BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichini namoyon etdi. Nyu-Yorkda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar mamlakatdagi islohotlar, Markaziy Osiyoda shakllangan yangi hamkorlik muhiti hamda global muammolarga echim izlash o‘rtasida tobora mustahkam bog‘liqlik yuzaga kelayotganini ko‘rsatdi. Eng muhimi, O‘zbekiston xalqaro kun tartibiga faqat munosabat bildirish bilan cheklanmay, uning yangi yo‘nalishlarini shakllantirishga qaratilgan takliflarni ilgari surmoqda.
Bugun xalqaro munosabatlar tizimi jiddiy sinovlarni boshdan kechirmoqda. Qurolli mojarolar davom etyapti, geosiyosiy ziddiyatlar kuchaymoqda, davlatlar o‘rtasidagi ishonch zaiflashmoqda. Iqlim o‘zgarishi, demografik siljishlar, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, texnologik tengsizlik hamda sun’iy intellektning jadal rivojlanishi esa bir davlat doirasida hal etib bo‘lmaydigan muammolarga aylandi.
Ana shunday sharoitda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida O‘zbekiston bildirgan pozitsiyaning markaziga inson qadr-qimmati, tinchlik va hamkorlik g‘oyalari qo‘yildi.
23-sentabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Bosh Assambleyaning umumiy siyosiy munozaralarida O‘zbekiston nomidan nutq so‘zladi. Uning rasmiy nutqida mamlakat tanlagan yo‘l uchta tushuncha bilan ifodalandi: ochiqlik, qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar va dunyo bilan muloqot.
Bu, avvalo, O‘zbekistonning keyingi yillardagi ichki va tashqi siyosati o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Mamlakat ichida inson qadri islohotlarning bosh mezonisifatida belgilangan bo‘lsa, xalqaro maydonda ham tinchlik, taraqqiyot va inson qadr-qimmati bir-biridan ajralmas yagona vazifa sifatida talqin etilmoqda.
Kuch mezoni — inson qadri
O‘zbekistonning BMT minbaridan bildirgan prinsipial pozitsiyalaridan biri davlat qudratiga munosabatda namoyon bo‘ldi.
Davlatning haqiqiy mezoniy kuchi faqat uning harbiy yoki iqtisodiy imkoniyatlari bilan emas, avvalo inson qadr-qimmati, huquq va manfaatlarini qay darajada himoya qila olishi bilan belgilanishi ta’kidlandi.
Bu yondashuv xalqaro munosabatlarda ham muhim mazmun kasb etadi. Chunki global muammolarga echim izlashda iqtisodiy o‘sish yoki xavfsizlikning o‘zi etarli emas. Qabul qilinayotgan har bir qarorning inson hayoti va kelajagiga ta’siri asosiy mezon bo‘lishi lozim.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston BMTning roliga ham yangicha talab qo‘ymoqda: mojaro boshlanganidan keyingina uni muhokama qiladigan emas, balki uning oldini olishga qodir; faqat qaror qabul qiladigan emas, uni amalga oshirish imkoniyatiga ega; barcha davlatlarning ovozi eshitiladigan tashkilot zarur.
O‘zbekiston BMT Bosh kotibining tashkilotni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan “UN80” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibini bugungi realliklarni hisobga olgan holda kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi.
Bu fikrlar bugun BMTning o‘zida kechayotgan munozaralar bilan hamohang. Global kuchlar nisbati o‘zgarib borayotgan bir paytda ko‘p tomonlama institutlarning vakillik darajasi, samaradorligi va qarorlarni amalga oshirish imkoniyatlarini oshirish masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Yangi diplomatik mas’uliyat
Nyu-Yorkda O‘zbekiston tashqi siyosatining kelgusi bosqichiga daxldor yana ikki muhim pozitsiya bildirildi.
2027 yilda O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. Rasmiy nutqda bu vazifa xalqaro ziddiyatlar kuchaygan sharoitda yangi muloqot maydonlarini yaratish mas’uliyati sifatida qabul qilinishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston 2035–2036 yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining nodaimiy a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surganini e’lon qildi.
Bu tashabbuslar mamlakat tashqi siyosatining vazifalari ham kengayib borayotganidan dalolat beradi. Endi gap faqat milliy mezon va manfaatlarni xalqaro maydonda ilgari surish haqida emas. O‘zbekiston muloqot platformalarini shakllantirish va ko‘p tomonlama institutlar doirasida kattaroq mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyorligini bildirmoqda.
