Bugun sunʼiy intellekt shunchaki zamonaviy texnologiya emas, balki iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshiradigan, ish jarayonlarini yengillashtiradigan va yangi kasblarga yo‘l ochadigan amaliy vositaga aylanmoqda. Maʼlumotlarni tez tahlil qilish, sarflarni kamaytirish, mahsulot sifatini nazorat qilish hamda bozor talabini oldindan baholash korxona samaradorligiga bevosita taʼsir qilmoqda. Shu bois sunʼiy intellektni alohida sinovlar doirasida qoldirmay, korxonalarning kundalik ish jarayoniga olib kirish masalasi kun tartibiga chiqmoqda.
2026 yil 18 avgust kuni Xivada o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoev «10 ming korxona uchun - sunʼiy intellekt hamkor» dasturi boshlanishini maʼlum qildi. Bu raqam ortida 10 mingta korxonaning texnologik yangilanishi, minglab amaliy vazifa va buyurtmalar turibdi. Korxona maʼlumotlarini tartibga solish, dasturni ish jarayoniga moslashtirish, uskunalarga ulash va xodimlarni o‘qitish dasturchi, tizim muhandisi hamda texnik mutaxassislar mehnatini talab qiladi. Bunday ko‘lam mahalliy ishlab chiquvchilar va yosh mutaxassislar uchun yangi ish maydonini, hududlar uchun esa qo‘shimcha bandlik manbaini shakllantirishi mumkin.
Sunʼiy intellekt korxonalarga kirib kelgan sari mehnatning mazmuni ham o‘zgaradi. Bir xil tartibda bajariladigan vazifalar avtomatlashadi, ishlab chiqarish operatori avtomatlashgan boshqaruv paneli bilan ishlashni, texnolog mahsulot sifatiga oid maʼlumotlarni tahlil qilishni, taʼminot mutaxassisi esa talabni oldindan baholaydigan dasturdan foydalanishni o‘rganadi. Bu o‘zgarish yangi raqamli kasblarni yuzaga keltirish bilan birga, amaldagi kasb egalarining malakasini oshirishga ham turtki beradi. Jarayonning shu jihati Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 8-maqsad - munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish bilan bevosita bog‘liq. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda ish o‘rinlarining soni bilan birga, ularning sifati, mehnat unumdorligi va xodimlarning kasbiy salohiyati ham katta ahamiyatga ega.
Korxona uchun eng sezilarli yengillik - sunʼiy intellektni joriy etish xarajatining yarmi qoplanishidir. Raqamli hukumat markazida birinchi superkompьyuter klasteri ishga tushirilgan bo‘lib, kelgusi yil uning quvvatini uch karra oshirish rejalashtirilgan. Yangi mahsulot uchun sunʼiy intellekt modelini yaratayotgan korxonalar mazkur klasterdan bepul foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Korxonalarning yangi mahsulot yaratish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga doir ilmiy-tadqiqot xarajatlari ham byudjetdan qoplanadi. Tayyor dasturlar barcha tadbirkorlar foydalanishi mumkin bo‘lgan ochiq platformaga joylashtiriladi, dasturning dastlabki bosqichiga esa 100 million dollar ajratiladi. Ochiq platformadagi yechimlarni muayyan korxonaga moslashtirish, uskunalarga ulash va keyingi texnik xizmat mahalliy dasturchilar, tizim muhandislari hamda avtomatlashtirish mutaxassislari uchun muntazam buyurtmalar paydo qilishi mumkin.
Raqamlar bu jarayonning mehnat bozoriga taʼsirini yaqqol ko‘rsatadi. Prezident nutqida qayd etilganidek, zamonaviy boshqaruv va sunʼiy intellekt yondashuvlarini qo‘llagan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin oshgan, 25 foizida tannarx sezilarli kamaygan. Eʼtiborlisi, korxonalarning 40 foizida daromad ko‘payishi ortidan ishchilar oyligi 10 foizdan ziyod oshgan. Yaʼni texnologiyadan olinayotgan samara korxona ko‘rsatkichlaridagina emas, xodimlarning daromadida ham aks etmoqda.
Texnologiya qanchalik ilg‘or bo‘lmasin, uni ishga tushiradigan va natijaga aylantiradigan kuch - malakali kadr. Urganch shahridagi Kasbiy mahorat texnikumi va Kasblar shaharchasi buning aniq misolidir: bu yerda maktab o‘quvchilari iqtidoriga qarab, Germaniya va Xitoy tajribasi asosida talab yuqori bo‘lgan 10 turdagi kasbga yo‘naltirilmoqda. Endi ushbu tajribani barcha hududlarga yoyib, 1 million nafar yoshni zamonaviy kasblar bilan qamrab olish va mamlakatning o‘zida yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadi belgilandi. Shu maʼnoda, dastur qamrab oladigan 10 ming korxona yosh mutaxassislar uchun kasbni amalda o‘rganish maydoniga aylanishi mumkin.
