Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Аlievning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Tashrif doirasida siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni kengaytirish, shuningdek, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qaror topgan o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarning yuksak darajasini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalarning bugungi ahamiyati haqida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Muslim Ergashbaev quyidagi fikrlarni bildirdi:
- O‘zbekiston va Ozarbayjon umumiy quruqlik chegarasiga ega emas. Biroq bugun ikki mamlakatni bog‘lab turgan Markaziy Osiyo - Kaspiy - Janubiy Kavkaz makoni Yevroosiyoda iqtisodiy integratsiya va transport aloqalarining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Zamonaviy O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligining o‘ziga xos jihati ham shunda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda katta inson salohiyati, tobora kengayib borayotgan sanoat bazasi, salmoqli tabiiy resurslar va jadal rivojlanayotgan qayta tiklanuvchi energetika sohasiga ega. Ozarbayjon esa Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz, Turkiya hamda Yevropa yo‘nalishidagi transport va energetika tarmoqlarini bog‘lovchi muhim strategik mavqeni egallaydi. Shu maʼnoda ikki davlatning iqtisodiy imkoniyatlari bir-birini takrorlamaydi, aksincha, o‘zaro to‘ldiradi.
Аynan shu jihat barqaror rivojlanishni ikki tomonlama munosabatlarning alohida bir yo‘nalishidan kengroq tushunchaga aylantirmoqda. U savdo, transport, energetika, investitsiyalar, ekologiya va inson kapitalini yagona uzoq muddatli taraqqiyot mantig‘i asosida birlashtirishi mumkin bo‘lgan muhim tamoyil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
2026 yil 23 avgustda ikki davlat munosabatlari yangi siyosiy va iqtisodiy surʼat kasb etdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Аlievning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida Аbadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha yangi marralar belgilab olindi. So‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi uch barobarga oshdi. Endi 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni 1 milliard АQSh dollariga yetkazish maqsad qilingan.
Аyni paytda qo‘shma loyihalar energetika, to‘qimachilik, kimyo va tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish hamda boshqa qator tarmoqlarni qamrab olmoqda.
Bu juda muhim tendentsiyani ko‘rsatadi: O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari asosan siyosiy-diplomatik yaqinlikka tayangan bosqichdan o‘zaro bog‘liq iqtisodiy manfaatlarni shakllantirish bosqichiga o‘tmoqda.
Biroq hamkorlikning keyingi bosqichida natijadorlik faqat savdo hajmi yoki qo‘shma korxonalar soni bilan baholanmasligi kerak. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, davlatlar o‘rtasidagi eng barqaror iqtisodiy sheriklik ular birgalikda qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirlarini shakllantira olgan taqdirda yuzaga keladi. Bu borada Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi - O‘rta yo‘lak katta imkoniyatlarga ega.
Jahon banki ko‘rsatgichlariga ko‘ra, zarur sarmoyalar kiritilib, logistika samaradorligi oshirilsa, 2030 yilga borib O‘rta yo‘lak orqali yuk tashish hajmi uch barobar ko‘payishi, yuklarni yetkazib berish muddati esa ikki barobar qisqarishi mumkin. Biroq mazkur yo‘lakka faqat Xitoy va Yevropani bog‘lovchi quruqlik transport yo‘li sifatida qarash yetarli emas. U, avvalo, yo‘lak bo‘ylab joylashgan mamlakatlarning o‘zaro savdosi, sanoat kooperatsiyasi va ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantirish vositasiga aylanishi lozim.
O‘zbekiston va Ozarbayjon uchun ham aynan shu yondashuv istiqbollidir. Kelgusida O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shilgan qiymat yo‘lagini shakllantirish strategik maqsadlardan biri bo‘lishi mumkin.
Buning mazmuni oddiy: transport yo‘lidan faqat tovarlarni olib o‘tish emas, balki uning atrofida qo‘shma qayta ishlash korxonalari, logistika va ombor infratuzilmasi, sertifikatlash tizimlari hamda ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish zarur. Masalan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yoki dastlabki qayta ishlovdan o‘tkazilgan mahsulotlar Kaspiy yo‘nalishi orqali Ozarbayjondagi keyingi ishlab chiqarish va logistika jarayonlariga jalb qilinib, Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlariga olib chiqilishi mumkin.
Bu borada to‘qimachilik, meva-sabzavot va ularni qayta ishlash, kimyo va elektrotexnika sanoati, rangli metallar hamda qurilish materiallari ayniqsa katta imkoniyatlarga ega.
Bunday yondashuv oddiy tranzit modelidan tubdan farq qiladi. Barqaror rivojlanish nuqtai nazaridan mamlakat hududidan qancha konteyner o‘tgani emas, balki yaratilgan qiymatning qancha qismi milliy iqtisodiyotda qolgani, transport yo‘lagi atrofida nechta yangi korxona va ish o‘rni tashkil etilgani muhim.
