Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Zamonaviy konstitutsionalizm: milliy va xorijiy tajriba xalqaro konferensiya

16-11-2021 50

    2021 yil 14 dekabr kuni Toshkentda “Zamonaviy konstitutsionalizm: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Mazkur forum Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar, mamlakatning akademik hamjamiyati vakillari, shuningdek, chet ellik olim va ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va chet el diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.

    Anjumandan ko‘zlangan maqsad – hozirgi davrda turli mamlakatlarda konstitutsionalizmning rivojlanish tendensiyalarini aniqlash va tahlil qilish, bu boradagi ilg‘or milliy va xalqaro tajribani qiyosiy o‘rganish, shuningdek, mamlakatimizning Asosiy qonunini jamiyatdagi real voqelikka, shiddatli demokratik islohotlar mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevor yaratish masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashish.

    Konferensiya ishtirokchilari har qanday demokratik islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga ega bo‘lsagina bardavom va samarali bo‘lishini alohida ta’kidladilar. Zero, jahon tajribasi modernizatsiya jarayonlariga, asosan, quyidagi ikki omil to‘siq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi:

    birinchisi, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalardagi islohotlarning o‘zaro mutanosibligi ta’minlanmaganligi, bir-biridan ortda qolishi. Bu turli inqirozlarga sabab bo‘lishi mumkin;

    ikkinchisi, mavjud konstitutsiyaviy-huquqiy asos, adolatli fuqarolik jamiyatining rivojlanish holati, fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati darajasi demokratik islohotlar shiddatiga tayyor emasligidir.

    Shu boisdan Konstitutsiya va qonunlar davr shiddati va talabi, islohotlar va xalq ehtiyojlaridan kelib chiqilgan holda, doimiy ravishda takomillashtirib boriladi. Bugun dunyoda hech bir konstitutsiya ilk qabul qilingan tahririda saqlanib qolmagan. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida yangi konstitutsiya qabul qilindi. Konstitutsiyaga eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan o‘nta davlatlar sirasiga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi.

    Bunda turli mamlakatlardagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar, asosan, tashqi hamda ichki tahdid va xatarlarni inobatga olib, ularga javob berishga qaratilganligi bilan o‘zaro o‘xshashligini ta’kidlash joiz. Zamonaviy konstitutsiyalar bundan yuz yil oldin unchalik ko‘zga tashlanmagan yangidan-yangi – atrof-muhit, gender tengligi, inson, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kelajak avlod huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi masalalarni qamrab olgan. Ularda, shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, shaxsiy raqamli ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, ilmiy-texnologik va innovatsion rivojlanish, to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron demokratiya va xalq qonunchilik tashabbuslari elementlarini joriy etish kabi boshqa zamonaviy masalalar ham o‘rin olgan.

    Anjumanda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham Yangi O‘zbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan o‘zaro bog‘liq va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi tub demokratik siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar amalga oshirilganligi alohida qayd etildi. Harakatlar strategiyasi doirasida Konstitutsiyaning 21 ta moddasiga 9 marotaba 32 ta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

    Shu bilan birga, globallashuv, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi va jadal o‘zgarib borayotgan davr talabi asosida mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash borasida o‘ta dolzarb yangi vazifalar qo‘yilayotgani ta’kidlandi. Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida mamlakatni modernizatsiya qilishning yetti yo‘nalishi bo‘yicha 50 dan ortiq kodekslar, qonunlar, strategiyalar, konsepsiya va dasturlar ko‘zda tutilgan, 100 dan ortiq boshqa tashabbuslar ilgari surilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

    Taraqqiyot strategiyasi qonunchilik, huquqiy tafakkur va huquqni qo‘llash tizimini, jamiyatning siyosiy va huquqiy ongini umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yo‘naltiradi. Prezidentning elektorat takliflarini umumlashtirib belgilangan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha Asosiy qonunni takomillashtirish mamlakatdagi islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qilishi e’tirof etildi.

    Konferensiya ishtirokchilari Taraqqiyot strategiyasida ilgari surilgan maqsadlarning hayotga izchil tatbiq etilishi mamlakatda demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishi borasida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

    Bu, birinchi navbatda, “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor tamoyilni to‘liq amalga oshirish bilan bog‘liqdir. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, “inson qadr-qimmati” – fuqarolarning tinch va xavfsiz hayotini, asosiy huquq va erkinliklarini, munosib turmush sharoitini ta’minlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish, mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhitni yaratish demakdir.

    Taraqqiyot strategiyasida “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” prinsipini hayotga tatbiq etish bo‘yicha konstitutsiyaviy normani mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Jahon tajribasiga ko‘ra, ijtimoiy davlat – bu raqobatli bozor iqtisodiyoti, turli pandemiya va epidemiyalar sharoitida o‘z fuqarolariga ma’lum bir minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat. Bu jamiyat tuzilmasini tashkil etishning muayyan bir shakli bo‘lib, uning maqsadi insonni shaxs sifatida namoyon etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini hamda davlatni takomillashtirishning huquqiy kafolatini ta’minlaydigan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni yuqori darajada rivojlantirishdir.

    Anjumanda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida quyidagi masalalarga ustuvor darajada e’tibor qaratish lozimligi muhokama etildi:

    birinchi, aholi farovonligini ta’minlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va insonning iqtisodiy huquqlarini ta’minlashning eng muhim va zarur sharti sifatida xususiy mulk, jumladan, yer va foydali qazilmalar daxlsizligi va himoyasi tamoyillarini amalga oshirish;

    ikkinchi, sud fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash, xususiy mulkni himoya qilish tarafdori bo‘ladigan, ijro hokimiyati organlarini qonun doirasida faoliyat yuritishga majbur qiladigan, jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan tizimni yaratish;

    uchinchi, xorijiy tajribaga muvofiq, xususiy mulkning asosiy konstitutsiyaviy-huquqiy jihatlarini belgilash. Aksariyat davlatlar konstitutsiyalarida xususiy mulk huquqi insonning konstitutsiyaviy huquqlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

    to‘rtinchi, konstitutsiyada nafaqat xususiy mulkning subyektiv huquqi, balki obyektiv huquq instituti sifatidagi xususiy mulkning eng muhim belgilari, eng avvalo, uning boshqa mulk shakllari bilan munosabati, xususiy mulkning ijtimoiy xususiyatini belgilash va boshqa shu kabi masalalar.

    Anjuman ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, hozirgi vaqtda ko‘pgina rivojlangan davlatlar global iqlim o‘zgarishlarini hisobga olgan holda, o‘z konstitutsiyalariga maxsus ekologik bo‘limlarni kiritmoqdalar. Bu borada Fransiya, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlarining o‘z ekologik xartiyalarini Konstitutsiyaning tarkibiy qismlari sifatida qabul qilish borasidagi tajribalari e’tiborga molikdir.

    Shu bilan birga, ko‘plab davlatlar to‘rtinchi sanoat inqilobiga qadam qo‘yayotgan sharoitda O‘zbekistonning raqobatbardoshligini amalda ta’minlash, shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish maqsadida davlat tomonidan axborot texnologiyalari va “raqamli konstitutsiyaviy institutlari”dan foydalanishni qo‘llab-quvvatlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqish zarur.

    Xalqaro konferensiya ishtirokchilari barcha masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar va tegishli tavsiyalarni ilgari surdilar.

    Matbuot xizmati