Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekistonda plastik ifloslanishni kamaytirish: Yevropa tajribasi bilan uyg‘unlashgan milliy strategiya

12-11-2025 84

Olimlarning fikriga qaraganda yer sayyorasida xar bir inson bir hafta davomida 5 gramm mikroplastik boʼlaklarini isteʼmol qiladi, bu esa kredit kartaning oʼlchamiga teng. Dunyoda va xususan Oʼzbekistonda plastik chiqindilar bilan ifloslanishini ekologik va ijtimoiy muammo sifatida tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Oxirgi yillarda plastik mahsulotlardan foydalanish sezilarli darajada ortdi, ammo ularni qayta ishlash va utilizatsiya infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan. Bu holat atrof-muhitga, inson salomatligiga va iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʼrsatmoqda. Yevropa Ittifoqi (EI)ning tajribasi Oʼzbekiston uchun amaliy yoʼnalish sifatida xizmat qilishi mumkin.

    Yevropa Itifoqi tajribasini Oʼzbekistonga integratsiya qilish yoʼnalishlari

    YeIda 2021 yildan boshlab “Bir martalik plastik mahsulotlar”ni taqiqlash toʼgʼrisidagi direktiva kuchga kirdi. Bu direktiva asosida qoshiq, pichoq, ichimlik uchun naycha, idishlar kabi mahsulotlar bozordan olib tashlandi. YeIda ishlab chiqaruvchilarga oʼz mahsulotlarini utilizatsiyasi boʼyicha moliyaviy va logistik javobgarlik yuklanadi — bu “Extended Producer Responsibility” (EPR) deb ataladi. Yevropa Komissiyasi shisha va qayta ishlanadigan materiallar ishlab chiqarishni ragʼbatlantirish uchun grantlar, subsidiyalar va soliq imtiyozlari ajratadi. Shuningdek, “Plastic Free Europe” kabi tashabbuslar orqali aholi oʼrtasida ekologik madaniyatni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Germaniya

    Germaniyada plastik qadoqlar uchun soliq joriy etilgan. Garov miqdori 8 sentdan 25 sentgacha boʼladi. Bu topshiriladigan idish turiga bogʼliq. Ichimliklar shishalari (burama qopqoqlik shishalar qimmatroq), alyuminiy bankalar, bir martalik plastik idishlar, sut va yogurt uchun koʼp marta ishlatiladigan shisha va plastmassa idishlar. Shisha idishlar jamlama qutilari uchun ham 0,75 yevrodan 1,50 yevrogacha soliq olinadi.

    “Pfand” tizimi orqali shisha va qayta ishlashga moʼljallangan idishlar qaytarilganda aholi tomondan toʼlangan soliqning maʼlum qismi qaytariladi. Istalgan doʼkonlarda “Pfand” tizimida ishlovchi vending avtomat bor va bu avtomatlar koʼp marta ishlatiladigan yoki qayta ishlanadigan idishlarni, qaytarib saralab oladi va xaridorlarga soliqlarning bir qismi qaytariladi. Аvtomat chek beradi va shu chek bilan doʼkon kassasiga borish lozim.

    Mazkur tizim chiqindilarni qayta ishlash va ularning miqdorini kamaytirishga yordam beradi. Qayta ishlash infratuzilmasi yuqori darajada avtomatlashtirilgan va jamoatchilik bu borada faol ishtirok etadi.

    Frantsiya

    Frantsiyada 2020 yildan boshlab plastik paketlar taqiqlangan. 2026 yilgacha barcha plastik qadoqlardan voz kechish rejalashtirilgan. Bio-chiriydigan materiallar ishlab chiqarishga subsidiyalar ajratiladi, shuningdek, restoran va supermarketlar shisha idishlardan foydalanishga oʼtmoqda.

    Ekologiya sohasidagi tadbirlar    

    Xususan atrof-muhitni muhofaza qilish borasida xozirgi kunda Oʼzbekistonda Oliy taʼlim muassasalarida “Eko-klublar” faoliyati kengaymoqda. Masalan, Toshkent davlat texnika universiteti, Urganch davlat universiteti va boshqa oliygohlarda talabalar muntazam ravishda ekologik tozalik aktsiyalarida ishtirok etishmoqda. Bu tadbirlar doirasida plastik chiqindilarni saralash, qayta ishlash va shisha idishlardan foydalanishni targʼib qilish boʼyicha seminarlar ham tashkil etilmoqda. Undan tashqari 2023 yildan boshlab 30 mart kuni (Xalqaro chiqindisiz kun) doirasida doimiy ravishda oʼtkazilishi rejalashtirilgan Oʼzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi va Ekologik partiya hamkorligida «Zero Waste» respublika eko-aktsiyasi oʼtkazildi va unda koʼngillilar jamoasi hududni tozalashdi, ular plastik shishalar, alyuminiy bankalar va qogʼoz chiqindilarini toʼplab, maxsus joylarga jamladilar. 2025 yil mart oyida ham — (Xalqaro chiqindisiz kun) munosabati bilan ommaviy ,,plogging‘‘ (bu yurish yugurish paytida chiqindilarni yigʼishni oʼz ichiga olgan ekologik sport turi.) eko-aktsiyasi oʼtkazildi. Tadbir doirasida Toshkent shahri va respublika boʼyicha jami 3 ming nafarga yaqin ishtirokchi tomonidan 58 ta hudud (150 gektarga yaqin) 349,8 tonna chiqindidan tozalandi va saralab qayta ishlash punktlariga yetkazildi.

