Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Mahalla — kambag‘allikdan farovonlikka chiqishning strategik bo‘g‘ini

12-05-2026 232

Bugun O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish shunchaki ijtimoiy yordam ko‘rsatish emas, balki inson qadrini ulug‘lash va xalqni boy qilishga qaratilgan tizimli davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatimizda joriy etilgan “mahallabay” ishlash tizimi bugun dunyo hamjamiyati tomonidan o‘ziga xos samarali model sifatida e’tirof etilmoqda.

    Xorazm viloyati malaka oshirish institutida viloyatdagi fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirokida o‘tkazilgan “Mahalla institutining kambag‘allikni qisqartirishdagi roli” mavzusidagi davra suhbati aynan shu strategik maqsadlarni hayotga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi.

    Raqamlar tilida: Islohotlar samaradorligi

    Tadbirda Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyat bo‘linmasi rahbari, professor Baxtiyor Ruzmetovso‘nggi yillarda kambag‘allik darajasini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli ishlarni aniq ko‘rsatkichlar bilan tahlil qilib berdi. Rasmiy ma’lumotlar islohotlarning jadal sur’atini yaqqol ifodalaydi:

    2023 yilda: 11%

    2024 yilda: 8,9%

    2025 yilda: 5,8%

    Ushbu raqamlar ortida ulkan mehnat yotibdi. Xususan, 2025 yilning o‘zida qariyb 1,5 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi, 1435 ta mahalla esa “kambag‘allikdan xoli hudud” maqomini oldi.

    Mintaqaviy xususiyat va manzilli yondashuv

    Kambag‘allikni qisqartirishda har bir hududning drayver sohalariga tayanish muhim omildir. Fuqarolar yig‘inlari raislari malakasini oshirish kurslari rahbari I.Matkarimov o‘z ma’ruzasida mamlakatdagi joriy holatni tahlil qildi. Bugungi kunda respublikada kambag‘al aholi soni taxminan 2,2 million nafarni tashkil etmoqda. Hududiy kesimda eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi viloyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi: Samarqand viloyati — 265 ming nafar, Farg‘ona viloyati — 239 ming nafar, Qashqadaryo viloyati — 238 ming nafar, Andijon viloyati — 214 ming nafar.

    Shuningdek, shahar (5,2%) va qishloq (6,4%) hududlari o‘rtasidagi farqni kamaytirishda Xorazm vohasining agrar salohiyati, turizm imkoniyatlari va hunarmandchilik an’analari mahallalarda yangi ish o‘rinlari yaratishning asosiy manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Tadbirkorlik — kambag‘allikka qarshi asosiy qalqon

    Ma’mun universiteti dots.nti G‘. Sapoyev aholini tadbirkorlikka jalb qilishning faol mexanizmlariga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, kambag‘allikni shunchaki nafaqa berish bilan yengib bo‘lmaydi. Buning uchun:

    “Mikrokreditlash — kasbga o‘qitish — bozor topish” zanjirini yaratish orqali aholida mustaqil daromad manbaini shakllantirish lozim.

    Global maqsadlar va mahallaning roli

    Ushbu amaliy muloqot BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarining 1-maqsadi — “Barcha joylarda aholining kam ta’minlanganlik darajasini pasaytirish”tamoyiliga to‘la mos keladi.

    O‘zbekiston tajribasida mahalla raisi shunchaki ma’muriy boshqaruvchi emas, balki ijtimoiy islohotlarning haqiqiy “motori” va xalq bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin ko‘prikka aylandi. Bu kabi tizimli, institutsional va strategik yondashuv mamlakatda barqaror rivojlanish asoslarini mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Davra suhbati davomida ishtirokchilar kambag‘allikni qisqartirishning institutsional asoslari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan ishlashning yangicha mexanizmlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

    Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mahallabay ishlash tizimi orqali aholi farovonligini oshirishga qaratilgan bu kabi strategik yondashuvlar yaqin kelajakda yurtimizning barqaror rivojlanishini ta’minlovchi eng muhim vosita bo‘lib qolaveradi.

    Barqaror rivojlanish markazi    Xorazm viloyat bo‘linmasi    rahbari professor B.Ruzmetov