Mustaqillikning 35 yilida taʼlim sohasidagi islohotlar, erishilgan natijalar va kelgusi ustuvor vazifalar
Mustaqillikning 35 yilligi mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot yoʻlini sarhisob qilish bilan birga, Yangi Oʻzbekistonning intellektual taraqqiyoti qay darajada mustahkam poydevorga ega ekanini baholash imkonini ham beradi. Shu ma'noda taʼlim sohasida amalga oshirilgan islohotlar mustaqillik yillaridagi eng muhim mezoniy va strategik oʻzgarishlardan biri boʻldi.
Bugungi dunyoda davlatlarning raqobatbardoshligi tabiiy resurslar yoki geografik imkoniyatlar bilan emas, avvalo, inson kapitali sifati bilan belgilanadi. Ilmli, tashabbuskor va zamonaviy koʻnikmalarga ega kadrlar milliy taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Shu bois taʼlimga yoʻnaltirillayotgan har bir sarmoya, avvalo, mamlakat kelajagiga qaratilgan investitsiyadir.
Oʻzbekistonda ham mustaqillikning dastlabki yillarida taʼlim tizimining huquqiy asoslarini shakllantirish va uning barqaror faoliyatini taʼminlashga ustuvor eʼtibor qaratilgan boʻlsa, keyingi bosqichlarda taʼlim sifati, xalqaro raqobatbardoshlik va inson kapitalini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Ayniqsa, 2017-yildan boshlab maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlim va ilm-fangacha boʻlgan barcha boʻgʻinlarda keng koʻlamli tizimli islohotlar amalga oshirilib, taʼlim mamlakatning strategik rivojlanish omili sifatida qarala boshlandi.
Bu yondashuv BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, 4-maqsad – “Sifatli taʼlim”, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalari bilan hamohangdir. Natijada taʼlim sohasida qamrovni kengaytirish, sifatni oshirish va mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash boʻyicha yangi bosqich boshlandi.
Soʻnggi yillarda taʼlim sohasidagi eng muhim oʻzgarishlardan biri maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirildi. Davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, xususiy bogʻchalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, qisqa muddatli va maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish hamda davlat investitsiyalarini koʻpaytirish natijasida maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetdi. Bu raqam nafaqat qamrovning oshganini, balki davlat siyosatida bolaning ilk rivojlanish bosqichiga ustuvor ahamiyat berilayotganini ham koʻrsatadi.
Bu yondashuv xalqaro tajribaga ham toʻla mos keladi. Chunki ilmiy tadqiqotlar insonning intellektual, ijtimoiy va psixologik salohiyatining asosiy qismi aynan maktabgacha taʼlim bosqichida shakllanishini tasdiqlaydi. Shu bois bugun taʼlim islohotlari maktab ostonasidan emas, balki bolaning ilk yoshidan boshlanmoqda.
Maktabgacha taʼlim sifatini yanada oshirish maqsadida 2026-yildan Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasida yangi avlod davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etilmoqda. Zamonaviy infratuzilma, innovatsion taʼlim muhiti va ilgʻor pedagogik yondashuvlarga asoslangan mazkur muassasalar kelgusida butun tizim uchun namunaviy model vazifasini bajarishi kutilmoqda.
Amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, SDR–2026 hisobotida Oʻzbekistonning taʼlim sohasidagi koʻrsatkichlari izchil yaxshilanayotgani qayd etilgan.
Bugungi kunda umumiy oʻrta taʼlim tizimida asosiy eʼtibor faqat qamrovni oshirishga emas, balki taʼlim sifati va raqobatbardoshligini taʼminlashga qaratilmoqda. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025/2026 oʻquv yili boshida mamlakatda 11 118 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda 6,87 milliondan ortiq oʻquvchi tahsil olmoqda, bu esa oʻtgan oʻquv yiliga nisbatan qariyb 94 ming nafarga koʻpdir.
Taʼlim xizmatlari bozorida xususiy sektorning faollashuvi ham sogʻlom raqobat muhitini shakllantirmoqda. Bugungi kunda respublikada 551 ta xususiy maktab faoliyat yuritib, ota-onalar uchun taʼlim muassasasini tanlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bu esa oʻz navbatida taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi muhim omillardan biriga aylanmoqda.
Xalqaro reytinglar ham bu oʻzgarishlarni tasdiqlamoqda. SDR–2026 maʼlumotlariga koʻra, boshlangʻich taʼlim bilan sof qamrov 99,3 foiz, toʻliqsiz oʻrta taʼlimni tugatish darajasi 97,6 foiz, 15–24 yoshli aholi oʻrtasida savodxonlik darajasi esa 100 foizni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi – “Sifatli taʼlim” boʻyicha sezilarli natijalarga erishayotganini koʻrsatadi.
Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar – taʼlim sifatining drayveri
Soʻnggi yillarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻining shakllantirilishi umumiy oʻrta taʼlim tizimidagi eng muhim institutsional yangiliklardan biri boʻldi. Zamonaviy xalqaro oʻquv dasturlari, STEAM yondashuvi, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni chuqur oʻqitishga asoslangan mazkur taʼlim muassasalari iqtidorli yoshlarni tarbiyalash bilan birga, butun milliy taʼlim tizimi uchun innovatsion tajriba maydoniga aylanmoqda.
Bu yerda sinovdan oʻtayotgan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, baholash tizimlari va oʻquv dasturlari bosqichma-bosqich boshqa umumtaʼlim maktablariga ham joriy etilmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning PISA, TIMSS va PIRLS xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etishi milliy taʼlim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash va muntazam takomillashtirish imkonini bermoqda.
Bu borada Navoiy shahridagi Prezident maktabining CIS International Accreditation xalqaro akkreditatsiyasini qoʻlga kiritishi milliy taʼlim tizimi xalqaro sifat standartlariga muvofiq rivojlanayotganining amaliy tasdigʻi boʻldi.
Kasbiy va oliy taʼlim – iqtisodiyot ehtiyojlariga mos yangi yondashuv
Zamonaviy iqtisodiyot mehnat bozori talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni talab etmoqda. Shu bois kasbiy taʼlim tizimi ham tubdan yangilanib, bugungi kunda mamlakatda 712 ta texnikum iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun amaliy koʻnikmalarga ega mutassislar tayyorlamoqda.
Ayniqsa, dual taʼlim mexanizmlarining joriy etilishi taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqdi. Endi talabalar nazariy bilim bilan birga korxona va tashkilotlarda amaliy tajriba orttirib, mehnat bozoriga tayyor holda kirib bormoqda.
Oliy taʼlim sohasida ham soʻnggi yillarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Bugun mamlakatda 205 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritib, ularda 1,34 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda. Muhimi, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari ulushining ortishi taʼlim xizmatlari bozorida raqobat muhitini kuchaytirib, taʼlim sifati va tanlov imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
2025/2026 oʻquv yilidan oliy taʼlimda davlat buyurtmasi asosida qabul parametrlari kengaytirildi. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 4 mingta davlat granti ajratildi, 1200 dan ortiq taʼlim dasturi xalqaro standartlar asosida takomillashtirildi. 2026-yilda oliy taʼlim muassasalarini qariyb 320 ming nafar talaba bitirdi. Bu koʻrsatkichlar mamlakatda oliy taʼlim qamrovi kengayib, uning sifati va mehnat bozori talablariga mosligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etayotganini koʻrsatadi.
Taʼlim tizimining eng yuqori boʻgʻini boʻlgan ilmiy kadrlar tayyorlash sohasida ham tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Doktorantlarning stipendiyalari 1,7 barobarga oshirildi, ilmiy daraja berish jarayonlari soddalashtirilib, dissertatsiyalarni taqdim etish va koʻrib chiqish bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Xususan, Prezidentning 2026-yil 26-maydagi PF–98-son Farmoniga muvofiq, 2027-yildan dissertatsiya autoreferatini chop etish talabi bekor qilinib, ilmiy ishlar yagona elektron platforma orqali qabul qilinadi. Bu ilmiy faoliyatda ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish, olimlar uchun qulay muhit yaratish hamda tadqiqotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, oliy taʼlimda “Kasb egasi” dual taʼlim modelini bosqichma-bosqich joriy etish orqali talabalarning oʻqish davidayoq oʻz mutassisligi boʻyicha ishlab, amaliy tajriba, mehnat staji va daromadga ega boʻlish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu esa taʼlim bilan ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni mustahkamlab, bitiruvchilarning mehnat bozoriga tezroq moslashishiga xizmat qilmoqda.
Albatta, taʼlim tizimi oldidagi ustuvor vazifalar hali ham dolzarbligicha qolmoqda. Maktabgacha taʼlim qamrovini yanada kengaytirish, hududlar oʻrtasida taʼlim sifati tafovutini qisqartirish, raqamli taʼlim muhitini rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish shular jumlasidandir.
Biroq erishilgan natijalar shuni yaqqol koʻrsatmoqdaki, taʼlimga yoʻnaltirilgan sarmoya – mamlakat kelajagiga qaratilgan eng muhim investitsiyadir. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi inson kapitalini yanada yuksaltirish, raqobatbardosh iqtisodiyot uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash va Yangi Oʻzbekistonning intellektual taraqqiyotini taʼminlashda mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.
SHAHZODA Rahimova
Barqaror rivojlanish markazi eksperti