Prezident Shavkat Mirziyoyevning 8–9-iyul kunlari Belarusga rasmiy tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston–Belarus hamkorligi oddiy savdo aloqalari doirasidan chiqib, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, logistika, hududlararo muloqot va texnologik sheriklikni qamrab olayotgan amaliy iqtisodiy kun tartibiga aylanmoqda.
Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy manfaat, ochiq muloqot va pragmatik sheriklik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan faol tashqi siyosat konsepsiyasi mamlakatning xalqaro maydondagi ishtirokini faqat diplomatik muloqot bilan cheklamay, uni investitsiya, texnologiya, sanoat kooperatsiyasi va eksport bozorlariga chiqish kabi aniq iqtisodiy natijalar bilan bog‘lamoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Belarus Respublikasi bilan munosabatlar O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 8–9-iyul kunlari Minsk shahrida amalga oshirilayotgan oliy darajadagi muloqot aynan shu jarayonning mantiqiy davomi bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tashrif dasturida oliy darajadagi muzokaralar, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirish masalalari markaziy o‘rin tutadi. Tashrif arafasida Minskda ikki mamlakat hududlari delegatsiyalari va ishbilarmon doiralari ishtirokida III Hududlararo forumning o‘tkazilishi esa mazkur muloqotga amaliy mazmun bag‘ishlamoqda.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yilda o‘rnatilgan. O‘tgan davrda sanoat, savdo, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, transport, ta’lim va madaniyat sohalarini qamrab olgan mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza shakllandi. Biroq so‘nggi yillarda munosabatlar mazmunan yangi bosqichga ko‘tarildi: Toshkent va Minsk o‘rtasidagi muloqotda deklarativ yondashuvdan ko‘ra, ishlab chiqarish, eksport, investitsiya va hududlararo bog‘liqlik kabi amaliy yo‘nalishlar ustuvorlik kasb etmoqda.
Buni raqamlar ham tasdiqlaydi. 2017–2025-yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 5,3 baravarga oshib, 182,4 million dollardan 965 million dollarga yetdi. 2025-yilda O‘zbekistonning Belarusga eksporti 186,5 million dollar, import hajmi esa 778,5 million dollar bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichlar, bir tomondan, savdo aloqalaridagi ijobiy dinamikani ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, eksport tarkibini kengaytirish va savdo muvozanatini bosqichma-bosqich yaxshilash zaruratini ham namoyon etadi.
Joriy yilda ham o‘sish sur’ati saqlanmoqda. 2026-yilning birinchi choragida o‘zaro tovar ayirboshlash qariyb 50 foizga oshib, 259,7 million dollarga yetgan. Bu esa 2026-yil yakunida 1 milliard dollarlik dovondan o‘tish va 2030-yilga borib 2 milliard dollarlik maqsadga yaqinlashish uchun mustahkam asos yaratadi.
Muhimi, bu o‘sish faqat tovarlar almashinuvi emas, balki ikki iqtisodiyotning o‘zaro to‘ldiruvchi salohiyatiga tayanmoqda. Belarus mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi texnikasi, kommunal texnika, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va sanoat texnologiyalari bo‘yicha katta tajribaga ega. O‘zbekiston esa jadal rivojlanayotgan ichki bozor, agrar sektorni modernizatsiya qilish ehtiyoji, o‘sib borayotgan sanoat bazasi va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyati bilan Belarus biznesi uchun muhim sherikka aylanmoqda.
Ayniqsa sanoat kooperatsiyasi ikki tomonlama munosabatlarning asosiy drayveriga aylanishi mumkin. Minsk traktor zavodi, Minsk avtomobil zavodi kabi korxonalarning texnologik salohiyati O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va kommunal texnikani mahalliylashtirish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, servis markazlari tarmog‘ini kengaytirish va kadrlar tayyorlash bilan uyg‘unlashsa, hamkorlik oddiy importdan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tadi.
Bu yo‘nalishda investitsiyaviy asos ham shakllanib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokida 258 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 63 tasi qo‘shma korxona, 195 tasi to‘liq xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. 2025-yilda Belarusdan kiritilgan investitsiyalar 76,5 million dollardan oshgan, 2016–2025-yillarda jami investitsiyalar hajmi 170 million dollardan ko‘proqni tashkil etgan. Shu bilan birga, Belarus hududida O‘zbekiston investitsiyasi ishtirokida 110 dan ortiq korxona ishlayotgani ham hamkorlik bir tomonlama emas, o‘zaro manfaatli tus olayotganini ko‘rsatadi.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalari ham yangi bosqichning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Belarus sutchilik, chorvachilik, parrandachilik, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va agrar texnika ishlab chiqarishda to‘plagan tajribasi bilan O‘zbekiston agrar islohotlari uchun amaliy ahamiyatga ega. Tashrif arafasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini 2030-yilgacha 1 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasining imzolangani bu sohadagi maqsadlar ancha aniq va o‘lchovli ekanini ko‘rsatadi.
