XXI asr insoniyatni yana bir tarixiy burilish nuqtasiga olib keldi. Insoniyat tarixi uzluksiz izlanishlar va kashfiyotlar zanjiridan iborat. Ilk bor olovning kashf etilishi ulkan inqilob boʻlgan boʻlsa, bugʻ mashinasining ixtiro qilinishi sanoat tsivilizatsiyasiga yoʻl ochgan. Bugun esa raqamli inqilob inson tafakkuri, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni tubdan oʻzgartirmoqda. Sunʼiy intellekt esa oddiy texnologiya emas — u yangi intellektual tsivilizatsiyaga eshik ochayotgan kuch sifatida namoyon boʻlmoqda.
Bugun insoniyat tarixidagi eng tez tarqalayotgan texnologiya aynan sunʼiy intellekt boʻlib qolmoqda. Hisobotlarga koʻra, AI internetdan ham tezroq ommalashmoqda. Soʻnggi uch yil ichida dunyo boʻyicha 1,2 milliarddan ortiq inson AI platformalaridan foydalangani bu jarayonning qanchalik ulkan koʻlamga chiqqanini koʻrsatadi. Kechagina fantastika boʻlib tuyulgan texnologiyalar bugun kundalik hayotning oddiy qismiga aylandi. ChatGPT kabi generativ AI tizimlari, tibbiy diagnostika algoritmlari, avtomatlashtirilgan tarjimonlar va AI-analitika platformalari insonning kundalik faoliyatiga chuqur kirib bormoqda.
Biz gʻoyat nozik va masʼuliyatli davrga kirib keldik. Bu — inson oʻz aqlining raqamli aksini yaratayotgan davrdir.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining rivojlanish dasturi — United Nations Development Programme tomonidan eʼlon qilingan "People and Possibilities in the Age of AI" hisobotida taʼkidlanganidek, insoniyat nafaqat texnologiyalar asrida, balki "insoniy salohiyatning yangi chegaralari" ochilayotgan zamonda yashamoqda. Endi sunʼiy intellekt oddiy dastur yoki texnik vosita emas — u iqtisodiyot, siyosat, taʼlim, tibbiyot va hatto inson tafakkuri bilan bogʻliq yangi voqelikka aylandi.
Kechagina fantastika boʻlib tuyulgan jarayonlar bugun hayot haqiqatiga aylandi. Algoritmlar matn yozmoqda, inson nutqini anglamoqda, tashxis qoʻymoqda, tahlil qilmoqda, hatto qaror qabul qilish jarayonlariga ham aralashmoqda. Bir paytlar inson fikri qogʻozga tushirilgan boʻlsa, bugun u kodga aylanmoqda. Siyoh oʻrnini maʼlumotlar, kitob oʻrnini raqamli platformalar, arxiv oʻrnini bulutli xotiralar egallamoqda.
Ammo bu jarayon faqat texnologiya taraqqiyoti bilan cheklanmaydi. U dunyo iqtisodiyoti va geosiyosatini ham oʻzgartirmoqda. United Nations Conference on Trade and Development prognozlariga koʻra, 2033 yilga borib AI global bozori 4,8 trillion dollarga yetadi. Bu Germaniya iqtisodiyoti hajmiga teng koʻrsatkichdir. Asosiy oʻsish cloud technologies, data centers, AI chips, generative AI va cybersecurity sohalarida kuzatilmoqda. Bugun AQSh va Xitoy dunyodagi AI hisoblash quvvatining taxminan 86 foizini nazorat qilmoqda. Bu esa sunʼiy intellekt oddiy texnologiya emas, balki geosiyosiy kuchga aylanayotganini anglatadi.
Ammo taraqqiyotning eng muhim savoli ham aynan shu yerda tugʻiladi: texnologiya kimga xizmat qiladi?
"Technology and Innovation Report 2025" hisobotida "Inclusive Artificial Intelligence for Development" — "Inklyuziv sunʼiy intellekt" gʻoyasi asosiy tamoyil sifatida ilgari suriladi. Bu gʻoyaning mohiyati shundaki, sunʼiy intellekt faqat texnologik gigantlar yoki boy davlatlar qoʻlidagi qurol boʻlib qolmasligi kerak. U dunyoning eng chekka qishlogʻiga ham, imkoniyati cheklangan insonga ham, rivojlanayotgan mamlakatlarga ham xizmat qilishi lozim.
Chunki kelajakda boylik neft yoki oltin bilan emas, balki maʼlumot, innovatsiya va intellektual kapital bilan oʻlchanadi.
Bugun dunyo yangi raqamli poyga ichida yashamoqda. Kimda kuchli AI infratuzilmasi, katta maʼlumotlar bazasi va raqamli kadrlar boʻlsa, ertangi iqtisodiy ustunlik ham oʻsha davlat qoʻlida boʻladi. Hisobotlarga koʻra, kelajakda davlatlar "sunʼiy intellekt yaratuvchilari" va "sunʼiy intellekt isteʼmolchilari"ga boʻlinishi mumkin.
