Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Oziq-ovqat xavfsizligi: hosildan dasturxongacha

16-10-2026 22
    16-oktabr – Jahon oziq-ovqat kuni

    Bu sana har bir insonning yetarli, xavfsiz va toʻyimli oziq-ovqatga ega boʻlishi, qishloq xoʻjaligi barqarorligi hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning ahamiyatini yana bir bor eslatadi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) 2026-yilgi kunning asosiy gʻoyasini “Innovate today. Nourish tomorrow” – “Bugun innovatsiya – ertaga toʻqin dasturxon” shiori bilan ifodalagan.

    Bu gʻoya biz uchun ham amaliy mazmunga ega: zamonaviy bilim va texnologiyalar daladagi hosilni aholi dasturxoniga yetib boradigan sifatli va hamyonbop mahsulotga aylantirishi kerak. Joriy yilning 7–8-oktabr kunlari Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda dengizga chiqishi imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga bagʻishlangan ikkinchi xalqaro forum oʻtkazilgani ham bejiz emas. Mazkur muloqot oziq-ovqat taʼminotini faqat milliy ishlab chiqarish miqyosida emas, balki iqlimga moslashuv, savdo yoʻllari, transport xarajatlari va mintaqaviy hamkorlik bilan uzviy bogʻliq holda koʻrib chiqish zarurligini yana bir bor koʻrsatdi.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni xalqaro anjumanlar ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida iqlim oʻzgarishi, suv taqchilligi, qurgʻoqchilik va logistikadagi uzilishlar oziq-ovqat narxlariga taʼsir koʻrsatayotganiga eʼtiborni qaratdi. Prezident 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ikki barobar, eksport va qoʻshilgan qiymatni esa uch karra oshirish maqsadi belgilanganini taʼkidladi. Shuningdek, Markaziy Osiyodan boshlab dengizga chiqish imkoni boʻlmagan davlatlar va tranzit hamkorlarni birishtiradigan oziq-ovqat hamkorligi dasturini ishlab chiqish, mahsulotni qayta ishlash, sovitkichli saqlash va tashish loyihalariga investitsiyalarni jalb etish tashabbuslari ilgari surildi.

    Forum arafasida, 6-oktabr kuni Prezident FAO bosh direktori Chuy Dunyuyni qabul qildi. Muloqotda Oʻzbekiston va FAO oʻrtasidagi yangi besh yillik hamkorlik dasturi, faol bosqichga oʻtgan 27 ta qoʻshma loyiha, qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish va sunʼiy intellektdan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbariga oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq va suv xoʻjaligini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun FAOning oliy mukofoti – “Agricola” medali topshirildi. Bu Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning xalqaro eʼtirofi boʻlish bilan birga, oldinda turgan vazifalarning dolzarbligini ham namoyon etadi.

    Oʻzbekistonda sabzavotchilik ana shu vazifaning muhim tayanchlaridan biri. Qulay tabiiy sharoit, dehqonchilik anʼanalari, katta ichki bozor va ayrim hududlarda yil davomida bir necha marta hosil olish imkoniyati sohaning ustunliklaridir. Milliy statistika qoʻmitasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda mamlakatimizda 13,7 million tonna sabzavot yetishtirilgan. Bu salohiyat oziq-ovqat taʼminotini yanada mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratadi. Biroq oziq-ovqat xavfsizligi hosil miqdori bilangina oʻlchanmaydi. Mahsulotning yil davomida bozorda mavjudligi, narxi, sifati, uning isteʼmolchiga yoʻqotishlarsiz yetib borishi, shu bilan birga, dehqon va fermerning munosib daromad olishi ham muhim. Shu bois, “koʻp yetishtirish” bilan “barqaror taʼminlash” oʻrtasidagi bogʻliqlikka eʼtiborni kuchaytirish lozim.

    Sifatli oziq-ovqatning boshlanishi – sifatli urugʻ

    Oziq-ovqat taʼminotining ishonchli poydevori dalaning oʻzida qoʻyiladi. Mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos, hosildor, kasallik va qurgʻoqchilikka chidamli navlar mahsulot sifatiga ham, ishlab chiqarish tannarxiga ham taʼsir koʻrsatadi. Mahalliy seleksiya va urugʻchilikni rivojlantirish orqali ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlari kengayadi, tashqi taʼminotga bogʻliqlik kamayadi.

    Urugʻlikni sertifikatlash va uning kelib chiqishini kuzatishda raqamli yechimlardan foydalanish ham muhim. Masalan, “Oʻzagroinspeksiya” maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil birinchi chorakda urugʻlik va koʻchatlar uchun 3 million 750 mingdan ziyod QR-kodli yorliq berilgan, shundan 616 mingdan ziyodi sabzavot va poliz ekinlari urugʻliklariga toʻgʻri kelgan. Bunday vositalar ishonchli taʼminot zanjirini shakllantirishga xizmat qiladi. Endi ularning fermer uchun amaliy natijasi – sifat, hosildorlik va xarajatlarni kamaytirishdagi samarasi – ustuvor ahamiyatga ega.

    Suv va bilim: barqaror hosilning ikki sharti

    Iqlim oʻzgarishi va suv resurslariga talabning ortishi sharoitida oziq-ovqat taʼminotini faqat ekin maydonlarini kengaytirish hisobiga mustahkamlash yetarli emas. Har bir kub metr suvdan oqilona foydalanish, tomchilatib sugʻorish, tuproq namligini aniqlash va ekinni ilmiy asosda oziqlantirish tobora muhimlashmoqda. Biroq texnologiyaning oʻzi yechim emas. Fermer uni toʻgʻri tanlash, oʻrnatish va ishlatishda amaliy maslahatga muhtoj. Shuning uchun ilmiy muassasalar, agroxizmat markazlari va laboratoriyalar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirib, tuproq, suv va oʻsimlik holatiga oid tahlillarni fermer uchun qulay xizmatga aylantirish maqsadga muvofiq. Jahon oziq-ovqat kunining innovatsiya haqidagi daʼvati, avvalo, bilim va yangilikni ishlab chiqaruvchiga yaqinlashtirishni anglatadi.

