib aytganda, yakka tartibdagi tadbirkorlar orasida xotin-qizlar ulushining 39,4 foizdan 43,4 foizga koʻtarilishi iqtisodiy faollik tarkibidagi ijobiy oʻzgarishdir. Biroq hududlar oʻrtasidagi 22,7 foiz punktlik farq bu jarayon barcha hududlarda bir xil kechmayotganini koʻrsatadi. Ayollar tadbirkorligi rivojini baholashda asosiy mezon faqat ularning umumiy ulushi ortishi emas, balki turli hududlardagi xotin-qizlar uchun iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanish imkoniyatlari qay darajada kengayotgani ham boʻlishi kerak. Zero, iqtisodiy taraqqiyotning barqarorligi aholining barcha qatlamlari mavjud imkoniyatlardan foydalana olishi bilan ham belgilanadi.

    Sharifova Madinabonu,

    «Barqaror rivojlanish markazi» NNT bosh mutaxassisi