Bu esa insoniyatni yana bir xavf — raqamli tengsizlik bilan yuzlashtirmoqda. Hozir dunyoda qariyb 4 milliard inson AI ekotizimida toʻliq ishtirok eta olmaydi. Sabab — internet, elektr energiyasi va raqamli taʼlim imkoniyatlarining cheklanganidir. Yuqori daromadli davlatlarda AI adoption darajasi 23 foizni tashkil etayotgan boʻlsa, past va oʻrta daromadli mamlakatlarda bu koʻrsatkich 13 foiz atrofida qolmoqda. UNDP bu jarayonni "The Next Great Divergence" — "Yangi katta tafovut" deb atamoqda.
Rivojlangan davlatlarda algoritmlar iqtisodiyotni boshqarayotgan bir paytda, ayrim mamlakatlarda hali ham internetga toʻliq kirish imkoni cheklangan. Ayrim joylarda bolalar robototexnika oʻrganayotgan boʻlsa, boshqa hududlarda oddiy raqamli savodxonlik ham muammo boʻlib qolmoqda. Demak, XXI asrning yangi ijtimoiy muammosi — texnologiyaga teng kirish imkoniyatidir.
Shu nuqtada insonning oʻzi haqidagi savol yana kun tartibiga chiqadi.
Sunʼiy intellekt hisoblaydi. Ammo his qila olmaydi. U tahlil qiladi. Ammo vijdon azobini sezmaydi. U yozadi. Ammo sogʻinish nimaligini bilmaydi.
Protsessor qanchalik tez ishlamasin, u ona mehrini, inson dardini yoki ijodiy ilhomni toʻliq anglay olmaydi. Insonning takrorlanmasligi ham ana shunda — uning maʼnaviyatida.
Shu bois BMT hisobotlarida raqamli rivojlanish masalasi inson kapitali bilan chambarchas bogʻlanadi. Asosiy masala insonni mashina bilan almashtirish emas, balki inson imkoniyatlarini kengaytirishdir. Mashina hisoblaydi, inson esa maʼno beradi.
Haqiqat shundaki, sunʼiy intellekt millionlab ish oʻrinlarini oʻzgartirishi mumkin. Ayrim kasblar yoʻqoladi, yangi sohalar paydo boʻladi. UNDP tadqiqotlariga koʻra, dunyo aholisining qariyb yarmi oʻz ishi avtomatlashishi mumkin deb hisoblaydi. Biroq 60 foiz inson AI yangi ish oʻrinlari yaratadi deb ishonadi. Faqat 13 foiz odamgina AI ishsizlikni kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Bu esa insoniyat AIʼni raqib emas, balki imkoniyat sifatida qabul qila boshlaganini koʻrsatadi.
Eng tez oʻsuvchi kasblar qatoriga AI engineer, data scientist, cybersecurity analyst, cloud architect va prompt engineer kabi sohalar kirmoqda. Endi dunyoga jismoniy mehnatdan koʻra analitik fikrlash, raqamli savodxonlik va ijodiy tafakkur kerak boʻladi. XXI asrning eng qimmat boyligi — bilimdir.
2025 yilgi Human Development Report hisoboti yana bir xavotirli tendentsiyani koʻrsatdi: pandemiyadan keyin inson taraqqiyoti oʻsishi keskin sekinlashgan va 2024–2025 yillarda global inson taraqqiyotining oʻsishi 1990 yildan beri eng past darajaga tushgan. Bu esa dunyo iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy ziddiyatlar, iqlim muammolari va texnologik nomutanosibliklar bilan bir vaqtda kurashayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, AI taʼlim va tibbiyot sohasida misli koʻrilmagan imkoniyatlar yaratmoqda. Past va oʻrta inson taraqqiyoti koʻrsatkichiga ega davlatlarda yashovchilarning 70 foizi AI ish samaradorligini oshiradi deb hisoblaydi. Koʻpchilik yaqin yillarda AIʼdan taʼlim, tibbiyot va ish jarayonlarida foydalanishni rejalashtirmoqda. Bugun AI tibbiyotda erta diagnostika, taʼlimda individual oʻqitish, qishloq xoʻjaligida prognoz tahlillari va davlat boshqaruvida smart governance tizimlarini rivojlantirmoqda.
Markaziy Osiyo uchun ham bu jarayon gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki kelajak iqtisodiyoti tabiiy resurslarga emas, balki texnologiya va intellektga tayanadi. Universitetlarda AI, data science va kiberxavfsizlikni oʻqitish — ertangi taraqqiyotga investitsiyadir. Davlat boshqaruvini raqamlashtirish esa shaffoflik va samaradorlikni oshiradi.
Biroq texnologiya taraqqiyoti inson qadriyatidan ustun kelmasligi shart.
Chunki agar sunʼiy intellekt adolatsizlikni kuchaytirsa, insonni nazorat obyektiga aylantirsa yoki raqamli mustamlakachilikka xizmat qilsa, taraqqiyot maʼnaviy inqirozga aylanishi mumkin.
Insoniyat bugun tarixiy tanlov oldida turibdi: kelajakni algoritmlar belgilaydimi yoki inson tafakkuri?
Javob esa oddiy, ammo masʼuliyatli: texnologiyani kim boshqarsa, kelajakni ham oʻsha yaratadi.
Shuning uchun bugungi eng katta vazifa — sunʼiy intellektni inson manfaatiga xizmat qildirishdir. Kelajak inson va mashina raqobatida emas, balki ularning uygʻunligida. Chunki texnologiyaning haqiqiy qiymati uning qudratida emas, balki insoniyatga qanchalik foyda keltirishidadir.
Elyorjon Saminov Barqaror rivojlanish markazi direktori