    Sabzavot va mevalar tez buziladigan mahsulotlardir. Hosilni vaqtida yigʻish, saralash, sovutish, saqlash, qadoqlash va tashish jarayonidagi har bir uzilish oziq-ovqat yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin. Shuning учун mahsulotni yoʻqotishsiz isteʼmolchiga yetkazish masalasi ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan bir qatorda qaralishi zarur.

    2026-yil may oyida eʼlon qilingan rasmiy maʼlumotlarda mamlakatimizda 1,5 million tonna sigʻimli saqlash omborlari va 3,5 million tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatlari mavjudligi qayd etilgan. Iyul oyidagi videoselektor yigʻilishida yil oxirigacha jami 87 ming tonna sigʻimga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi belgilangan. Mavjud va yaratilayotgan quvvatlardan yanada samarali foydalanish bozorni yil davomida mahsulot bilan taʼminlashda muhim omil boʻladi. Masalan, omborlar va qayta ishlash korxonalarining joylashuvi, boʻsh quvvati, mahsulot qabul qilish sharti va xizmat narxlari haqida ochiq elektron maʼlumotlar fermerga hosilni qayerda va qanday saqlashni oldindan rejalashtirish imkonini beradi. Bu mahsulotning isrof boʻlishini kamaytiradi, mavsumiy narx tebranishlarining taʼsirini yumshatishga yordam beradi.

    Dala va bozor oʻrtasida axborot koʻprigi

    Qaysi mahsulotga qachon va qancha talab boʻlishini bilish ishlab chiqaruvchi uchun muhim iqtisodiy omil. Ayrim mavsumlarda koʻpchilik bir xil ekinni tanlasa, yigʻim-terim paytida taklif keskin oshishi, mahsulotning bir qismi arzon bahoda sotilishi mumkin. Shu sababli asosiy sabzavot turlari boʻyicha ekishdan oldin ochiq talab-taklif prognozlarini tayyorlash foydali boʻlar edi. Bunda gap fermerga qanday ekin ekishni belgilab berish haqida emas. Aksincha, uni mavjud bozor maʼlumotlari, qayta ishlash korxonalari ehtiyoji, saqlash imkoniyatlari va ehtimoliy tavakkallar bilan taʼminlash haqida bormoqda. Fermer mustaqil qaror qabul qiladi, ammo bu qaror yanada aniq axborotga tayanadi. Savdo tarmoqlari va qayta ishlovchilar bilan oldindan kelishilgan shartnomalar ham mahsulot sotuvini barqarorlashtirishi mumkin.

    Barqaror rivojlanish maqsadlarining 2-maqsadi ochlikka barham berish, oziq-ovqat xavfsizligi va sifatli ovqatlanishni taʼminlash, barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan. Uning vazifalarida kichik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarning unumdorligi va daromadini oshirish, barqaror ishlab chiqarish amaliyotlarini kengaytirish hamda urugʻliklarning genetik xilma-xilligini saqlash alohida oʻrin tutadi. Shu maʼnoda, soha natijadorligini baholashda hosil hajmi bilan birga fermerning sof daromadi, mahsulot tannarxi, suv sarfi, saqlashdagi yoʻqotishlar va qayta ishlash hisobiga yaratilgan qoʻshimcha qiymatga ham eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Chunki ishlab chiqaruvchining iqtisodiy manfaati mustahkam boʻlmasa, oziq-ovqat bilan uzluksiz taʼminlashni ham uzoq muddatda kafolatlash qiyin. Toshkent forumida bildirilgan xalqaro hamkorlik va investitsiya tashabbuslari ham aynan shu amaliy mezonlar bilan uygʻunlashtirishi mumkin. Bu yoʻnalishda yangi murakkab boshqaruv tizimlarini barpo etish shart emas. Mavjud ilmiy, ishlab chiqarish, logistika va axborot imkoniyatlarini yaxshiroq bogʻlash, agroxizmat sifatini oshirish, sifatli urugʻ va tejamkor texnologiyalarni ommalashtirish, fermerlarni bozor axboroti bilan taʼminlash katta amaliy natija berishi mumkin.

    Jahon oziq-ovqat kunining mazmuni ham aynan shunda: oziq-ovqat xavfsizligi faqat moʻl hosil olish emas, balki uni asrash, arzon va sifatli holda isteʼmolchiga yetkazish, yer va suv resurslarini kelajak avlodlar uchun saqlashdir. Butun dalalarimizga kirib kelayotgan har bir foydali innovatsiya ertangi kunning barqaror taʼminoti, fermerning daromadi va xalqimiz dasturxoni farovonligiga xizmat qilishi kerak. Toshkentdagi xalqaro forum va Prezident tabrigida ilgari surilgan gʻoyalar ham milliy ishlab chiqarish, resurs tejamkorligi, zamonaviy logistika va oʻzaro hamkorlik bir-birini toʻldirgandagina uzoq muddatli oziq-ovqat barqarorligiga erishish mumkinligini koʻrsatadi.

    Jahongir ISAYEV,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT boʻlimi boshligʻi

Manba: “Qishloq hayoti”, 2026-yil 15-oktabr, 44-son