Markaziy Osiyo — hamkorlik modeli
O‘zbekistonning BMTdagi bugungi pozitsiyasini Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda yuz bergan o‘zgarishlardan ajratib bo‘lmaydi.
Yaqin o‘tmishda mintaqa hal etilmagan chega ra masalalari, suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishmovchiliklar va turli ziddiyatlar bilan tilga olinar edi. Saida Mirziyoyeva BMT minbaridan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqadagi vaziyat va muhit tubdan o‘zgarganini qayd etdi.
Eng muhim o‘zgarish — qo‘shni davlatlarni xavf manbai emas, sherik sifatida ko‘rish tamoyilining qaror topganidir.
Shu ma’noda Markaziy Osiyo tajribasi O‘zbekistonning global muloqotga taklif etayotgan amaliy modeli sifatida ham ahamiyatli. Ishonchni tiklash, murakkab masalalarni muzokara orqali hal qilish va umumiy fantastik va real manfaatlarni ziddiyatlardan ustun qo‘yish mintaqada o‘z samarasini ko‘rsatayotgan yondashuvdir.
Afg‘oniston: yakkalatish emas, jalb etish
Afg‘oniston masalasi ham shu mantiqning davomidir.
O‘zbekiston Afg‘onistonni faqat xavf manbai sifatida ko‘rish muammoni hal qilmasligini ta’kidladi. Ko‘p millatli afg‘on xalqini o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirish ham echim emas. Unga tinch hayotga erishish uchun umid va ishonch berish zarur.
Bu yondashuv Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, transport va energetika loyihalari orqali barqarorlikning iqtisodiy asoslarini yaratish borasida O‘zbekiston ilgari surib kelayotgan pozitsiyaning mantiqiy davomidir.
Milliy islohotlar — tashqi siyosatning tayanchi
BMT Bosh Assambleyasi minbaridan O‘zbekistondagi so‘nggi o‘n yillik o‘zgarishlarga ham e’tibor qaratildi.
Rasmiy nutqda mamlakat iqtisodiyoti 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga etgani, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingani va eksport qariyb uch barobar ko‘paygani aytildi. Kambag‘allik darajasi 4 foizga tushgani, qariyb 10 million kishi kambag‘allikdan chiqarilgani qayd etildi.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan qariyb 50 foizga etgani, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66 yoshdan 75 yoshdan yuqoriga ko‘tarilgani, onalar va go‘daklar o‘limi esa to‘rt barobar kamaygani ta’kidlandi.
Bu raqamlarning ahamiyati ularning o‘zidagina emas. Ular O‘zbekiston xalqaro maydonda ilgari surayotgan g‘oyalarning ichki tayanchini ko‘rsatadi. Ya’ni inson kapitali, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya milliy taraqqiyot bilan bir qatorda global Barqaror rivojlanish maqsadlarining ham ajralmas qismidir.
Demografik barqarorlik — yangi kun tartibi
81-sessiya doirasida O‘zbekiston ilgari surayotgan eng dolzarb yangi yo‘nalishlardan biri demografik barqarorlik masalasi bo‘ldi.
Saida Mirziyoyeva Bosh Assambleyadagi nutqida bola davlatning eng katta mas’uliyati ekanini ta’kidladi. Sog‘lom tug‘ilish va sifatli ta’lim faqat bir inson emas, butun jamiyat kelajagini belgilashi qayd etildi.
Bu fikr 24-sentabr kuni Nyu-Yorkda amaliy davomini topdi.
O‘zbekiston Hukumat va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi — UNFPA hamkorligida “Demografik barqarorlik va inson kapitali: barqaror kelajak uchun insonga yo‘naltirilgan islohotlarga investitsiya” mavzusida yuqori darajadagi tadbir o‘tkazildi.
Ushbu muloqotning konseptual ahamiyati shundaki, demografik jarayonlarga munosabatni “demografik xavotir”dan “demografik barqarorlik” yondashuviga o‘tkazish masalasi ilgari surildi.
Dunyo aholisining soni, yosh tarkibi va hududiy joylashuvidagi o‘zgarishlar iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, mehnat bozori, infratuzilma va davlat moliyasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli ishonchli demografik ma’lumotlar asosida kelajak ehtiyojlarini oldindan prognoz qilish davlat siyosatining muhim shartiga aylanmoqda.
