So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash , davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish , fuqarolik jamiyati institutlari , ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish , aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlandi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”, “NNTlar to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Fuqarolik jamiyati institutlari inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish , aholining huquqiy va inson huquqlari borasidagi madaniyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda fuqarolik jamiyatiga eng muhim konstitutsiyaviy - huquqiy kategoriya sifatida qarash lozim . Fuqarolik jamiyati g‘oyasining konstitutsiyaviy darajada tan olinishining o‘zi ko‘p jihatdan ramziy ma’noga ega . Fuqarolik jamiyatining o‘rni tobora ortib borayotganini hisobga olgan holda , davlatning asosiy Qonuniga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiq hisoblanadi . Mutaxassislarning fikricha , fuqarolik jamiyati konsepsiyasining konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlanishi “ fuqarolik jamiyati”ning maqomini yanada oshiradi . Ayni damda “ fuqarolik jamiyati” – konstitutsiyaviy davlatning ajralmas atributi ( uning maqsadi ) hisoblangan ijtimoiy jamiyatning ideal standarti ekanligini ta’kidlash muhim.
Avval xabar berilganidek, Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisida Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib , uning tarkibi va vazifalari belgilangan edi. Mazkur Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga barcha hududlardan deputatlar , senatorlar , jamiyatning turli qatlamlari , fuqarolik jamiyati institutlari vakillari , yetuk huquqshunos va siyosatshunoslar hamda boshqa ekspertlar kiritilganligi ma’lum qilindi.
Aslida Prezidentimiz akademik ta’lim va ekspertlar hamjamiyati oldida konstitutsiyaviy rivojlanishda milliy va xorijiy tajribani o‘rganish vazifasini qo‘yib , deputat va senatorlardan ushbu masalaga e’tibor bilan yondashib , uni o‘rganish va aniq takliflarni ishlab chiqishni so‘ralgan edi.
Shu bois , Barqaror rivojlanish Markazi , Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy , O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda qator boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda qator xalqaro tadbirlar tashkil etildi . Jumladan: “Zamonaviy konstitutsionalizm : milliy va xorijiy tajriba” xalqaro konferensiyada hozirgi davrda turli mamlakatlarda konstitutsionalizmning rivojlanish tendensiyalarini aniqlash va tahlil qilish , bu boradagi ilg‘or milliy va xalqaro tajribani qiyosiy o‘rganish , shuningdek , mamlakatimizning Asosiy qonunini jamiyatdagi real voqelikka , shiddatli demokratik islohotlar mantig‘iga moslashtirish , Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevor yaratish masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashilgan hamda tadbirda har qanday demokratik islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga ega bo‘lsagina bardavom va samarali bo‘lishini alohida ta’kidlangan edi . Zero , jahon tajribasi modernizatsiya jarayonlariga , asosan , quyidagi ikki omil to‘siq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi:
birinchisi, siyosiy , ijtimoiy , iqtisodiy , huquqiy , ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalardagi islohotlarning o‘zaro mutanosibligi ta’minlanmaganligi , bir-biridan ortda qolishi . Bu turli inqirozlarga sabab bo‘lishi mumkin;
ikkinchisi, mavjud konstitutsiyaviy-huquqiy asos , adolatli fuqarolik jamiyatining rivojlanish holati , fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati darajasi demokratik islohotlar shiddatiga tayyor emasligidir.
Shu boisdan Konstitutsiya va qonunlar davr shiddati va talabi , islohotlar va xalq ehtiyojlaridan kelib chiqilgan holda , doimiy ravishda takomillashtirib boriladi . Bugun dunyoda hech bir konstitutsiya ilk qabul qilingan tahririda saqlanib qolmagan . Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida yangi konstitutsiya qabul qilindi. Konstitutsiyaga eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan o‘nta davlatlar sirasiga Meksika , Yangi Zelandiya , Braziliya , Shveysariya , Avstriya , Isroil , Chili , Kolumbiya , Gruziya va Hindiston kabi rivojlangan davlatlar kiradi.
Barqaror rivojlanish markazi , xalqaro bo‘lim boshlig‘i Zahro Jo‘rayeva mazkur anjumanda bildirilgan takliflarni umumlashtirgan xolda ma’lum qilishiga ko‘ra, “Taraqqiyot strategiyasi qonunchilik , huquqiy tafakkur va huquqni qo‘llash tizimini , jamiyatning siyosiy va huquqiy ongini umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yo‘naltiradi . Prezidentning elektorat takliflarini umumlashtirib belgilangan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha Asosiy qonunni takomillashtirish mamlakatdagi islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qilishi e’tirof etilgan bo‘lib , konferensiya ishtirokchilari Taraqqiyot strategiyasida ilgari surilgan maqsadlarning hayotga izchil tatbiq etilishi mamlakatda demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishi borasida alohida to‘xtalib o‘tgan.
Bu , birinchi navbatda, “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor tamoyilni to‘liq amalga oshirish bilan bog‘liqdir . Shu o‘rinda qayd etish lozimki, “inson qadr-qimmati” – fuqarolarning tinch va xavfsiz hayotini , asosiy huquq va erkinliklarini , munosib turmush sharoitini ta’minlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish , mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish , sifatli ta’lim , ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhitni yaratish demakdir”.
Shuningdek, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini amalga oshirish , barqaror rivojlanishning muhim masalalarini hal etishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyatini oshirish , ular faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash sohasidagi milliy va xalqaro tajriba yuzasidan fikr almashish maqsadida joriy yilning 11 may sanasida “Konstitutsiyaviy islohotlar : fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomi” mavzusidagi xalqaro forumi o‘tkazildi. Forumda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar hamda mahalliy soha mutaxassislari tomonidan quyidagi takliflar bildirildi.
Jumladan:
"Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida " tamoyili asosida keyingi yillarda inson huquq va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash , faol va erkin fuqarolik jamiyati shakllantirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan . Xususan:
• mahalla institutining samaradorligini oshirish , uni davlat boshqaruvi va nazoratining asosiy bo‘g‘iniga aylantirish;
• qonun ijodkorligi jarayonlarini modernizatsiya qilish , qonun yaratilishi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv amaliyotini takomillashtirish orqali qonun hujjatlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash;
• xalq bilan ochiq muloqot mexanizmlarini takomillashtirish , jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda muhim qarorlar qabul qilish amaliyotini kengaytirish;
• qonunchilik va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning hozirgi tendensiyalarini hisobga olgan holda , fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining huquqiy asoslarini ishlab chiqish , xususan, “Jamoatchilik palatasi to‘g‘risida”gi qonun, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Kodeksning qabul qilinishi;
• samarali jamoatchilik nazoratining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish , uni amalga oshirishning zamonaviy shakllarini amaliyotga joriy etish , davlatga xos ayrim funksiyalarni bajarish jarayoniga jamoatchilik nazorati subyektlarini keng jalb etish , davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish , shuningdek , aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
• ommaviy axborot vositalarining rolini yanada mustahkamlash va jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish , aholini tashvishga solayotgan muammolarni o‘rganish va islohotlarni amalga oshirish holatini o‘rganishda ular faoliyatidan samarali foydalanish;
• ijtimoiy sheriklik samaradorligini oshirish , nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini subsidiyalar , grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmini ikki baravar oshirish;
• jamiyatda inson huquqlariga doir madaniyatni shakllantirish , qonunga hurmat bilan munosabatda bo‘lish unga rioya qilish , shuningdek , korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini mustahkamlashga yo‘naltirilgan va boshqa shu kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan takliflar bildirildi.
Forumda so‘zga chiqqan ekspertlar tomonidan ochiqlangan ma’lumotlar:
“Bugungi kunda har bir mansabdor shaxsning nojo‘ya xatti-harakati , uning kim bo‘lishidan qat’iy nazar ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilib borilmoqda . Turli teledastur va tok- shoular orqali aholi o‘z muammolarini to‘g‘ridan to‘g‘ri mansabdor shaxslar oldiga qo‘ymoqda.
Natijada , davlat organlari barcha uchun ochiq tuzilmaga aylanishni boshladilar va ularning faoliyati haqiqiy jamoatchilik nazorati ostiga tushdi , desak xato bo‘lmaydi.
Aynan shuning uchun, bugungi kunda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunni qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilmoqda”, - Jahongir Shirinov O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati.
***
“...biz fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining konstitutsiyaviy kafolatlari to‘g‘risida fikr yuritar ekanmiz , birinchi o‘rinda shuni alohida ko‘rsatib o‘tmoqchimizki, O‘zbekistonda Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir”, - Shuxrat Bafayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mita raisi.
***
“Dunyo davlatlarining ko‘pgina konstitutsiyalarida “ fuqarolik jamiyati yoki fuqarolik jamiyati institutlari ” atamasi mavjud emas . Biroq , barcha konstitutsiyalar insonning asosiy huquqlarini kafolatlaydi , masalan , uyushmalar , mitinglar , yig‘ilishlar , so‘z erkinligi va h.k.
Bugun milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda bu yerda bildirilgan fikr va takliflar konstitutsiyaviy islohotlarning xalqaro tajribasini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda . Ular qonun loyihalarini ishlab chiquvchilar uchun mamlakat Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda foydali bo‘lishi mumkin.
Eng muhimi, O‘zbekiston tomoni jamoatchilik bilan ommaviy muhokamalarni , ekspertlar bilan qo‘shimcha uchrashuvlarni davom ettirish va konstitutsiyaviy huquqning yangi Konstitutsiya tarkibiga kiruvchi aniq sohalarini ko‘rib chiqish niyatida”, - Natalya Borjelli , ICNLning Yevroosiyo bo‘yicha vitse- prezidenti
***
“Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari va davlatning o‘zaro hamkorligi haqida so‘z yuritishda o‘zimizning tajribamiz va ilg‘or , shiddatli qadamlar ortidan istiqbol ko‘rinadi , unda ijtimoiy sheriklikda qonunni va uni qo‘llashni doimiy yangilab , takomiliga yetkazish har kuni dolzarb deb o‘ylayman”, - Adham Shodmonov , O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mita raisi.
***
“...ko‘plab mamlakatlarda “ davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik strategiyalari ishlab chiqilgan . Shu bilan birga , ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishning asosiy vositalari quyidagilardir:
• siyosiy hujjatlar ( ijtimoiy shartnomalar ) – hamkorlik asosi;
• hamkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi davlat tuzilmalari;
• nodavlat notijorat tashkilotlarini jamoat , normalarni ishlab chiqish va siyosiy jarayonlarga jalb qilish – jamoat yoki maslahat kengashlari , ishchi guruhlar , elektron maslahat portallari va boshqalarni yaratish;
• nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash , shu jumladan ularning faoliyatini subsidiyalar , ijtimoiy buyurtmalar va grantlar hisobidan moliyalashtirish ”. Shu bilan birga , dunyoda ijtimoiy sheriklikning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash tendensiyasi , shuningdek , O‘zbekistonning bu boradagi noyob tajribasini alohida ta’kidlash kerak”, - Lyuben Panov, ICNL dasturining katta maslahatchisi.