Global iqtisodiy beqarorlik, iqlim oʻzgarishi, demografik bosim va resurslar cheklanganligi sharoitida mamlakatning barqaror rivojlanishi hududlarning mutanosib rivojlanishi, ichki salohiyati va mahalliy resurslardan samarali foydalanilishiga bogʻliq. Oʻzbekistonda hududlarni kompleks rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq hududlarning tabiiy-resurs, demografik, ishlab chiqarish va investitsiya imkoniyatlari oʻzaro farqlanishi sababli ularning ehtiyojlariga mos yondashuvlarni qoʻllash, aholi farovonligini oshirish va mahalliy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.
2026-yilning yanvar–iyun oylarida ham hududlar iqtisodiy koʻlami va oʻsish surʼatlari oʻrtasida sezilarli farq kuzatildi. Jumladan, Toshkent shahri yalpi hududiy mahsuloti 226,0 trln soʻmni tashkil etib, 13,3 foizga oʻsgan boʻlsa, Navoiy viloyatida YaHM 113,9 trln soʻm va oʻsish 6,7 foizni, Toshkent viloyatida esa mos ravishda 103,8 trln soʻm va 8,7 foizni tashkil etdi. Mazkur tafovutlar hududlarni rivojlantirishda ularning oʻziga xos xususiyatlari va ichki imkoniyatlarini hisobga oluvchi mexanizmlarni kengaytirish zarurligini koʻrsatadi.
Fuqarolik tashabbuslari iqtisodiy nuqtai nazardan, eng avvalo, davlat va bozor mexanizmlari toʻliq qamrab ololmaydigan mahalliy ehtiyojlarni aniqlash imkonini beradi.
Hududdagi aholi va jamoat tashkilotlari qaysi mahallada ichimlik suvi, ichki yoʻl, transport, bandlik, tibbiy yoki ijtimoiy xizmat bilan bogʻliq muammo mavjudligini bevosita his qiladi. Demak, ularning qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishi axborot asimmetriyasini kamaytiradi va davlat resurslarini aholining real ehtiyojlariga yaqinlashtiradi.
Ikkinchidan, fuqarolik jamiyati qoʻshimcha resurslarni safarbar etadi. NNTlar davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar bilan bir qatorda biznes, xalqaro tashkilotlar, xayriya mablagʻlari, aholi tashabbuslari va koʻngilli mehnatini mahalliy muammolarni hal etishga yoʻnaltirishi mumkin.
Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari davlat tomonidan amalga oshirilayotgan hududiy dasturlarning natijadorligi ustidan jamoatchilik monitoringini kuchaytirish orqali resurslardan foydalanish samaradorligiga taʼsir koʻrsatadi.
Toʻrtinchidan, fuqarolik tashabbuslari hududda ijtimoiy innovatsiyalar shakllanishiga xizmat qiladi. Aholi bandligi, xotin-qizlar tadbirkorligi, yoshlar bilan ishlash, ekologik muammolarni hal etish, turizm, hunarmandchilik va ijtimoiy xizmatlar sohasida kichik miqyosda sinovdan oʻtgan samarali loyihalar keyinchalik butun tuman, viloyat yoki respublika darajasida kengaytirilishi mumkin.
2026-yilda fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash amaliyotida ham hududiy yoʻnalish kuchayib bormoqda. Xususan, ayrim davlat ijtimoiy buyurtmalarida NNTlar, yoshlar va tashabbuskor fuqarolar uchun zamonaviy infratuzilma yaratish, ijtimoiy loyihalar ishlab chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, 2026-yilda eʼlon qilingan xalqaro qoʻshma grant tanlovida ham “Hududiy rivojlanish va ijtimoiy farovonlik tashabbuslari” alohida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan.
Bu fuqarolik jamiyati institutlarining vazifasi anʼanaviy ijtimoiy himoya doirasidan chiqib, hududlarni rivojlantirish jarayonlariga tobora yaqinlashayotganini koʻrsatadi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining hududiy rivojlanishga qoʻshayotgan hissasini oshirish nuqtai nazaridan ayrim mexanizmlarni takomillashtirib borish maqsadga muvofiq.
Birinchidan, NNTlar va boshqa jamoat tashkilotlarini hududiy dasturlarni nafaqat amalga oshirish, balki ularni ishlab chiqish, ustuvor yoʻnalishlarni belgilash va mahalliy ehtiyojlarni baholash bosqichlariga ham kengroq jalb etish maqsadga muvofiq. Bu joylarda toʻplangan amaliy tajriba, aholi ehtiyojlari haqidagi bevosita maʼlumotlar va mahalliy tashabbuslarni strategik rejalashtirish jarayonida toʻliqroq hisobga olish imkonini beradi.
Ikkinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining hududlar kesimidagi tashkiliy, moliyaviy va kadrlar salohiyatini mutanosib rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish zarur. Ayniqsa, tuman va чекка hududlarda faoliyat yuritayotgan NNTlar uchun loyiha boshqaruvi, grant mablagʻlarini jalb qilish, ijtimoiy tadbirkorlik, raqamli texnologiyalar va natijadorlikni baholash boʻyicha amaliy koʻnikmalarni oshirish ularning mahalliy rivojlanish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kuchaytirishi mumkin.
Uchinchidan, ijtimoiy loyihalar samaradorligini baholash tizimini bosqichma-bosqich natijaga yoʻnaltirilgan yondashuv bilan boyitish muhim. Amalda loyihalarni baholashda sarflangan mablagʻlar, oʻtkazilgan tadbirlar va ishtirokchilar soni kabi koʻrsatkichlar muhim ahamiyatga ega. Biroq barqaror rivojlanish nuqtai nazaridan ular bilan bir qatorda loyihaning hudud hayotiga koʻrsatgan aniq ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirini ham hisobga olish maqsadga muvofiq.
Bunda asosiy eʼtibor quyidagi savolga qaratilishi mumkin:
“Amalga oshirilgan loyiha hududda qanday ijobiy ijtimoiy-iqtisodiy natija yaratdi?”
Masalan, loyiha natijasida yangi doimiy ish oʻrinlari yaratildimi, oilalar daromadlari oshdimi, aholining ichimlik suvi, taʼlim, tibbiy yoki boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaxshilandimi, ekologik holatda ijobiy oʻzgarish kuzatildimi ana shu kabi natijaviy mezonlar loyihalarning haqiqiy samarasini toʻliqroq baholash imkonini beradi.
Davlat hududiy rivojlanishning strategik ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, qulay huquqiy va institutsional muhit yaratish, infratuzilmani rivojlantirish hamda ishtirokchilar oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish vazifasini bajaradi.
Biznes subyektlari investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda mahalliy iqtisodiy faollikni oshirish orqali hududning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishga hissa qoʻshadi.
Fuqarolik jamiyati institutlari aholi va mahalliy hamjamiyatlarning ehtiyoj hamda tashabbuslarini ifodalash, ularni hududiy rivojlanish jarayonlariga jalb etish, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ilgari surish va amalga oshirish, shuningdek, jamoatchilik ishtirokini taʼminlash orqali davlat va aholi oʻrtasidagi samarali muloqotni mustahkamlaydi.
Ilm-fan va taʼlim muassasalari esa hududlarning iqtisodiy salohiyati va rivojlanish imkoniyatlarini ilmiy jihatdan baholash, istiqbolli oʻsish nuqtalarini aniqlash, innovatsion yechimlarni taklif etish, amalga oshirilayotgan loyihalar natijadorligini tahlil qilish hamda ilmiy asoslangan prognoz va tavsiyalarni ishlab chiqish orqali mazkur hamkorlikning tahliliy asosini mustahkamlaydi.
Shu nuqtai nazardan, amaldagi hududiy rivojlanish mexanizmlarini “ehtiyojni aniqlash – tashabbusni shakllantirish – hamkorlikni yoʻlga qoʻyish – resurslarni safarbar etish – loyihani amalga oshirish – natijani baholash – samarali tajribani ommalashtirish” tamoyili bilan yanada boyitish maqsadga muvofiq.
Fuqarolik jamiyatining hududiy rivojlanishga qoʻshayotgan hissasini obyektiv baholash uchun “Hududiy fuqarolik ishtiroki indeksi” (HFII)ni ishlab chiqish taklif etiladi.
Indeksni quyidagi beshta yoʻnalish boʻyicha shakllantirish mumkin:
Institutsional faollik (20 foiz) – hududda faoliyat koʻrsatayotgan NNT va boshqa jamoat institutlarining aholi soniga nisbati, ularning hududiy qamrovi.
Ijtimoiy sheriklik (20 foiz) – davlat organlari va NNTlar hamkorligida amalga oshirilgan loyihalar, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar.
Fuqarolik tashabbuslari (20 foiz) – aholi va jamoat tashkilotlari tashabbusi bilan ilgari surilgan hamda amalga oshirilgan mahalliy loyihalar.
Jamoatchilik nazorati va ochiqlik (20 foiz) – hududiy dasturlar, budjet mablagʻlari va ijtimoiy loyihalar ustidan jamoatchilik monitoringi.
Ijtimoiy-iqtisodiy natija (20 foiz) – fuqarolik tashabbuslari natijasida bandlik, aholi daromadi, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, ekologik holat va hayot sifatida kuzatilgan oʻzgarishlar.
Shunda umumiy indeks quyidagicha hisoblanishi mumkin:
HFII = 0,2IF + 0,2ISh + 0,2FT + 0,2ZhN + 0,2IN.
Indeksning maqsadi hududlarni mexanik tarzda qaysi hududda fuqarolik ishtiroki mexanizmlari yaxshi ishlayotgani, qayerda esa institutsional qoʻllab-quvvatlash zarurligini aniqlashdan iborat.
Hududlarning barqaror rivojlanishida tabiiy resurslar, investitsiyalar, ishlab chiqarish va infratuzilma bilan bir qatorda ijtimoiy kapital, fuqarolik faolligi va mahalliy tashabbuslar ham muhim ahamiyatga ega. Fuqarolik jamiyati institutlarining aholiga yaqinligi mahalliy ehtiyojlarni aniqlash, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va qoʻshimcha resurslarni safarbar etish orqali hududiy dasturlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Hududiy siyosat samaradorligini oshirish uchun “davlat – biznes – fuqarolik jamiyati – ilm-fan” hamkorligini rivojlantirish, fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy natijalarini baholash mexanizmlarini takomillashtirish zarur.
Xalbekov Avazbek Mexmonovich
Mustaqil izlanuvchi,
“Barqaror rivojlanish markazi” boʻlim boshligʻi