Ona tilimizning ravnaqi, istiqboli millat kelajagi bilan bevosita bogʻliqdir. Mana bir necha yildirki, mamlakatimizda 21-oktyabr «Oʻzbek tili bayrami» sifatida baland ruhda nishonlanmoqda.
Har yili 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayramini nishonlar ekanmiz, asosiy masala tilimizning qadrini shunchaki yodga olishda emas, balki uni rivojlantirish borasida belgilangan strategik maqsadlarga qay darajada erishayotganimizdadir.
Tarixiy raqamlarga nazar tashlasak, 1989-yil 21-oktyabrda «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilingan boʻlsa, oradan yillar oʻtib oʻzbek tilining davlat tili maqomi Konstitutsiyaning 4-moddasida mustahkamlandi. Prezidentning 2019-yil 21-oktyabrdagi PF-5850-son Farmoni bilan bu sanani «Oʻzbek tili bayrami kuni» deb eʼlon qilish taklifi maʼqullandi, 2020-yil 10-aprelda esa ushbu bayram qonun bilan rasman kuchga kirdi.
Eng muhimi, 2020-yil 20-oktyabrda Prezidentning PF-6084-son Farmoni bilan «2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi» tasdiqlandi. Ushbu hujjatda davlat tilining nufuzini oshirish boʻyicha aniq raqamli koʻrsatkichlar belgilangan: xorijiy oliy taʼlim muassasalaridagi oʻzbek tili markazlari sonini amaldagi 17 tadan 2030-yilgacha 60 taga yetkazish, tilning milliy elektron korpusini yaratish va dasturiy mahsulotlarning oʻzbekcha ilovalarini ishlab chiqish. Soʻnggi yillarda xorijiy universitetlarda oʻzbek tilini oʻqitish boʻyicha bir qator loyihalar boshlandi. Biroq ularning barqarorligi va amaliy natijadorligi bir xil emas.
2025-yil 14-oktyabrda Oksfordda oʻzbekshunoslik dasturining rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtdi. Dastur «El-yurt umidi» jamgʻarmasi va Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida tashkil etilgan boʻlib, 3 yilga moʻljallangan. Uning doirasida Oʻzbekistondan boradigan oʻqituvchilar har 6 oyda almashib turadi. Loyiha muhim natijalarga erishish uchun katta imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, xorijda mustahkam fundamental ilmiy maktabni shakllantirish uchun loyiha muddati va oʻqituvchilar tarkibi barqarorligini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Loyihaning muvaffaqiyati taqdimot bilan emas, balki dastur yakunida qancha talaba tilni mukammal oʻrgangani va u doimiy kurs sifatida saqlanib qolgani bilan oʻlchanishi kerak.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Xitoy Xalq Respublikasining Sian xorijiy tillar universitetida «Oʻzbek tili» boʻyicha toʻrt yillik toʻliq bakalavriat yoʻnalishi ochildi. Bu oʻzbek tilining Xitoyda shunchaki fakultativ kurs emas, balki mustaqil mutaxassislikka aylanganini anglatadi. Biroq ilk bitiruvchilar 2030-yilda mehnat bozoriga kiradi. Demak, ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy loyihalar uchun tayyor kadrlarning amaliyot tizimini hozirdanoq oʻylash zarur.
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan 2022-yildan buyon Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Turkiya va Italiyada Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va madaniyati markazlari tashkil etilgan. Loyiha doirasida jami 300 dan ortiq xorijlik oʻqitilgan va A1, A2, V1 darajali darsliklar yaratilgan. Bu tizimli omil hisoblansa-da, hozircha bor-yoʻgʻi 4 ta markaz mavjud. Bu Kontseptsiyada 2030-yilgacha belgilangan 60 ta markaz koʻrsatkichining atigi 6,6 foizini tashkil etadi, xolos.
Barqarorlik nuqtai nazaridan eng samarali model – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tajribasida koʻrindi. Bu yerda oʻzbek tilini oʻrgangan koreyalik doktorant dissertatsiya himoya qilib, hozir Janubiy Koreyaning Hanguk xorijiy tillar universitetida professor sifatida kafedra boshqarmoqda. Bu shundan dalolat beradiki, xorijda tilni rivojlantirishning eng ishonchli yoʻli Oʻzbekistonda tahsil olgan chet ellik olimlarning oʻz yurtida doimiy maktablar ochishini qoʻllab-quvvatlashdir.