Oʼzbekistonda Milliy plastik ifloslanishini kamaytirish dasturi loihasi ishlab chiqilmoqda. Unga koʼra 2027 yilga qadar plastik paketlarni ishlab chiqarish, import qilish va foydalanishni taqiqlash taklif etilgan. Shuningdek, bio-chiriydigan, ekologik xavfsiz muqobil materiallardan foydalanishni ragʼbatlantirish nazarda tutilgan.

    Oʼzbekistonda plastik chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi tomonidan yangi normativ-huquqiy hujjat ustida ish olib borilmoqda. Ushbu loyihada «shisha idishlar qayta ishlashni» ni tashkil etish, maxsus qabul punktlarini joriy qilish hamda utilizatsiya jarayonlarini amalga oshirish uchun zarur texnik infratuzilmani rivojlantirish kabi chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

1. Qonunchilikni mustahkamlash - YeIdagi kabi, Oʼzbekistonda ham bir martalik plastik mahsulotlarni taqiqlash boʼyicha qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Bu tashabbusni amalga oshirish orqali shisha, qogʼoz va bio-chiriydigan materiallardan foydalanishga oʼtishni ragʼbatlantirish mumkin.

2. Iqtisodiy ragʼbatlantirish va subsidiyalar - Shisha va qayta ishlanadigan materiallardan foydalanuvchi ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar va innovatsion grantlar berish orqali bozorni ekologik mahsulotlarga yoʼnaltirish mumkin.

3. Аxborot va taʼlim kampaniyalari - YeIdagi kabi, Oʼzbekistonda ham ommaviy axborot vositalari, maktablar va jamoat tashkilotlari orqali plastik idishlar zarari va shisha idishlarning afzalliklari haqida maʼlumot berish kampaniyalari oʼtkazilishi zarur.    

4. Ishlab chiqaruvchi masʼuliyatini kuchaytirish - Plastik mahsulot ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga qayta ishlash va utilizatsiya uchun javobgarlik yuklash orqali chiqindilarni kamaytirishga erishish mumkin.

5. Shisha qadoqlarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish - Shahar va tumanlarda shisha idishlarni qabul qilish konteynerlari, maxsus yigʼish xizmatlari va qayta ishlash zavodlari tashkil etish va kengaytirish orqali shisha mahsulotlar aylanmasini kuchaytirish mumkin.

    Oʼzbekistonda plastik ifloslanishini kamaytirish va shisha ishlatish muqobil shakliga oʼtish boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) bilan toʼgʼridan-toʼgʼri bogʼliq. Xususan, quyidagi maqsadlar bilan:

Maqsad nomi

Oʼzbekistondagi tegishli choralar

Barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish

Plastikni cheklash, shishani ragʼbatlantirish, ishlab chiqaruvchi javobgarligi

Iqlim oʼzgarishiga qarshi kurash

Plastik chiqindilarni kamaytirish orqali SO₂ chiqarishni pasaytirish

Okean va suv ekotizimlarini muhofaza qilish

Plastik ifloslanishni cheklash orqali suv manbalarini himoya qilish

Infratuzilma va innovatsiyalar

Shisha qayta ishlash zavodlari, texnologik grantlar va startaplar

Hamkorlik orqali maqsadlarga erishish

YeI tajribasini integratsiya qilish, xalqaro grantlar va ekspertlar jalb etish


    Plastik ifloslanish nafaqat umumbashariy ekologik muammo, balki inson salomatligi va iqtisodiy barqarorlik uchun ham jiddiy tahdid hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar tajribasi shuni koʼrsatadiki, plastikdan voz kechish va shisha kabi ekologik muqobillarga oʼtish nafaqat amaliy, balki strategik yechim hamdir. Oʼzbekistondagi islohotlar Yevropa tajribasi bilan uygʼunlashtirilsa, plastik ifloslanishni kamaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish maqsadlarigaerishishda muhim qadamlar tashlangan boʼladi. Davlat dasturlari, qonun loyihalari va jamoatchilik ishtirokini uygʼunlashtirish orqali Oʼzbekiston ekologik toza, shisha asosidagi iqtisodiyotga oʼtish imkoniyatiga ega.

    Qonunchilikni mustahkamlash, iqtisodiy ragʼbatlantirish, jamoatchilikni xabardor qilish ishlarini yanada kengaytirish, ishlab chiqaruvchi javobgarligini kuchaytirish va infratuzilmani rivojlantirish kabi choralar Yevropa tajribasi bilan uygʼunlashtirilgan holda amalga oshirilsa, Oʼzbekistonda atrof-muhit tozaligini taʼminlanishiga, iqtisodiy samaradorlik oshishiga, aholi salomatligi yaxshilanishiga, jamoatchilikda barqaror isteʼmol va masʼuliyatli munosabat kuchayishiga poydevor boʼlib xizmat qiladi va albatta BRM maqsadlariga mos bu harakatlar Oʼzbekistonning global reytinglarda mavqeini yanada mustahkamlanishiga asos boʼladi.


Barqaror rivojlanish markazi

bosh mutaxassisi

Shuxrat Xojimurodov