2026-yil 11-sentyabr kuni Qozog‘istonning The Astana Times ingliz tilidagi axborot-tahliliy nashrida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayevning “From National SDGs to Regional Delivery: Central Asia’s Next Step” (“Milliy barqaror rivojlanish maqsadlaridan mintaqaviy natijalarga: Markaziy Osiyoning keyingi qadami”) sarlavhali tahliliy maqolasi chop etildi.
Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllangan hamkorlik muhitini aniq amaliy natijalarga yo‘naltirish masalasi tahlil qilingan.
Muallifning ta’kidlashicha, Barqaror rivojlanish maqsadlari mintaqaviy hamkorlik samaradorligini oshirish uchun muhim amaliy maydon bo‘lishi mumkin. Chunki suv resurslaridan foydalanish, energetika, iqlim o‘zgarishi, ekotizimlar, transport yo‘laklari kabi qator masalalar bir davlat chegarasi doirasida hal etilishi mumkin emas.
Maqolada Markaziy Osiyoning besh davlati manfaatlarini inobatga olgan holda umumiy ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, taqqoslanadigan ko‘rsatkichlarni shakllantirish, muntazam mintaqaviy tahlil va monitoringni yo‘lga qo‘yish hamda aniq natija beradigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligiga e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, Qozog‘iston va O‘zbekiston mintaqaning yirik iqtisodiyotlari sifatida bunday jarayonlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim imkoniyatlarga ega ekani, biroq barqaror mintaqaviy hamkorlik barcha besh davlatning teng ishtirokini talab qilishi ta’kidlangan.
Maqolaning asosiy g‘oyasi — Markaziy Osiyoda hamkorlik samaradorligini uchrashuvlar soni bilan emas, balki mamlakatlar birgalikda erishayotgan aniq va o‘lchanadigan natijalar bilan baholash zarurligidir.
The Astana Times — Qozog‘iston va Markaziy Osiyodagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va mintaqaviy jarayonlarni ingliz tilida yoritib boruvchi xalqaro axborot-tahliliy nashr.
Maqola bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:
https://astanatimes.com/2026/09/from-national-sdgs-to-regional-delivery-central-asias-next-step/