Quyosh va shamol elektr stansiyalari koʻpaygan sari elektrni nafaqat ishlab chiqarish, balki uni zarur paytgacha saqlab turish masalasi ham dolzarblashmoqda. Chunki quyosh va shamoldan olinadigan elektr miqdori doim bir xil emas: baʼzi vaqtlarda ortiqcha ishlab chiqariladi, boshqa paytlarda esa talab ortadi. Shuning uchun ortiqcha elektrni saqlab, kerak boʻlganda yana tarmoqqa uzatish imkonini beradigan yechimlarga ehtiyoj kuchaymoqda.
Shunday usullardan biri — suyuq havoda energiya saqlash, yaʼni LAES (Liquid Air Energy Storage — suyuq havoda energiya saqlash texnologiyasi). Elektr ortiqcha boʻlgan paytda atmosfera havosi siqiladi va taxminan –194…–196°C gacha sovitilib, suyuq holatga keltiriladi. Soʻng u maxsus rezervuarlarda saqlanadi. Elektrga talab oshganda suyuq havo qayta qizdirilib, gaz holatiga oʻtadi. Kengaygan havo turbinani harakatga keltiradi va shu orqali elektr energiyasi hosil qilinadi.
2026-yil 30-oktyabrda Xitoyning Sinxay provinsiyasida 60 MW quvvatga ega va 600 MWh energiya saqlay oladigan LAES stansiyasi elektr tarmogʻiga ulandi. U toʻliq quvvatda qariyb 10 soat elektr etkazib bera oladi. Stansiya 250 MWli quyosh elektr stansiyasi bilan birga ishlaydi: quyoshli paytda ortiqcha elektr havoni suyultirishga sarflanadi, talab oshganda esa saqlangan energiya tarmoqqa qaytariladi.
LAESning asosiy ustunligi — uni qurish uchun toqli hudud, katta suv havzasi yoki yer ostida maxsus boʻshliqlar shart emas. Biroq uning samaradorligi hozircha unchalik yuqori emas. Avtonom LAES tizimlarida sarflangan energiyaning taxminan 50–60 foizini qayta olish mumkin. Qolgan qismi havoni siqish, sovitish va qayta qizdirish jarayonlarida yoʻqotiladi. Shuning uchun LAES akkumulyatorli tizimlarning oʻrnini bosish uchun emas, balki ular bilan birga qoʻllanadigan qoʻshimcha yechim sifatida qiziqish uygʻotmoqda.
Oʻzbekistonda ham energiya saqlash tizimlari jadal koʻpaymoqda. 2025-yilda umumiy quvvati 1 245 MW boʻlgan shunday obyektlar ishga tushirildi. 2030-yilgacha esa ularning umumiy quvvatini 4,5 GWga yetkazish rejalashtirilgan.
LAESni Oʻzbekistonda sinab koʻrish uchun, avvalo, quyosh va shamol energetikasi rivojlangan hamda yirik sanoat korxonalari mavjud Navoiy yoki Buxoro viloyatlarini oʻrganish mumkin. Masalan, Navoiyda qaysi vaqtlarda ortiqcha elektr hosil boʻlishi, sanoat korxonalarida ishlatilmay qolayotgan issiqlik manbalari mavjudligi va LAESni tarmoqqa ulash imkoniyatlari baholanadi.
Shundan keyin uning xarajati, samaradorligi, energiyani qancha vaqt saqlay olishi va xizmat muddati akkumulyatorli BESS (Battery Energy Storage System — akkumulyatorli energiya saqlash tizimi). bilan taqqoslanadi. Agar hisob-kitoblar ijobiy natija bersa, kichik quvvatli tajriba qurilmasini ishga tushirish mumkin. Bu esa LAESning Oʻzbekiston sharoitida amaliy jihatdan qanchalik samarali ekanini aniq koʻrsatib beradi.
Alisher Azizov,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi