Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Katta maqsadlar kichik qadamlardan boshlanadi

26-09-2026 46

    “Klass!” gazetining 2026-yil 38-sonida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Muslim Ergashevning “Большие цели начинаются с маленьких дел” nomli maqolasi chop etildi.

    Maqolada BMTga a’zo davlatlar tomonidan 2015-yilda qabul qilingan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadining mazmun-mohiyati yosh avlod uchun tushunarli va hayotiy misollar asosida yoritilgan. Muallif barqaror rivojlanish inson farovonligi, sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash, toza suv va energiya, tenglik, tabiatni asrash va tinchlik kabi yo‘nalishlarni o‘zaro bog‘liq holda qamrab olishini ta’kidlaydi.

    Materialda Barqaror rivojlanish maqsadlarining bolalar hayoti bilan bevosita bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, maktabda suv va elektr energiyasidan oqilona foydalanish, oziq-ovqat isrofini kamaytirish, buyumlarni qayta ishlatish, atrofdagilarga ko‘maklashish va hech kimni chetda qoldirmaslik kabi oddiy harakatlar katta ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratishi misollar orqali ko‘rsatilgan.

    Muallifning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, barqaror rivojlanish faqat yirik davlat dasturlari yoki katta loyihalar bilan cheklanmaydi. Har bir inson o‘zining kundalik odatlari va mas’uliyatli munosabati orqali umumiy maqsadlarga hissa qo‘sha oladi. Daraxt ekish va uni parvarishlash, chiqindilarni saralash, suv va elektr energiyasini tejash, maktab yoki mahallada mavjud muammoga yechim taklif qilish kabi kichik tashabbuslar amaliy natija berishi mumkin.

    Maqolada ta’kidlanganidek, bir bola dunyodagi barcha muammolarni yakka o‘zi hal qila olmaydi. Biroq u o‘z harakatlari uchun mas’ul bo‘lishi va boshqalarni ham hamkorlikka jalb etishi mumkin. Ana shunday kichik, ammo izchil harakatlar jamlanib, katta o‘zgarishlarni vujudga keltiradi.

    Barqaror rivojlanish madaniyatini bolalikdan shakllantirish — kelajak avlodning mas’uliyatli, faol va tashabbuskor bo‘lib voyaga yetishi uchun muhim qadamdir.