Raqamli yechimning amaliy qiymati u korxona sexida ishlay boshlaganida ko‘rinadi. Prezident nutqida to‘qimachilikda avtomatlashgan boshqaruv tizimlarini joriy etish xarajatining yarmi qoplanayotgani, endi bu tartib elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati korxonalariga ham tatbiq etilishi aytildi. Bunday tizimni ishlab chiqarish jarayoniga ulashda dasturchi bilan birga muhandis, texnolog, uskuna sozlovchi va texnik xizmat mutaxassisi ham ishtirok etadi. Shu tariqa raqamli kasblar doirasi axborot texnologiyalari sohasi bilan cheklanmay, bevosita ishlab chiqarish maydonlariga qadar kengayadi.
Kadrlar tayyorlashda biznesning bevosita ishtirokini kengaytirish uchun ham aniq rag‘batlar taklif etildi. Prezident nutqida Saudiya Аrabistonining ACWA Power kompaniyasi uchta viloyatda texnikumlarni jihozlab, har yili yuzlab yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatayotgani misol qilib keltirildi. Shu uchrashuvda o‘z texnikumini tashkil etgan yoki davlat texnikumini qabul qilib, xalqaro talablarga mos kadr tayyorlagan tadbirkorning xarajatini soliqdan chegirish, bu maqsadda yer sotib olgan bo‘lsa, sarflangan mablag‘ni yer narxidan kamaytirish taklif etildi. Mazkur tartibni belgilaydigan qaror bir oy ichida qabul qilinishi bildirildi. Bunday rag‘bat sunʼiy intellektni joriy etadigan korxonalar uchun zarur mutaxassislarni ish beruvchining bevosita ehtiyoji asosida tayyorlashga xizmat qilishi mumkin.
Mehnat bozoridagi bu yangilanishlar O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi natijalariga ham hissa qo‘shishi mumkin. Barqaror rivojlanish bo‘yicha 2026 yilgi hisobotda mamlakatimiz 72,95 ball bilan 169 davlat orasida 65-o‘rinni egallagan, 8-maqsad - munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish yo‘nalishidagi harakat esa mo‘ʼtadil surʼatda yaxshilanayotgani qayd etilgan. Dasturning bu yo‘nalishga qo‘shgan hissasini malaka oshirgan xodimlar, mehnat unumdorligi va ish haqidagi o‘zgarishlar, shuningdek, hududlarda yaratilgan barqaror ish o‘rinlari orqali baholash mumkin. Аna shu mezonlar raqamli yangilanishning inson hayotidagi amaliy natijasini ko‘rsatadi.
Texnologiya korxonaga kirganida u faqat uskunalarni emas, odamning kundalik mehnatini ham raqamlarda aks ettira boshlaydi. Аyrim sunʼiy intellekt tizimlari xodimning ish surʼati, bajargan vazifalari va mahsulot sifatiga oid ko‘rsatkichlarni tahlil qilishi mumkin. Bu maʼlumotlar ish haqi yoki kasbiy bahoga taʼsir qilar ekan, xodim o‘ziga doir maʼlumotlar bilan tanishish va xato bo‘lsa, uni tuzatish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Sunʼiy intellekt chiqargan xulosani masʼul mutaxassis qayta ko‘rib chiqishi esa bir texnik xato inson mehnatiga berilgan bahoni belgilab qo‘yishining oldini oladi. Shunda raqamli boshqaruv tezkorlik bilan birga adolat va ishonchni ham mustahkamlaydi.
Dastur nomida 10 ming korxona tilga olingan, ammo uning taʼsiri bu raqam bilan cheklanmaydi. Har bir yangilangan sexda yangi yechimni yaratadigan dasturchiga, uni ishga tushiradigan muhandisga va u bilan ishlaydigan malakali xodimga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Sunʼiy intellekt ishlab chiqarishni jadallashtirib, korxona daromadi va xodimlarning mehnat haqida ijobiy o‘zgarish yaratsa, u haqiqatan ham biznesning hamkoriga aylanadi. Dasturning keng istiqboli ham shunda: texnologiya korxonani yangilaydi, malaka xodimning mehnat bozoridagi o‘rnini mustahkamlaydi, iqtisodiyot esa zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar hisobiga yangi surʼat oladi.
Аlisher Аzizov,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi