Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Milliy oziq-ovqat xavfsizligidan mintaqaviy agrar hamkorlikkacha: imkoniyatlar va istiqbollar

13-08-2026 45

    Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish oyligi oʻtkazilmoqda. Uning maqsadlaridan biri – ochlikka barham berish masalasi. Bu haqda Barqaror rivojlanish markazi eksperti Muslim Ergashbayev bilan suhbatlashdik.

    – Yurtimizda Barqaror rivojlanish oyligi davom etmoqda. Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan ikkinchisi – ochlikka barham berish masalalari xususida gaplashamiz. Avvalo, ushbu maqsadning bugungi ahamiyatini qanday baholaysiz?

    – Barqaror rivojlanish maqsadlaridan ikkinchisini faqat ochlikka barham berish maqsadi sifatida talqin qilish uning mazmunini biroz cheklaydi. Bugun bu maqsad aholini sifatli va toʻyimli oziq-ovqat bilan qamrab olish, fermer xoʻjaliklari barqarorligini oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim oʻzgarishi sharoitida oziq-ovqat tizimining barqarorligini kuchaytirish kabi oʻzaro bogʻliq vazifalarni qamrab oladi.

    Oʻzbekiston uchun bu masala ayniqsa muhim. Qishloq xoʻjaligi nafaqat oziq-ovqat taʼminoti, balki aholi bandligi, eksport salohiyati va hududiy rivojlanish bilan ham uzviy bogʻliq. Ayni paytda qishloq xoʻjaligi suv resurslarining asosiy isteʼmolchisi hisoblanadi.

    Shuning uchun Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi masalasida uchta asosiy jihatni uygʻun holda koʻrish zarur – suv resurslaridan samarali foydalanish, agrar mahsuldorlikni oshirish va aholining oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish imkoniyatini kengaytirish.

    – Soʻnggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Biroq bozorlar va doʻkonlarda mahsulotlar yetarli ekan, xavf qayerda, degan savol tugʻiladi?

    – Menimcha, aynan shu yerda oziq-ovqat xavfsizligi haqidagi anʼanaviy tasavvurimizni oʻzgartirishimiz kerak. Oziq-ovqat xavfsizligini bugun bozor rastalarida qancha mahsulot borligi bilan oʻlchab boʻlmaydi. Bozorda mahsulotning mavjudligi – butun tizimning oxirgi natijasi, xolos. Uning ortida suv, yer, urugʻ, energiya, fermer, kredit, ombor, transport, chegara, import va eksportdan iborat katta zanjir turibdi. Shu zanjirning bir boʻgʻini uzilsa, ertami-kechmi isteʼmolchi dasturxonida seziladi.

    Shuning uchun men oziq-ovqat xavfsizligini uchta savolga berilgan javob bilan baholagan boʻlar edim: bugun mahsulot bormi, ertaga ham boʻladimi va aholi uni sotib ola oladimi? Uchinchi jihat ham muhim. Mahsulotning bozorda mavjudligi yetarli emas: agar uning narxi aholi uchun yuqori boʻlsa, oziq-ovqat xavfsizligi toʻliq taʼminlangan deb boʻlmaydi.

    – Oʻzbekistonda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan ikkinchi yoʻnalishida belgilangan vazifalarga erishish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    – Soʻnggi yillarda agrar sohada bozor mexanizmlarini kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiyani modernizatsiya qilish va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga eʼtibor kuchaymoqda.

    Yana bir muhim qadam – 2026-yilda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish oʻtkazilganidir. Uning natijalari qishloq xoʻjaligi boʻyicha ishonchli statistik bazani shakllantirib, kelgusida agrar siyosat, suv taqsimoti va investitsiya qarorlarini aniq maʼlumotlar bilan asoslash imkonini beradi. Umuman, zamonaviy agrar siyosatning asosi resurslardan samarali foydalanish va ishonchli maʼlumotlarga tayanib qaror qabul qilishdir.

    – Iqlim oʻzgarishi bu masalani yanada murakkablashtiradimi?

    – Albatta. Biroq iqlim oʻzgarishining asosiy xavfi faqat havo haroratining koʻtarilishida emas, balki iqlim beqarorligining kuchayishida namoyon boʻladi.

    Fermer uchun oʻrtacha yillik haroratdan koʻra, ekinning muhim rivojlanish bosqichida kuzatiladigan ekstremal issiqlik yoki qurgʻoqchilik xavfliroq boʻlishi mumkin. Shuningdek, yogʻingarchilikning yillik miqdoridan koʻra, suvning aynan vegetatsiya davrida mavjudligi muhim ahamiyatga ega.

    Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, iqlim oʻzgarishi taʼsirida Oʻzbekistonda suv mavjudligi 30–40 foizgacha kamayishi, irrigatsiyaga talab esa 25 foizgacha oʻsishi mumkin. Mazkur raqamlarni oddiy ekologik prognoz deb qabul qilmaslik kerak. Bu, avvalo, iqtisodiy signal. Agar suv kamaysa, bir kub metr suvning iqtisodiy qiymati ortadi. Agrar sohadagi har bir qaror – qaysi ekinni ekish, qayerda ekish, qanday texnologiya qoʻllash – suv siyosatining ham bir qismiga aylanadi.

    Biz uzoq vaqt agrar natijani «bir gektardan qancha hosil oldik?» degan koʻrsatkich bilan oʻlchadik. Suv taqchilligi kuchayib borayotgan sharoitda buning oʻzi yetarli emas.

    Endi ikkinchi koʻrsatkich ham muhim: bir kub metr suv hisobiga qancha mahsulot va qancha iqtisodiy qiymat yaratildi? Bu juda muhim metodologik oʻzgarish. Masalan, ikki ekin gektaridan bir xil daromad berishi mumkin, ammo ulardan biri ikki barobar koʻp suv talab qilsa, suv taqchil hudud uchun ularning real samaradorligi bir xil emas.

    Suvdan foydalanishda «olish – ishlatish – chiqarib yuborish» yondashuvidan «olish – ishlatish – tozalash – qayta foydalanish» tamoyiliga oʻtish muhim. Shu maʼnoda men «suv tejash» tushunchasini ham kengaytirish tarafdoriman. Maqsad faqat suvni kam ishlatish emas, suvning har bir birligidan koʻproq qiymat yaratish boʻlishi kerak.

    – Oʻzbekiston uchun eng muhim amaliy vazifalarni qaysi yoʻnalishlarda koʻrasiz?

    – Menimcha, bir nechta ustuvor yoʻnalish bor. Avvalo, irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish zarur.

    Ikkinchidan, davlat qoʻllab-quvvatlashini aniq natijalar bilan bogʻlash kerak. Masalan, fermerga tomchilatib sugʻorish uskunasini oʻrnatgani uchun emas, balki suv sarfini kamaytirib, mahsuldorlikni saqlagani uchun ragʻbat berish samaraliroq.

    Uchinchidan, ilm-fanni fermerga yaqinlashtirish muhim. Yangi nav yoki texnologiya laboratoriyada qolib ketmasdan, amaliyotga kirib borishi va fermerning aniq qaroriga aylanishi kerak.

    Toʻrtinchi yoʻnalish – aholining tomorqadan samarali foydalanish madaniyatini oshirish va oziq-ovqat isrofini kamaytirish. Yetishtirilgan mahsulotni tejamkor saqlash, qayta ishlash va oqilona isteʼmol qilish ham oziq-ovqat xavfsizligining muhim qismi.

    – Xalqaro darajada oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror agrar taraqqiyot sohasida hali toʻliq ishga solinmagan qanday imkoniyatlarni koʻrasiz?

    – Menimcha, asosiy muammo yangi gʻoyalar yoki texnologiyalarning yetishmasligida emas. Dunyoda qurgʻoqchilikka chidamli navlar, samarali sugʻorish texnologiyalari, sunʼiy yoʻldosh monitoringi, sunʼiy intellekt asosida prognozlash boʻyicha maʼlum yutuqlar bor. Albatta, ularning soni ortishi juda muhim. Lekin bugunning asosiy vazifasi – ularni ilmiy ishlanmadan amaliy yechimga tezroq aylantirish.

    Buning uchun, avvalo, ilm-fan va qishloq xoʻjaligi amaliyoti oʻrtasidagi tafovutni qisqartirish kerak. Fermer murakkab ilmiy koʻrsatkichdan koʻra, qachon sugʻorish, qayerda xavf yuqori yoki qanday chora koʻrish zarurligini bilishi muhim. Unga «NDVI indeksi pasaydi» degan maʼlumot emas, «uch kundan keyin sugʻorish kerak», «bu maydonda kasallik xavfi yuqori» yoki «suv sarfini kamaytirmasangiz hosil yoʻqotish xavfi bor» degan aniq tavsiya kerak. Demak, xalqaro raqamlashtirishning keyingi bosqichi maʼlumot toʻplash emas, maʼlumotni qarorga aylantirish boʻlishi kerak.

    Suv tanqis hudud har bir mahsulotni oʻzi yetishtirishi shart emas. Ayrim mahsulotlarni suv va energiyadan samarali foydalanadigan hududlardan import qilish orqali umumiy resurs sarfini kamaytirish mumkin. Bu yerda oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy samaradorlik oʻrtasidagi muvozanat saqlanishi lozim.

    Shuningdek, oziq-ovqat yoʻqotishlarini kamaytirish katta imkoniyat beradi. Oziq-ovqat zanjiri, zamonaviy omborlar, qayta ishlash va logistika tizimlarini rivojlantirish orqali qoʻshimcha yer va suv resurslarini jalb etmasdan ham oziq-ovqat taʼminotini oshirish mumkin.

    Iqlim oʻzgarishi sharoitida mahalliy ekin navlari, urugʻlar va chorva genetikasi strategik ahamiyatga ega boʻlib bormoqda. Bir davlatda yoʻqolgan genetik resurs boshqa davlatda saqlanib qolgan boʻlishi mumkin. Shuning uchun xalqaro urugʻ banklari, qoʻshma seleksiya dasturlari va iqlimga chidamli navlarni tezkor almashish tizimi kelajak oziq-ovqat xavfsizligining muhim elementiga aylanishi mumkin.

    – Xalqaro hamkorlik haqida gapirdik. Ammo Oʻzbekiston nuqtai nazaridan oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror agrar taraqqiyot sohasida qaysi tashqi yoʻnalishni eng muhim deb hisoblaysiz?

    – Menimcha, Oʻzbekiston uchun bu borada eng muhim yoʻnalish – Markaziy Osiyo. Bu masalada geografik yaqinlikning oʻzi asosiy omil emas. Markaziy Osiyo mamlakatlarining oziq-ovqat tizimlari suv resurslari, transport tarmoqlari, iqlim sharoiti va agrar bozorlar orqali bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan. Ayniqsa, transchegaraviy suv resurslari va transport yoʻlaklari, shuningdek, umumiy iqlim xavflari bir mamlakatdagi oʻzgarishlarning boshqa mamlakatlarga ham taʼsir koʻrsatishiga sabab boʻladi.

    Shuning uchun Oʻzbekistonning milliy agrar siyosatini mintaqaviy jarayonlardan alohida koʻrib boʻlmaydi. Masalan, suv oqimining oʻzgarishi hosildorlikka, qoʻshni davlatlardagi hosilning kamayishi narxlarga, transport va chegaradagi uzilishlar esa mahsulotlarning bozorga yetib borishiga bevosita taʼsir qilishi mumkin.

    Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyoni Oʻzbekiston oziq-ovqat xavfsizligining tashqi muhiti emas, uning kengaytirilgan agrar ekotizimi sifatida koʻrish kerak, deb oʻylayman.

    Bu yerda yana bir muhim jihat bor. Mintaqa mamlakatlari bir xil resurslarga emas, bir-birini toʻldiruvchi imkoniyatlarga ega. Qozogʻistonning katta yer maydonlari va gʻallachilik salohiyati, Qirgʻiziston va Tojikistonning suv-energetika imkoniyatlari, Oʻzbekistonning intensiv dehqonchilik, bogʻdorchilik, qayta ishlash va katta isteʼmol bozori, Turkmanistonning oʻziga xos agroiqlim imkoniyatlari – bularni faqat milliy aktivlar sifatida emas, mintaqaviy qiymat zanjirlarini shakllantirish nuqtai nazaridan ham koʻrish mumkin.

    Bu degani har bir mamlakat oʻz oziq-ovqat siyosatidan voz kechadi, degani emas. Aksincha, milliy barqarorlik mintaqaviy kooperatsiya hisobiga kuchaytiriladi.

    Menimcha, Markaziy Osiyo uchun yagona «Agrar reyestr» yaratish muhim. Unda yer va suv resurslari, ishlab chiqarish, qayta ishlash, logistika, eksport va iqlim xavflari haqidagi maʼlumotlar bir tizimga jamlanadi.

    Asosiy maqsad – faqat statistikani toʻplash emas, balki qaysi hududda qanday imkoniyat borligi va mamlakatlar bir-birini qayerda toʻldirishi mumkinligini aniqlash. Shunda milliy maʼlumotlardan foydalanib, mintaqaviy kooperatsiya va oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha aniqroq qarorlar qabul qilish mumkin.

    Hozirgi kunda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan foydalanish, energetika, transport va savdo sohalarida alohida hamkorlik mexanizmlari shakllangan. Ammo fermer nuqtai nazaridan bularning barchasi bitta tizim. Unga suv kerak, energiya kerak, urugʻ va texnologiya kerak, mahsulotini esa bozorga chiqarishi lozim. Shuning uchun keyingi bosqichda «suv – energiya – oziq-ovqat – transport» bogʻliqligini yagona iqtisodiy zanjir sifatida koʻrish muhim.

    Markaziy Osiyoda mahsulot yetishtirishning oʻzi yetarli emas; uni ehtiyoj bor joyga tez yetkazish ham muhim. Shuning uchun tez buziladigan mahsulotlar uchun elektron fitosanitar hujjatlar, laboratoriya natijalarini oʻzaro tan olish, tezkor bojxona tartiblari va sovuq logistikani birlashtiradigan «yashil agrar yoʻlaklar»ni rivojlantirish mumkin.

    Mintaqada qurgʻoqchilik, shoʻrlanish, sugʻorma dehqonchilik, togʻ qishloq xoʻjaligi va seleksiya boʻyicha katta tajriba toʻplangan. Lekin bu bilimlar hali ham milliy chegaralarda tarqoq holda qolmoqda. Markaziy Osiyo agrar bilim tarmogʻi orqali olimlar, universitetlar, tajriba xoʻjaliklari va fermerlarni bogʻlash mumkin. Bir davlatda yaratilgan iqlimga chidamli nav yoki suv tejash usuli qoʻshni mamlakatda tez sinovdan oʻtishi kerak.

    Menimcha, mintaqaviy hamkorlikda tovar ayirboshlash bilan bir qatorda bilim, tajriba va texnologiya almashinuvini ham jadallashtirish zarur. Eng muhimi, Markaziy Osiyoda agrar hamkorlikni faqat xavflarga javob berish vositasi deb emas, yangi iqtisodiy imkoniyat yaratish mexanizmi sifatida koʻrish zarur.

    Bugun jahon bozorida alohida mamlakatning imkoniyatlari cheklangan boʻlishi mumkin. Ammo umumiy standartlar, qayta ishlash, logistika va qoʻshma qiymat zanjirlarini rivojlantirish orqali Markaziy Osiyo yagona va raqobatbardosh agrar makon sifatida tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega. Shu sababli men Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy agrar siyosatning mantigʻini uch bosqichda koʻraman: birinchi – umumiy xavflarni birgalikda koʻrish; ikkinchi – mavjud resurslardan birgalikda samarali foydalanish; uchinchi – umumiy iqtisodiy qiymat yaratish. Shunda Markaziy Osiyo hamkorligi «muammolarni birgalikda hal qilish» darajasidan «imkoniyatlarni birgalikda yaratish» darajasiga koʻtariladi.

    OʻzA muxbiri N. Usmonova yozib oldi.

    https://uza.uz/uz/posts/milliy-oziq-ovqat-xavfsizligidan-mintaqaviy-agrar-hamkorlikkacha-imkoniyatlar-va-istiqbollar_894444