2026-yil 21-oktabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tashkil topganining 81 yilligi munosabati bilan Chirchiq davlat pedagogika universitetida “O‘zbekiston – BMT: hamkorlik istiqbollari” mavzusida respublika davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Barqaror rivojlanish markazining Toshkent viloyati bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Anjumanda oliy yuridik ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, soha mutaxassislari, yosh olimlar hamda talabalar — jami 300 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi 34 yillik ko‘p tomonlama hamkorlikning strategik yakunlari, erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar akademik nuqtai nazardan tahlil qilindi.
Davra suhbatini kirish so‘zi bilan ochgan Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.Turg‘unov hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti prorektori R.Ikromov anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi. Ma’ruzachilar Yangi O‘zbekistonda BMT doirasidagi inson huquqlari, erkinliklarini rag‘batlantirish, himoya qilish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini alohida ta’kidladilar.
Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda milliy davlatchilik poydevori mustahkamlanib, inson qadrini ulug‘lash va xalqaro huquq normatividan kelib chiqqan holda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirildi.
Anjumanda so‘zga chiqqan A.Tulyaganov, B.Akromxodjayev va M.X.Baratovlar BMT faoliyatini zamonaviy chaqiriqlarga moslashtirish, uning institutsional samaradorligini oshirish va tuzilmaviy islohotlarni amalga oshirish masalalariga to‘xtaldilar. Ta’kidlanganidek, xalqaro institutsional mexanizmlarni maqbullashtirish va dasturlarni qayta ko‘rib chiqish global muammolarni tezkor va natijador hal etishning muhim omili hisoblanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Hozirgi kunda tomonlar o‘rtasida 200 ga yaqin qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amaliyotga joriy etilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘zida BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi hamda Toshkent shahrida “BMT-Ayollar” (UN Women) tuzilmasining vakolatxonasi ochilishi ikki taraflama munosabatlarning yuksak maqomidan dalolat beradi.
O‘zbekiston BMTning teng huquqli a’zosi sifatida ko‘p tomonlamalik, xalqaro huquq normalariga rioya etish va global barqarorlikni saqlash prinsiplariga qat’iy amal qilmoqda. Mamlakatimiz xalqaro nizolarni tinch va diplomatiya yo‘li bilan hal etish, qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish hamda xalqaro muloqotni rivojlantirishga qaratilgan qator global tashabbuslarni ilgari surmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida ilgari surilgan amaliy takliflar BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyalari ko‘rinishida xalqaro hamjamiyat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan:
• “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”;
• “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”;
• “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot”;
• “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish” to‘g‘risidagi rezolyutsiyalar shular jumlasidandir.
Anjuman sho‘ba majlislarida va ilmiy muzokaralarda BMTning terrorizmga va qiynoqlarga qarshi kurashishga oid konvensiyaviy hujjatlari, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Barqaror rivojlanish maqsadlari”, “O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti: kecha va bugun” hamda “BMT va O‘zbekiston Respublikasi munosabatlari: tashabbuslar va istiqbollar” mavzularida chuqur tahliliy ma’ruzalar tinglandi.
Muzokaralar yakunida ishtirokchilar va talabalar o‘rtasida mavzuga doir interaktiv viktorina o‘tkazilib, kelib tushgan savollarga atroflicha ilmiy-amaliy javoblar berildi. Anjuman so‘ngida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) milliy darajada samarali rejalashtirish va monitoring qilishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar paketi ishlab chiqildi.
Barqaror rivojlanish markazi
Toshkent viloyati bo‘linmasi