2026-yil 24-sentyabr kuni Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi hamda O‘rta Chirchiq tumani hokimligi hamkorligida onlayn jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida va “Barqaror rivojlanish maqsadlari va Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyalari: inson qadri, ijtimoiy adolat va yoshlar imkoniyatlari” mavzusida tashkil etilgan ushbu tadbirda tuman hokimligi va Mahalla uyushmasi vakillari, mahalla raislari hamda “mahalla yettiligi” faollari qatnashdi.
Tadbirning asosiy maqsadi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida aholi, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni muhokama qilish hamda mahalla, ta’lim muassasasi va oila o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Jamoatchilik muhokamasida so‘zga chiqqan Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi rahbari Abdumannop Tulyaganov mamlakatdagi strategik islohotlar inson qadri, ijtimoiy adolat va hududiy taraqqiyot ustuvorliklariga asoslanganini ta’kidladi. Ma’ruzada bog‘cha qamrovini 100 foizga, oliy ta’limni 50 foizga, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini 78 yoshga yetkazish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish kabi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar qayd etildi. Markaz eksperti Shodiyor Azizov esa BMTning 16 ta global maqsadi O‘zbekistonning milliy BRM ko‘rsatkichlari hamda 200 dan ortiq vazifalari bilan integratsiya qilinganini tushuntirib o‘tdi.
Tadbirda tuman aholisining ijtimoiy holati bo‘yicha ham muhim raqamlar keltirildi. Ijtimoiy reestrda turgan 1 265 nafar fuqarodan (aholining 2,7%) 468 nafari “qizil toifa”ga kiritilgan bo‘lib, to‘liq davlat ta’minotiga olingan. Ishlash layoqatiga ega 761 nafar fuqaro “sariq toifa”da, kambag‘allikdan chiqish arafasidagi 36 nafar fuqaro esa “yashil toifa”da qayd etilgan. Bundan tashqari, platforma orqali 1 680 nafar yoshlar ro‘yxatga olinib, tuman hokimi boshchiligidagi Shtab tomonidan ularga kredit ajratish va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Muhokama yakunida mahallalarda BRM ko‘rsatkichlarini doimiy monitoring qilish, “mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish hamda aholiga imtiyozli kreditlar ajratish orqali barqaror ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Barkaror rivojlanish markazi
Toshkent viloyati bo‘linmasi