Global Policy Journal: iqlim diplomatiyasining yangi bosqichida Markaziy Osiyo mezonlari va manfaatlar
Nufuzli xalqaro tahliliy nashr — Global Policy Journal saytida Barqaror rivojlanish markazi vakili Jahongir Isayevning “COP31 and Central Asia: A New Phase of Climate Diplomacy” (“COP31 va Markaziy Osiyo: iqlim diplomatiyasining yangi bosqichi”) nomli maqolasi e’lon qilindi.
2026-yil 27-oktyabrda chop etilgan material 9–20-noyabr kunlari Turkiyaning Antalya shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi (COP31) arafasida Markaziy Osiyo mintaqasining xalqaro iqlim siyosatidagi o‘rni va manfaatlariga bag‘ishlangan.
Maqolada iqlim o‘zgarishi mintaqada faqat ekologik muammo emas, balki suv va energetika xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiy barqarorlik hamda davlatlararo hamkorlik bilan bevosita bog‘liq strategik masala ekani ta’kidlanadi.
Muallif Jahon banki va xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga tayanib, muzliklarning qisqarishi, suv resurslariga bosimning ortishi hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish uchun qo‘shimcha investitsiyalar zarurligini tahlil qiladi.
Materialning asosiy g‘oyasi — Markaziy Osiyo davlatlari iqlim sohasidagi milliy majburiyatlarni amaliy mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari bilan to‘ldirishi zarur.
Shu maqsadda maqolada “Central Asian Climate Delivery Compact” — Markaziy Osiyoda iqlimga oid chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish tashabbusini shakllantirish taklif etiladi.
Mazkur yondashuv uchta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi:
· transchegaraviy suv resurslari, muzliklar holati va iqlim xavflari bo‘yicha axborot almashishni takomillashtirish;
· iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan qo‘shma investitsiya loyihalarini shakllantirish va xalqaro moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish;
· mintaqaviy hamkorlikning amaliy natijalarini baholash uchun umumiy ko‘rsatkichlardan foydalanish.
Maqolada O‘zbekistonning mintaqaviy iqlim diplomatiyasini rivojlantirishdagi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Samarqand iqlim forumida ilgari surilgan suv, energetika va iqlim o‘zgarishi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarning ahamiyati qayd etilgan.
Muallif fikricha, COP31 Markaziy Osiyo uchun xalqaro iqlim muzokaralarida ishtirok etish bilan cheklanmasdan, aniq mintaqaviy loyihalar, investitsiya dasturlari va o‘zaro manfaatli hamkorlik mexanizmlarini ilgari surish imkoniyatini yaratadi.
Maqola yakunida iqlim diplomatiyasining samaradorligi qabul qilingan deklaratsiyalar soni bilan emas, balki aholi turmush sharoitini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim xavflariga bardoshlilikni oshirish bo‘yicha erishilgan amaliy natijalar bilan baholanishi lozimligi ta’kidlanadi.
Maqolaning to‘liq matni (ingliz tilida): https://www.globalpolicyjournal.com/blog/27/10/2026/cop31-and-central-asia-new-phase-climate-diplomacy