Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekiston – BMT: hamkorlik istiqbollari

23-10-2026 78

    2026-yil 21-oktabr kuni Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘limi, Davlat va huquq instituti hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti hamkorligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganining 81 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston – BMT: hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati o’tkazildi.    

    Anjuman davomida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi 34 yillik hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kelgusidagi rejalar xususida fikr almashildi.

    Chirchiq davlat pedagogika universitetida o‘tkazilgan anjumanda oliy yuridik ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

    Dastavval kirish so‘zi bilan ishtirok etgan institut direktori, yu.f.d, prof. M.Turg‘unov, universitet prorektori R.Ikromov anjuman ishiga muvaffaqiyat tilar ekan, Yangi O‘zbekistonda BMT doirasida inson huquqlari va erkinliklarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanishini ta’kidladilar. O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda milliy davlatchilik, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga hurmat tamoyillarini ta’minlashning mustahkam poydevori barpo etilgani qayd etildi.

    Anjumanda so‘zga chiqqan A.Tulyaganov, B.Akromxodjaev, M.X.Baratovlar BMT faoliyatini tubdan o‘zgartirish – samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini aniqlash, vakolatlarni bajarish tartibini qayta ko‘rib chiqish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar hamda dasturlarni qayta tuzishga qaratilganligini bildirdilar.

    So‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilib, 200 ga yaqin qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘zida tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT Bosh assambleyasining 81-sessiyasi raisi O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda “BMT-Ayollar” tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

    BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda.

    O‘zbekistonning keyingi yillardagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi BMT Bosh Assambleyasi qator maxsus rezolyutsiyalarining qabul qilinishida namoyon bo‘ldi. Jumladan, qisqa davrda: “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”, “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot”, “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” deb e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilingani buni yaqqol tasdiqlaydi.

    Xulosa o‘rnida aytganda, uzoq muddatli tinchlikning faol tarafdori va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tashabbuskori sifatida O‘zbekiston bundan buyon ham BMT va unga a‘zo davlatlar bilan hamkorlikka katta e‘tibor qaratadi. Bunda BMT rahbariyatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirish mumkin. Zero, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar BMT global maqsadlari, shu jumladan, sayyoramizda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.

    Anjumanda BMTning terrorizmga, qiynoqlarga qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan muhim hujjatlari, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Barqaror rivojlanish maqsadlari”, “O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti: kecha va bugun”, “BMT va O‘zbekiston Respublikasi munosabatlari: tashabbuslar va istiqbollar” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

    Kelib tushgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Mavzuga doir viktorina o‘tkazildi.

    Yakunda O’zbekiston – BMT hamkorligiga doir qator taklif-tavsiyalar bildirildi.

Barqaror rivojlanish markazi

Toshkent viloyati bo‘linmasi