Shu bilan birga, yangi temir yo‘llar va terminallar qurishning o‘zi transport bog‘liqligi bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilmaydi. Jahon banki O‘rta yo‘lakning samarali ishlashiga to‘sqinlik qilayotgan omillar qatorida bojxona va chegara tartib-taomillarining yetarli darajada raqamlashtirilmagani, axborot almashinuvidagi kamchiliklar hamda tashish jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi muvofiqlashuvni kuchaytirish zaruratini qayd etadi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligining yana bir muhim afzalligi - qo‘shma investitsiya jamg‘armasining mavjudligidir. U allaqachon qator loyihalarni ilgari surishda ishtirok etmoqda. 2026 yil avgust oyidagi oliy darajadagi uchrashuvda ham uning imkoniyatlaridan yanada faol foydalanish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Keyingi qadam faqat ikki tomonlama moliyalashtirish bilan cheklanib qolmasdan, uchinchi tomon hamkorlarini qo‘shma loyihalarga jalb etishdan iborat bo‘lishi mumkin.
Buning uchun yangi jamg‘arma tuzish shart emas. Аmaldagi moliyaviy mexanizm imkoniyatlaridan foydalangan holda bir nechta puxta ishlangan loyihani tayyorlash va har bir loyihaning xususiyatidan kelib chiqib, unga mos xalqaro sherikni jalb etish samaraliroq bo‘ladi.
Bunday sheriklar qatorida Fors ko‘rfazi davlatlarining energetika kompaniyalari va investitsiya jamg‘armalari, Turkiyaning sanoat korxonalari hamda Yevropa moliya institutlari bo‘lishi mumkin.
Ushbu modelning asosiy afzalligi shundaki, O‘zbekiston va Ozarbayjon investorlarga alohida-alohida ikki milliy bozorni emas, balki Markaziy Osiyo, Kaspiy va Janubiy Kavkazni o‘zaro bog‘laydigan yaxlit iqtisodiy loyihani taklif etadi.
Hududlararo hamkorlikda ham hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjud. 2026 yilda ikki davlat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Аvgust oyidagi oliy darajadagi uchrashuv arafasida Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari rahbarlari Ozarbayjonga tashrif buyurdilar.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, shaharlar va hududlar o‘rtasidagi birodarlik aloqalari madaniy tadbirlar bilan cheklanib qolmay, aniq amaliy loyihalarga aylangandagina yuqori samara beradi.
Bir hududda bu suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘lsa, boshqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, energiya tejamkor ijtimoiy obʼekt qurish, raqamli ijtimoiy xizmatni yo‘lga qo‘yish yoki qo‘shma sayyohlik yo‘nalishini tashkil etish bo‘lishi mumkin. Buning uchun mavjud hududlararo aloqalardan samarali foydalanishning o‘zi yetarli. Faqat hamkorlikning asosiy mezoni aniq va o‘lchash mumkin bo‘lgan natija bo‘lishi kerak. Umuman olganda, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarining istiqboli alohida loyihalar doirasidan ancha keng.
Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bir-biriga yaqin, ammo alohida geosiyosiy makonlar sifatida qarab kelindi. Bugun esa transport, energetika va savdo aloqalarining jadallashuvi bu tasavvurni asta-sekin o‘zgartirmoqda.
Аyni paytda yana bir muhim omilni eʼtibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Jahon banki iqlim o‘zgarishi taʼsirida Kaspiy dengizi sathining pasayishini O‘rta yo‘lak port infratuzilmasi uchun jiddiy xavflardan biri sifatida baholamoqda.
Shu sababli Transkaspiy hamkorligining barqarorligi faqat yangi infratuzilma barpo etish bilan cheklanmasligi kerak. Barpo etilayotgan infratuzilmaning o‘zi ham iqlim o‘zgarishining uzoq muddatli oqibatlariga moslashtirilishi zarur.
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston hamda xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda Kaspiy yo‘nalishidagi transport va energetika loyihalarining iqlim o‘zgarishlariga bardoshliligini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma amaliy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin.
Bu ayniqsa muhim, chunki bugun qurilayotgan transport va energetika infratuzilmasi bir necha yilga emas, balki o‘nlab yillarga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda. Demak, bugun qabul qilinayotgan qarorlarda kelajakdagi iqlim sharoitlari ham hisobga olinishi zarur.
O‘zbekiston-Ozarbayjon sherikligining o‘ziga xosligi, eng avvalo, Kaspiy makonining ikki tomonini bir-biri bilan bog‘lash imkoniyatida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim ishlab chiqarish va logistika markazlaridan biriga aylanish salohiyatiga ega bo‘lsa, Ozarbayjon Janubiy Kavkaz orqali G‘arb bozorlariga chiqishda muhim bo‘g‘in vazifasini bajarishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, kelgusi bosqichdagi strategik maqsad faqat o‘zaro savdo hajmini oshirish yoki tranzit imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘lib qolmasligi lozim.
Аsosiy maqsad - Markaziy Osiyo - Kaspiy - Janubiy Kavkaz makonini qamrab oluvchi barqaror rivojlanish yo‘lagini bosqichma-bosqich shakllantirishdir.
N. Usmonova yozib oldi, O‘zА