Oʼzbekistonda turizm sohasi soʼnggi yillarda iqtisodiyotning ustuvor yoʼnalishlaridan biriga aylanib, mamlakatning xalqaro maydondagi imijini oshirishda muhim rolь oʼynamoqda. Madaniy meros, tarixiy shaharlar va tabiiy manzaralar turistlar uchun jozibador makon yaratadi. Barqaror turizm esa turizm faoliyatini rivojlantirishda ekologik va ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolishni nazarda tutadi.
Barqaror turizmning huquqiy asoslari
Barqaror turizm BMT Jahon turizm tashkiloti tomonidan “hozirgi avlod ehtiyojini qondirib, kelajak avlod manfaatlariga zarar yetkazmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Oʼzbekistonda barqaror turizmni qonunchilik asosida rivojlantirishga eʼtibor qaratilgan. 2019 yil 16 aprelda qabul qilingan “Turizm toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining Qonuni, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10.07.2020 yildagi 433-sonli “turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” qarorlari sohadagi faoliyatni tartibga solish bilan birga barqaror rivojlanishni taʼminlaydi. Shu bilan birga, “Yangi Oʼzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatda ekologik barqarorlikka asoslangan turizmni rivojlantirish vazifasini belgilaydi.
Turizm infratuzilmasi rivoji
Oʼzbekistonda turizm infratuzilmasi tizimli ravishda modernizatsiya qilinyapti. Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarining qurilishi, turistik shaharlardagi majmualar barpo etilishi, togʼ va ekologik hududlarda ekoturizm klasterlari tashkil etilishi barqaror rivojlanishga xizmat qiladi. Masalan, Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminali zamonaviy texnologiyalar asosida qurilib, yiliga 15 milliongacha yoʼlovchi qabul qilish imkoniyatini yaratadi. Turistik yoʼnalishlarda temir yoʼl va avtomobilь yoʼllari infratuzilmasi yangilanmoqda: “Аfrosiyob” tezyurar poezdi orqali Samarqand–Buxoro–Xiva qatnovlari barqaror turizmni qoʼllab-quvvatlamoqda.
Oʼzbekistonda turistik hududlar va majmualarni barpo etish yoʼnalishida keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2022 yilda foydalanishga topshirilgan “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazi ekoturizm, konferentsiya va madaniy tadbirlar uchun zamonaviy infratuzilma asosida qurilgan.
“Amirsoy”, “Ugamriver”, “Charvak resort zone” hamda “Beldersoy–Chimgan–Nanay” turistik klasterlari togʼ va ekoturizmni rivojlantirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan sanaladi.
Bundan tashqari, “Khiva City” va “Bukhara City” loyihalari tarixiy shaharlarni asrab-avaylash hamda zamonaviy infratuzilmani integratsiya qilish orqali madaniy turizm salohiyati va mamlakatning xalqaro turistik imidjini oshirishga xizmat qilmoqda.
Nurota, Zomin va Surxon milliy bogʼlarida ekologik marshrutlar, hamda “eco-lodge” turidagi turar joylar yaratilmoqda. Shu bilan birga, qishloq turizmi dasturi doirasida mahalliy aholi oʼz uylarini mehmonxona sifatida foydalanish huquqiga ega boʼldi. Bu esa iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, aholining ijtimoiy faolligini oshirish va mahalliy turizm salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Muammolar va istiqbollar
Barqaror turizmni rivojlantirish jarayonida infratuzilma yetishmasligi, ekologik standartlarning toʼliq joriy etilmagani hamda turizm yoʼnalishidagi gidlarning yetishmasligi kabi masalalar hanuz mavjudligicha qolmoqda. Mintaqalar oʼrtasida turizm infratuzilmasi va xizmat sifati boʼyicha nomutanosiblik mavjud — masalan, Fargʼona vodiysi, Surxondaryo va Qashqadaryo kabi mintaqalarda mehmonxona, yoʼl, logistika, reklama va marketing yoʼnalishlari toʼliqligacha tizimga solinmagan. Turizm sohasi xodimlarining malakasi, xorijiy til bilish darajasi, xizmat koʼrsatish sifati va targʼibot qobiliyati yetarli darajada emasligi, turizmni bu mintaqada rivojlanib ketishiga toʼsqinlik qiladi. Yana bir muammolardan biri transport aloqasidagi cheklovlar — masalan, Xiva shahriga reyslar kamligi va poezd yoʼnalishlari bilan bogʼliq muammolar mavjud ekanligi barqaror turizmning rivojlanishini sekinlashtiradi.
Mavjud muammolarga qaramasdan, turizm sohasi ijobiy yoʼnalishda rivojlanmoqda. Turistlar soni jadal surʼatda oʼsmoqda: 2024 yilda 8,2 milliondan ortiq xorijiy turist Oʼzbekistonga tashrif buyurgan boʼlsa, 2025 yilning yanvarь–may oylarida bu koʼrsatkich 4,2 milliondan oshib, oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 48,2 foizga oʼsgan. Shu bilan birga, turizmdan olingan xizmatlar hajmi va eksport ulushi ham ortib bormoqda — 2025 yilning birinchi choragida turistik xizmatlar hajmi 927 million АQSh dollariga yetgan. Davlat tomonidan viza olish tartibini soddalashtirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va jahon turistik brendlarini joriy etish boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar soha taraqqiyoti uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Jumladan, bugungi kunda 93 ta mamlakat fuqarolari uchun Oʼzbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etilgan boʼlib, bu choralar mamlakatning xalqaro turistik jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa
Oʼzbekistonda turizm sohasi davlat siyosati va amaliy loyihalar orqali barqaror rivojlanish yoʼlida qadam tashlamoqda. Infratuzilma modernizatsiyasi, ekoturizm klasterlari va madaniy merosni muhofaza qilish loyihalari mamlakatning xalqaro turistik maydondagi nufuzini oshirmoqda. Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlari, turistik majmualar va togʼli hududlardagi ekoturizm loyihalari Oʼzbekistonni Markaziy Osiyoda barqaror turizm markaziga aylantirishi shubhasiz.
Latifjonov Muxammadfotix
Barqaror rivojlanish markazi
bosh mutaxassisi