Yana bir prinsipial jihat — aholi siyosatida inson huquqlari va shaxsiy tanlov markazda qolishi kerakligi ta’kidlanmoqda. Aholi soni kamayishi yoki jamiyatning qarishi bilan bog‘liq xavotirlar majburlovchi yoki faqat miqdoriy ko‘rsatkichlarga yo‘naltirilgan siyosatga olib kelmasligi zarur.
Gender tengsizligini qisqartirish, oila va mehnat faoliyatini uyg‘unlashtirishga xizmat qiladigan sharoitlarni kengaytirish, bolalar parvarishi imkoniyatlarini yaxshilash ham demografik barqarorlikning muhim shartlari sifatida qaralmoqda.
Tadbir davlatlar, xalqaro moliya institutlari va BMT tizimi o‘rtasida demografik o‘zgarishlarga moslashish bo‘yicha siyosiy echimlarni almashish, moliyaviy hamkorlik va sheriklikni mustahkamlash uchun platforma bo‘ldi.
Bu O‘zbekiston uchun ham strategik masala. Yosh va o‘sib borayotgan aholi katta imkoniyat, ammo u avtomatik ravishda iqtisodiy ustunlikka aylanmaydi. Buning uchun sifatli ta’lim, zamonaviy kasblar, sog‘liqni saqlash, munosib ish o‘rinlari, gender tengligi va samarali ijtimoiy himoya tizimi zarur.
Shu nuqtai nazardan demografik barqarorlik masalasining BMT darajasida ko‘tarilishi O‘zbekistonning milliy rivojlanish ehtiyojlarini global muhokama bilan bog‘layotgan yangi yo‘nalishlardan biridir.
Orolbo‘yi: fojia ramzidan echimlar maydoniga
O‘zbekiston BMT minbaridan Orol muammosiga ham yangicha qarashni taklif qildi.
Orol dengizi tabiiy ofat sababli emas, o‘nlab yillar davomidagi noto‘g‘ri qarorlar va tabiatga nisbatan mas’uliyatsiz munosabat oqibatida qurib borgani ta’kidlandi.
Bugun qurib qolgan dengiz tubida yashil hududlar yaratilmoqda, suv tejovchi zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. O‘zbekiston 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga etkazishni maqsad qilgan.
Biroq BMT minbaridan bildirilgan eng muhim konseptual fikr — Orol faqat ekologik fojia ramzi bo‘lib qolmasligi, balki ekologik echimlarni sinovdan o‘tkazish maydoniga aylanishi kerak, degan yondashuvdir.
O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027–2036 yillarni o‘rmonzorlashtirish va qayta o‘rmonlashtirish bo‘yicha BMT o‘n yilligi deb e’lon qildi. Endi asosiy vazifa ushbu xalqaro qarorni amaliy natijalar bilan mustahkamlashdan iborat.
Bu ham O‘zbekiston diplomatiyasidagi muhim tendensiyani ko‘rsatadi: milliy yoki mintaqaviy muammoni shunchaki xalqaro maydonga olib chiqish emas, balki uni global echimlarni sinovdan o‘tkazish va tajriba almashish platformasiga aylantirish.
Sun’iy intellekt va inson qadr-qimmati
Bosh Assambleya minbaridan O‘zbekiston texnologik taraqqiyotning yana bir muhim masalasini — sun’iy intellektni ham ko‘tardi.
Asosiy savol prinsipial tarzda qo‘yildi: texnologiya insonga xizmat qiladimi yoki inson texnologiyaga moslashishga majbur bo‘ladimi?
O‘zbekiston pozitsiyasiga ko‘ra, texnologik taraqqiyot markazida inson va uning taqdiri turishi shart. Sun’iy intellekt inson huquqlari, xavfsizlik, teng imkoniyatlar va javobgarlik tamoyillaridan ajralmasligi lozim.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston ushbu masalada xalqaro muloqotni kuchaytirish tarafdori ekanini bildirdi.
Bugun sun’iy intellektni boshqarish masalasi texnologiyanings o‘zidan ancha keng tushunchaga aylandi. U inson huquqlari, ta’lim, mehnat bozori, xavfsizlik va global tenglikka bevosita daxl qilmoqda. Shu sababli bu yo‘nalish O‘zbekistonning BMT doirasidagi kelgusi tashabbuslari uchun ham muhim maydon bo‘lishi mumkin.
