Bugungi kunda mamlakatimizda milliy madaniyat va san’at sohasining jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirish, boshqaruv tizimini zamonaviy standartlar asosida modernizatsiya qilish davlat siyosatining ustuvor maqsadlariga aylandi. Mazkur islohotlarning mazmun-mohiyatini BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM), xususan, sifatli ta’lim (4-BRM), munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish (8-BRM) hamda barqaror shahar va yashash punktlari (11-BRM) kabi global ko‘rsatkichlar bilan integratsiya qilish soha rivojini xalqaro mezonlar asosida baholash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yil 21 aprel kuni imzolangan PQ–150-sonli qarorsohadagi boshqaruv tizimini yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu hujjat bilan madaniyat markazlarining faoliyatini transformatsiya qilish, ularni faqatgina ma’naviy maskan emas, balki texnologiya, muhandislik va hunarmandchilik kabi innovatsion yo‘nalishlar markaziga aylantirish belgilandi. Bunday yondashuv madaniy muassasalarning jamiyatdagi ijtimoiy va iqtisodiy foydalilik darajasini oshiradi.
Tizimdagi tarkibiy o‘zgarishlar haqida so‘z borganda, madaniyat markazlarining mahalliy hokimliklar tasarrufiga o‘tkazilishi va sohaga xususiy investitsiyalarni jalb etish mexanizmlari joriy etilayotganini alohida qayd etish lozim. Shuningdek, resurslardan oqilona foydalanish maqsadida samarasiz muassasalar faoliyati maqbullashtirilib, 2026 yil 1 iyuldan “Tumor” davlat raqs ansambli kabi yangi ijodiy tuzilmalarning tashkil etilishi milliy san’atni professional darajada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Madaniyat va san’at ta’limini sifat jihatdan yuksaltirish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab tizimda mutlaqo yangi — “2+2” integratsiyalashgan ta’lim dasturlari joriy etiladi. Bunda texnikum bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan uzviy bog‘lanishi hamda ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilarining yashash va ta’lim xarajatlari to‘liq Davlat budjeti hisobidan qoplanishi sohaning ijtimoiy himoyasini mustahkamlaydi. Soha xodimlarini reyting asosida baholash va rag‘batlantirish tizimi esa milliy qadriyatlarni asrashda yangicha motivatsiya muhitini yaratadi. Tahliliy nuqtayi nazardan qarasak, madaniyat va san’at sohasida barqaror taraqqiyotga erishish uchun davlat boshqaruvi va xususiy sektor hamkorligi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash markaziy ahamiyatga ega. “Madaniyat mehmonxonasi” kabi madaniy klaster loyihalarining ishga tushirilishi sohani nafaqat ma’naviy, balki daromad keltiruvchi va investitsiyaviy jozibador tarmoqqa aylantiradi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi O‘zbekistonning madaniy salohiyatini xalqaro maydonda keng namoyon etishga xizmat qiladi. Madaniy siyosatni BRM indikatorlari asosida baholab borish esa milliy strategiyalarni jahon tajribasi bilan qiyoslash va sohaning uzoq muddatli barqarorligini kafolatlashda mustahkam poydevor bo‘ladi.
Madinabonu Sharifova Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi