Dunyoda aholi bandligini ta'minlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalardan biri bo'lib qolmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining 2026-yilgi hisobotiga ko'ra, jahonda ishsizlik darajasi 4,9 foiz atrofida bo'lishi kutilmoqda, ishlashni istasa-da, ish topish imkoniyatiga ega bo'lmagan aholi soni esa 408 million kishiga yetishi prognoz qilingan. Bu raqamlar samarali bandlikni ta'minlash, barqaror daromad manbalarini yaratish va barcha uchun munosib mehnat sharoitlarini shakllantirish naqadar muhimligini ko'rsatadi.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida ham ushbu masalaga alohida e'tibor qaratilgan. Xususan, 8-maqsad barqaror iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish, to'liq va samarali bandlikni ta'minlash hamda barcha uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan. Bugungi kunda texnologik taraqqiyot, raqamlashtirish va sun'iy intellektning keng joriy etilishi mehnat bozorida yangi talablarni yuzaga keltirayotgani ham kasbiy tayyorgarlikni oshirish va zamonaviy ko'nikmalarni egallash zaruratini kuchaytirmoqda.
Mazkur masalalar 2026-yil 21-oktyabr kuni Toshkent viloyati Yangiyo'l shahar kutubxonasida Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo'limi hamda Yangiyo'l shahar hokimligi hamkorligida o'tkazilgan “Barqaror rivojlanishni ta'minlashda munosib mehnat va bandlikning ahamiyati” mavzusidagi jamoatchilik muhokamasida ham markaziy o'rin tutdi. Unda hokimlik xodimlari va mahalla fuqarolari yig'inlari raislari ishtirok etdi.
Muhokamaning asosiy maqsadi aholi bandligini ta'minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, xotin-qizlar va yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish hamda mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo'ldi.
Bandlikni ta'minlashda manzilli yondashuv
Mamlakatimizda aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish borasidagi islohotlar insonning iqtisodiy imkoniyatlarini ro'yobga chiqarish, oilalar daromadlarini oshirish va aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
Bu jarayonda mahalla institutining o'rni alohida. Xonadonlarni xatlovdan o'tkazish, ishsiz fuqarolar, xotin-qizlar va yoshlarning bandlik holatini o'rganish, ularning kasbiy malakasi, qiziqishlari va ehtiyojlarini aniqlash orqali manzilli ishlash tizimi yo'lga qo'-yilmoqda. Bunday yondashuv har bir fuqaroning imkoniyatlaridan kelib chiqib, uni ishga joylashtirish, kasb-hunarga o'qitish yoki tadbirkorlikka yo'naltirishga xizmat qiladi.
Kambag'al oilalarni aniqlash va qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy reyestrlar va daftarlar orqali ehtiyojmand aholi bilan ishlash ham bandlikni ta'minlashning muhim yo'nalishlaridan hisoblanadi. Bunda fuqarolarning mustaqil daromad topishi, kasbiy ko'nikmalarini oshirishi va iqtisodiy faolligini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xonadonlarda kichik ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish faoliyatini yo'lga qo'yish uchun imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va mehnat qurollari bilan ta'minlash kabi mexanizmlar aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda mahalla tavsiyasi va hokim yordamchilarining ko'magi muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolarni o'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida ro'yxatdan o'tkazish hamda ularni kasb-hunarga o'qitish va qayta tayyorlash orqali mehnat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytirishga e'tibor berilmoqda. Monomarkazlar va boshqa kasbiy tayyorgarlik muassasalari fuqarolarga talab yuqori bo'lgan kasblarni egallash, yangi ko'nikmalarni o'zlashtirish va ishga joylashish imkoniyatlarini oshirishga ko'maklashadi.
Ushbu chora-tadbirlarning ahamiyati shundaki, bandlik siyosati faqat ish o'rinlarini yaratish bilan cheklanmay, insonning o'z salohiyatini namoyon etishi, barqaror daromad topishi va oila farovonligini oshirishiga ham yo'naltirilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasi — hamkorlik va amaliy yechimlar maydoni
Yangiyo'l shahridagi jamoatchilik muhokamasi aholi bandligi masalalarini keng jamoatchilik ishtirokida ko'rib chiqish, mavjud imkoniyatlar haqida ma'lumot berish va mahalliy darajadagi vazifalar yuzasidan fikr almashish uchun muhim maydon bo'ldi.
Bunday tadbirlar davlat organlari va fuqarolik jamiyati o'rtasida ochiq muloqotni rivojlantirish, aholining ehtiyojlarini chuqurroq o'rganish va muammolar yechimi bo'yicha amaliy takliflarni shakllantirish imkonini beradi. Ayniqsa, mahalla raislari va mahalliy idoralar vakillarining ishtiroki muhim, chunki ular aholi bilan bevosita muloqotda bo'lib, ishsizlik, kasbga o'qitish va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bog'liq ehtiyojlarni yaxshi biladi.
Shu bilan birga, jamoatchilik muhokamalari aholining mehnat huquqlari, mavjud imtiyozlar va bandlik imkoniyatlari haqidagi xabardorligini oshirishga xizmat qiladi. Muhokamalarda bildirilgan takliflarni umumlashtirish, tegishli tashkilotlarga yetkazish va ularning amaliy yechimini izlash esa bunday tadbirlar samaradorligini oshirishning muhim shartidir.
Zero, barqaror rivojlanish iqtisodiy ko'rsatkichlarning o'sishi bilangina emas, balki insonlarning munosib mehnat qilishi, barqaror daromadga ega bo'lishi va kelajakka ishonch bilan qarashi uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan ham belgilanadi. Shu ma'noda, aholi bandligini ta'minlashga qaratilgan islohotlarni jamoatchilik bilan birgalikda muhokama qilish va mahalliy tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.