Statistika
BMT ma’lumotlariga ko‘ra , 2019 yilda dunyo bo‘yicha ishlab chiqarilgan jami oziq-ovqat mahsulotlarining 31 foizi chiqindiga aylangan . Vaholanki , yo‘qotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining 25 foizi ( ❗️ ) muhtojlarga berilsa , butun dunyodagi ochlik muammosini to‘liq hal qilishi mumkin!
O‘zbekistonda har yili 3 million tonna iste’mol mahsulotlari isrof qilinadi . Birgina Toshkent shahrida har kuni 2 tonnaga yaqin non mahsuloti chiqindiga tashlanadi . Bu esa faqatgina poytaxtda yiliga 730 tonna non mahsuloti chiqindiga aylanishini anglatadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra , O‘zbekistonda 4 million aholi kam ta’minlangan hisoblanib , daromadining 67 foizini oziq-ovqat mahsulotlariga sarflaydi.
Muammo
Qancha qishloq xo‘jalik mahsulotlari ombordan peshtaxtaga kelguncha yaroqlilik muddati qisqaradi . Import mahsulotlar hujjati to‘g‘ri bo‘lmasa , bojxona omborlarida qolib ketadi va yo‘q qilinadi.
Supermarketlarda yaroqlilik muddati tugab sotilmay qolgan mahsulotlar shunchaki isrof bo‘ladi , hatto chegirmalar ham bunga yordam bermaydi.
Ko‘rinib turibdiki , bu yerda qandaydir tizimli muammo bor, kimlardir oziq-ovqatga yetib bora olmayapti , qayerdadir oziq isrof bo‘lyapti.
Supermarketlar yaroqlilik muddati oz qolgan mahsulotlarni muhtojlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri berib yuborgandan ko‘ra , yo‘q qilgani foydaliroq – soliq to‘lamaydi . Muhtojlarning bu oziq-ovqatlarga yetib borishi , ularni to‘g‘ri va manzilli taqsimlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagan . Oziq-ovqat mahsulotlarini beg‘araz taqdim etishni rag‘batlantirish tizimi mavjud emas.
Agar oziq-ovqat mahsulotlaridan samarali foydalanish tizimi bo‘lganida edi , balki shuncha narsa isrof bo‘lmasdi , oziq-ovqatga muhtojlar kamayardi , qancha kasalliklar va boshqa ijtimoiy muammolarning oldi olinardi.
Boshqalarda qanday?
Masalan , Germaniyada yaroqlilik muddati oz qolgan oziq-ovqat mahsulotlari beg‘araz taqdim qilinganda , nol stavkada QQS hisoblanadi.
Qozog‘istonda oziq-ovqatni beg‘araz taqdim etgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari bor.
Fransiyada esa savdo do‘konlari saqlash muddati tugagan , ammo iste’molga yaroqli bo‘lgan , uzoq muddat o‘z sifatini saqlab qoladigan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol uchun xayriya fondlariga beg‘araz taqdim etishi shart!
Yechim kerak!
Bizda ham samarali fudshering platformalarini rivojlantirish , oziq-ovqat banklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish vaqti keldi.
Hozirda Adliya vazirligi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligini oldini olish , soliq ma’murchiligi hamda mahsulotlarni yaroqlilik muddatini belgilash tizimini takomillashtirish , xayriya faoliyatini rivojlantirish uchun elektron platformalarni yaratishga qaratilgan loyiha ishlab chiqilmoqda.
Isrof yomon , shuncha narsaning uvoli bor.
Maqola ijtimoiy tarmoqdan olindi