Shu kunlarda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, Toshkent shahar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash markazi vakillari Business diplomat xalqaro tashkiloti hamda Barqaror rivojlanish markazi delegatlaridan iborat delegatsiya AQSHda bo‘lib turibdi.
Safar davomida Nyu York shahrida mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini AQSH bozorida sotish imkonini beruvchi UZBEX platformasi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Avazbek Xalbekov o‘z ma’ruzasida ushbu tashabbusning global iqtisodiy integratsiya hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Mazkur platforma o‘zbekistonlik tadbirkorlar va hunarmandlarning mahsulotlarini Amerika bozoriga olib chiqish hamda ularning xalqaro savdo aloqalarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.