Qonun ustuvorligi va teng imkoniyatlar
Nutqda qonun ustuvorligi, sudga ishonch va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor berildi.
O‘zbekistonda bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnat bartaraf etilgani, oilaviy zoravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning alohida tizimi yaratilgani qayd etildi. Bugun parlament a’zolarining 39 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham BMT minbaridan keltirildi.
Shu tariqa iqtisodiy taraqqiyot, qonun ustuvorligi va inson huquqlari bir-biridan ajralmas jarayonlar sifatida talqin qilindi.
Ma’rifat va bag‘rikenglik
Bugun axborot texnologiyalari jamiyatlarni bir-biriga yaqinlashtirishi bilan birga, nafrat va stereotiplarni ham misli ko‘rilmagan tezlikda tarqatish imkonini bermoqda.
Shu nuqtai nazardan Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi faqat tarixiy merosni namoyish etadigan mezoniy maskan emas, balki bilim, tafakkur va ma’rifat uyi sifatida taqdim etildi.
O‘zbekiston madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqot, ma’rifat va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni davom ettirishini bildirdi.
Bu yondashuv ham xavfsizlik tushunchasining mazmuni kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Zamonaviy dunyoda xavfsizlik faqat harbiy vositalar bilan emas, balki ta’lim, madaniyat, o‘zaro hurmat va jamiyatlarning turli g‘oyalarga nisbatan barqarorligi bilan ham ta’minlanadi.
O‘zbekiston – BMT: muloqotdan tizimli sheriklikka
Bosh Assambleyaning 81-sessiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining uchrashuvlari ham ko‘p tomonlama hamkorlikning amaliy davomi bo‘ldi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muloqot qildi. Tomonlar O‘zbekiston va BMT birgalikda rivojlantirayotgan asosiy hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Bunday muloqotning ahamiyati shundaki, O‘zbekiston–BMT munosabatlari endi alohida rezolyutsiyalar yoki tadbirlar doirasi bilan cheklanib qolmayapti. Barqaror rivojlanish, inson kapitali, ekologiya, inson huquqlari, mintaqaviy xavfsizlik va texnologik taraqqiyot yagona hamkorlik kun tartibiga birlashmoqda.
Nyu-Yorkdagi uchrashuvlar, Bosh Assambleya minbaridan bildirilgan tashabbuslar va 24-sentabrdagi demografik barqarorlik bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot bir-biridan alohida voqealar emas. Ular O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasida shakllanayotgan yagona yondashuvning tarkibiy qismlaridir.
Tashabbusdan natijaga
Endilikda eng muhim vazifa xalqaro tashabbuslar sonini ko‘paytirishning o‘zi emas, balki ularni amaliy natijaga aylantirishdir.
Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosiy muloqot savdo, transport, suv va energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi; Orolbo‘yi bo‘yicha qarorlar aholi hayot sifati va ekologik barqarorlikda o‘z aksini topishi; demografik barqarorlik bo‘yicha yangi yondashuvlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoyani uzoq muddatli rejalashtirishga xizmat qilishi zarur.
Sun’iy intellekt bo‘yicha ilgari surilgan prinsiplar esa texnologik taraqqiyot bilan inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan amaliy mexanizmlarga aylanishi lozim.
Aynan shu nuqtada «milliy tashabbuslardan global kun tartibiga» degan formula o‘zining to‘liq mazmunini kasb etadi.
Milliy tajriba xalqaro tashabbusga, tashabbus ko‘p tomonlama qarorga, qaror esa inson hayotini yaxshilaydigan amaliy natijaga aylanishi kerak.
BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida O‘zbekiston bildirgan pozitsiyaning asosiy mazmuni ham shunda.
Bugun global muammolar oldida hech bir davlat yakka holda samarali echim topa olmaydi. Shu sababli ko‘p tomonlama hamkorlik O‘zbekiston uchun tashqi siyosatning shunchaki bir yo‘nalishi emas, balki milliy taraqqiyot, mintaqaviy barqarorlik va global mas’uliyatni o‘zaro bog‘lovchi mexanizmga aylanmoqda.
O‘zbekiston tanlagan yo‘l — ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va muloqot.
Bu yo‘lning markazida esa inson qadr-qimmati turadi.
Jahongir ISAYEV,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i