Soʼnggi yillarda Oʼzbekistonda energetika va xomashyo sohasini diversifikatsiya qilish, ichki talabni barqaror taʼminlash hamda sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlar samaradorligini baholashda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) muhim kontseptual va metodologik asos boʼlib xizmat qiladi. Аyniqsa, arzon va toza energiya (7-BRM), munosib mehnat va iqtisodiy oʼsish (8-BRM), sanoat, innovatsiya va infratuzilmani rivojlantirish (9-BRM) maqsadlari koʼmir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan bevosita uygʼunlik kasb etadi.
2026 yil 2 fevralь kuni Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida koʼmir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaqin istiqbolga moʼljallangan rejalar muhokama qilindi. Taqdim etilgan maʼlumotlar mazkur tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bilan bir qatorda energetik xavfsizlikni mustahkamlash, ichki bozorni barqaror taʼminlash va sanoat infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli yondashuv shakllanayotganini koʼrsatadi.
Qayd etilganidek, 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna koʼmir qazib olish rejalashtirilgan boʼlib, keyingi mavsumlarda ushbu koʼrsatkichni 11 million tonnaga yetkazish vazifasi qoʼyilgan. Mazkur rejalar mavsumiy yuklamalar davrida energetik barqarorlikni taʼminlash, importga boʼlgan ehtiyojni kamaytirish va mamlakatning energiya mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bilan birga sohada raqobat muhitini kuchaytirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ustuvor yoʼnalish sifatida belgilanmoqda. Xususan, 2026 yilda xususiy tadbirkorlar ishtirokida qoʼshimcha 2,5 million tonna koʼmir qazib chiqarish rejalashtirilgani iqtisodiy faollikni oshirish, ishlab chiqarish salohiyatini diversifikatsiya qilish va yangi ish oʼrinlari yaratishga xizmat qiladi. Аngrendagi Nishbosh koʼmir konini oʼzlashtirish loyihasi sohadagi yirik strategik tashabbuslardan biri hisoblanadi. Zaxiralari 233 million tonna deb baholanayotgan ushbu kon doirasida 2026 yildan qazib olish ishlarini boshlash hamda kelgusida yillik ishlab chiqarish quvvatini 10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 880 ta doimiy ish oʼrni yaratilishi hududiy rivojlanish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Uran sanoatida ham barqaror oʼsish tendentsiyalari kuzatilmoqda. 2025 yilda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilib, aniqlangan zaxiralar 139 ming tonnaga yetgani mamlakatning strategik resurslar bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Joriy yilda yangi konlarni oʼzlashtirish rejalashtirilgani esa uzoq muddatli energetik xavfsizlik va atom energetikasi istiqbollarini taʼminlashda muhim omil hisoblanadi. Biroq uran ishlab chiqarish hajmlarining ortishi uni qayta ishlash, ekologik xavfsizlik va zamonaviy texnologik standartlarga rioya qilish masalalarini ham dolzarb qiladi.
Shu nuqtai nazardan, koʼmir va uran sanoatida barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun iqtisodiy samaradorlik, ekologik masʼuliyat va ijtimoiy taʼsir oʼrtasida muvozanatni saqlash ustuvor ahamiyatga ega. Ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bilan bir qatorda qayta ishlashni chuqurlashtirish, energiya samaradorligini yaxshilash, atrof-muhitga taʼsirni kamaytirish va mahalliy aholi uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish talab etiladi.
Mazkur vazifalarning izchil ijrosi koʼmir va uran sanoatida rejalashtirilgan koʼrsatkichlarga erishish, investitsiya loyihalarini oʼz vaqtida amalga oshirish hamda tarmoqlarning uzoq muddatli ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash imkonini beradi. Shu bilan birga, sohadagi islohotlarni BRM indikatorlari asosida muntazam baholash milliy strategiyalarni takomillashtirish va xalqaro tajriba bilan qiyosiy tahlil qilish uchun mustahkam asos yaratadi.