Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi uch avlod taqdirida

14-09-2026 10

    2026-yil 12-sentyabr kuni Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi Yangiariq qurilish va transport texnikumida “O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi uch avlod taqdirida” mavzusida ma’rifiy davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Yangiariq tumani “Nuroniy” jamg‘armasi hamda Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati bo‘linmasi hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirda nuroniylar, texnikum o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlardan iborat uch avlod vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvni kirish so‘zi bilan texnikum direktori Sh. Xudayberganov ochdi.

    Davra suhbatida Yangiariq tumani “Nuroniy” jamg‘armasi rahbari Azim Madrahimov so‘zga chiqib, mustaqillik yillarida keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ularning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni hamda “mahalliy yettilik” faoliyatidagi samarali ijtimoiy ta’siriga to‘xtaldi. Spiker o‘z nutqida Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi uchun zamonaviy bilimlarni egallagan, mustaqil fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislari yetishib chiqishi zarurligi haqidagi da’vatini alohida ta’kidladi.

    Tadbir davomida Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati bo‘linmasi rahbari, professor B. Ro‘zmetov mamlakatimizni barqaror rivojlantirishga qaratilgan 7 ta ustuvor yo‘nalish va ularning amaliy ahamiyatini yoritib berdi:

•    Bilim va malaka:    Inson kapitalini mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish. O‘zbekistonning bosh boyligi nafaqat tabiiy resurslar, balki bilimli va yuqori malakali mutaxassislar hisoblanadi.

•    Sog‘lom va uzoq umr:    Aholi turmush sifatini oshirish va umr davomiyligini uzaytirish. Jamiyat rivoji faqat yashalgan yillar soni bilan emas, balki hayotning sifati bilan belgilanadi.

•    Yuqori texnologiyali iqtisodiyot:    Iqtisodiyotni innovatsiyalar, yuqori mezonli texnologiyalar hamda mehnat unumdorligiga asoslangan zamonaviy modelga o‘tkazish.

•    Suv va tabiatni muhofaza qilish:    Ekologik barqarorlikni ta’minlash va tabiiy resurslarga munosabatni tubdan o‘zgartirish — kelajak avlodlar uchun munosib yashash muhitini yaratish garovidir.

•    Adolat va qonun ustuvorligi:    Sud mustaqilligini kuchaytirish hamda har bir fuqaro huquqlari ishonchli himoya qilinadigan adolatli jamiyat barpo etish.

•    Kuchli mahalla:    Mahallani jamiyat rivojlanishining asosiy tashabbuskori va buyurtmachisiga aylantirish. Rivojlanish va muammolar yechimi bevosita aholining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

•    Tinchlik, do‘stlik va xalqaro nufuz:    O‘zbekistonning bag‘rikeng va tinchliksevar mamlakat sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlash, ochiq va ishonchli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

    Taqdim etilgan barcha yo‘nalishlarda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) o‘z amaliy aksini topgani ta’kidlandi.

    Mazkur davra suhbati mamlakatda barqaror rivojlanish asoslarini va ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilarning faol savol-javoblari va mazmunli muhokamalari bilan yakunlandi.

    B.Ruzmetov

    Barqaror rivojlanish markazi

    Xorazm viloyat bo‘linmasi rahbari, professor