Bu yo‘nalishdagi hamkorlikning yana bir muhim jihati — texnologiya transferi va to‘liq siklli ishlab chiqarishni tashkil etishdir. Masalan, Toshkent viloyatida Belarus texnologiyalari asosida parranda go‘shti ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihaning amalga oshirilayotgani agrosanoat kooperatsiyasi ichki bozorni ta’minlash bilan birga, mintaqaviy eksport imkoniyatlarini ham kengaytirishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Hududlararo hamkorlik esa ushbu jarayonning eng amaliy mexanizmiga aylanmoqda. III Hududlararo forum doirasida 200 dan ortiq tadbirkor, hududlar rahbarlari va hokim o‘rinbosarlarining ishtirok etishi tasodifiy emas. Chunki tashqi iqtisodiy kelishuvlar faqat poytaxtlarda qabul qilingan qarorlar bilangina emas, balki viloyatlar, tumanlar, sanoat zonalari va tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik orqali hayotga tatbiq etiladi.
O‘zbekiston hududlari uchun Belarus bilan hamkorlik qishloq xo‘jaligi texnikasi, oziq-ovqatni qayta ishlash, to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari va logistika bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Belarus hududlari uchun esa O‘zbekiston Markaziy Osiyo bozoriga chiqish, xomashyo va tayyor mahsulotlar bo‘yicha yangi ta’minot zanjirlarini shakllantirish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi orqali raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini taqdim etadi.
Ikki mamlakat umumiy chegaraga ega emas. Shu bois transport va logistika masalasi hamkorlikning hal qiluvchi shartlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi yuk tashish hajmi 796,6 ming tonnadan oshgani, bu ko‘rsatkichning o‘sib borayotgani savdo aloqalari tobora ko‘proq amaliy infratuzilmaga tayanayotganini anglatadi. Keyingi bosqichda xalqaro avtomobil tashuvlari, omborxona va sertifikatlash tizimlari, tovar birjalari va raqamli logistika platformalarini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Minskdagi oliy darajadagi muzokaralar aynan shu jihatlari bilan muhim: ular ikki mamlakat munosabatlarini yangi sifat darajasiga olib chiqishi mumkin. Belarus tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar yakunida qariyb ikki o‘nlab hujjat tayyorlanmoqda, ular orasida strategik sheriklikni o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya asosiy hujjat sifatida ko‘rilmoqda. Agar bunday siyosiy asos mustahkamlansa, sanoat, agrar sektor, logistika, ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalar bo‘yicha mavjud loyihalar yagona uzoq muddatli kun tartibiga birlashadi.
Shu bilan birga, hamkorlikning keyingi bosqichida bir nechta vazifalarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Birinchidan, sanoat kooperatsiyasida tayyor mahsulot import qilishdan ko‘ra, mahalliylashtirish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarish va servis xizmatlarini kengaytirish ustuvor bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, savdo muvozanatini yaxshilash uchun O‘zbekistonning Belarus bozoriga to‘qimachilik, elektrotexnika, meva-sabzavot, quritilgan mahsulotlar, charm-poyabzal va kimyo mahsulotlari eksportini faol ilgari surish zarur. Uchinchidan, hududlararo forumlar natijasida imzolangan kelishuvlar bo‘yicha aniq muddat, mas’ul tashkilot va natija indikatorlarini belgilash lozim.
Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida navbatdagi diplomatik tadbir emas, balki iqtisodiy diplomatiyaning amaliy natijaga yo‘naltirilgan yangi bosqichi sifatida baholanishi mumkin. Savdo hajmining o‘sishi, qo‘shma korxonalar sonining ortishi, hududlararo muloqotning faollashuvi va strategik sheriklik sari intilish Toshkent va Minsk o‘rtasidagi hamkorlik kelgusi yillarda yanada barqaror va mazmunli tus olishini ko‘rsatmoqda.
Eng asosiysi, bu hamkorlik O‘zbekiston uchun faqat tashqi savdo geografiyasini kengaytirish emas. U sanoatni modernizatsiya qilish, agrar sektor samaradorligini oshirish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish va Markaziy Osiyo bilan Sharqiy Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish imkonini beradi. Demak, Minsk yo‘nalishi bugun O‘zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy manfaat, texnologik sheriklik va barqaror rivojlanish mantig‘i uyg‘unlashgan muhim vektorga aylanmoqda.
Jahongir Isayev
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i