Til rivojlanishi shunchaki madaniy fenomen emas, u BRMning bir nechta maqsadlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqdir. YuNESKOning 2025-yildagi «Languages matter» qoʻllanmasi maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisining 40 foizi oʻzlari erkin gaplashadigan va tushunadigan tilda taʼlim olish imkoniyatiga ega emas. Oʻzbekistonda taʼlim davlat tilida olib borilsa-da, aniq va tabiiy fanlar (fizika, axborot texnologiyalari, tibbiyot) boʻyicha zamonaviy ilmiy adabiyotlarning oʻzbek tilida yetishmasligi talabalarni rus va ingliz tilidagi manbalarga qaram qilib qoʻymoqda. Bu esa bilim olishda ichki tengsizlikni keltirib chiqaradi.
Raqamli dunyoda tilning yashab qolishi unung sunʼiy intellekt (SI) tizimlariga integratsiyasi bilan belgilanadi. Prezidentning 2025-yil 22-oktyabrdagi PF-189-son Farmoniga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi zimmasiga 2026-yil yakuniga qadar kamida 15 milliard parametrli «Oʻzbek tili korpusi»ni yaratish va uni 5 ta ochiq katta til modellariga (LLM) integratsiya qilish vazifasi yuklangan. Maʼlumot uchun, hozirgacha eng yirik ochiq oʻzbek nutq korpusi (105 soatlik ovoz) 2021-yilda Qozogʻistonning ISSAI tadqiqot instituti tomonidan yaratilgan edi. Milliy IT-infratuzilmani rivojlantirish uchun ushbu 15 milliardlik korpus mahalliy startaplar uchun ochiq boʻlishi kerak.
Davlat xizmatlari va yuridik hujjatlar tilining soddalashtirilishi qishloq aholisi va keksa avlodning axborotga erishish imkoniyatini kengaytiradi va ijtimoiy toʻsiqlarni kamaytiradi.
Yuqoridagi tahlillar davlat tilining xalqaro nufuzini yuksaltirish, uning taʼlim va ilm-fan sohalaridagi mavqeini mustahkamlash hamda raqamli makondagi imkoniyatlarini kengaytirish uchun tizimli va amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini koʻrsatadi. Shu maqsadda quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq:
Onlayn reyestr: Chet eldagi oʻzbek tili markazlari, talabalar soni va natijalarini koʻrsatib turadigan yagona raqamli baza yaratish.
Aniq natija (KPI): Xorijiy universitetlar bilan tuziladigan shartnomaga faqat oʻqituvchi yuborish emas, balki ilmiy maqola yozish va kursning barqaror ishlashini majburiyat qilib qoʻyish.
Ochiq kod (Open Source): Yaratilayotgan oʻzbek tili korpusini IT kompaniyalarga ochib berish — bu sifatli ovozli yordamchilar va tarjimonlarni tezroq yaratadi.
Zamonaviy darsliklar: Mablagʻni faqat lugʻatga emas, sunʼiy intellekt, bioinjeneriya va yashil energetika boʻyicha jahon darsliklarini tarjima qilishga yoʻnaltirish.
Xalqaro imtihon (TOEFL analogi): Dunyoning istalgan nuqtasidan topshirib boʻladigan, CEFR talablariga javob beradigan yagona onlayn sertifikatlash tizimini ishga tushirish.
Soʻnggi yillarda oʻzbek tilini xorijda ommalashtirish boʻyicha Oksford va Sian universitetlari misolida muhim qadamlar qoʻyildi, ammo bu tashabbuslarning aksariyati boshlangʻich yoki tajriba bosqichida boʻlib, ularning haqiqiy samarasi 2028–2030-yillarga borib namoyon boʻladi.
Oʻzbek tilining xalqaro maydondagi kuchi ochilgan markazlar soni yoki oʻtkazilgan taqdimotlar bilan emas, balki tayyorlangan soha mutaxassislari, yaratilgan raqamli resurslar va tilimizni tushunadigan global texnologiyalar hajmi bilan oʻlchanishi zarur. 2030-yilgacha belgilangan milliy maqsadlarga erishish uchun aynan mana shu sifat koʻrsatkichlari ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishi lozim.
Madinabonu Sharifova
Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi